Ulmambet Xo‘janazarov 1938 yili tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. 1960 yilda Qoraqalpog‘iston Davlat pedagogika institutini tugatgan.
“Ko‘ngil tuyg‘ulari”, “Yillarim mening”, “Oddiy qishloq hangomasi”, “Ko‘ngil qushim” va boshqa ko‘plab she’riy to‘plamlari, “Dilkash suhbatlar” dostoni nashr etilgan. Lermontovning “Demon”, Mustay Karimning “Turnalar qaytganda” dostonlarini qoraqalpoq tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.
Umrim bayoni
Qaray-qaray dunyoning
Qizig‘iga to‘ymadim.
Yaxshi qo‘shiq yozganlar
Ko‘p emas deb o‘yladim.
Odamzodni ardoqlab,
Oyga, kunga teng etdim.
Bu tenglashlar boshqada
Topilmaydi deb edim.
Tabiatga hayron bo‘p,
Tabiatga qiziqdim.
Yulduzlarga qaradim
Gardishidan uzukning.
Yulduzlarning tiliga
Tushunmadim, qiynaldim.
Erta pishgan ekindek
Yoz boshida yig‘naldim.
Bu sirimni o‘zgadan
Sir saqladim, yashirdim.
Hikmati ko‘p kitobning
Betlariga bosh urdim.
Yaxshi dedi: – “Yaxshi-ku,
Tezroq beri kel”, – dedi.
Durust kengash bermay u:
“– O‘zing uchun o‘l”, – dedi.
Arg‘umoqdek irg‘ishlab,
Baland-baland qir oshdim.
O‘zim bilan o‘ylashib,
O‘zga bilan sinashdim.
Qarab tursam, o‘zgadan
Aslo, naf yo‘q, foyda yo‘q.
O‘z nafiga adashgan
Menday odam qayda, yo‘q?!
Bir manzilga kelganda,
Allanega to‘qindim.
O‘z-o‘zimni pir bilib,
O‘z-o‘zimga sig‘indim.
Tinglamadim aytganin
Bir o‘zimdan boshqaning.
Shu fe’l bilan, do‘stlarim,
Manman bo‘la boshladim.
...Galma-gal ko‘p, g‘avg‘o ko‘p,
Qiyolmayman hech birin.
Kun, uzun kun yo‘l yurib,
Uxlolmayman kechqurun...
Talpinaman, so‘ng, yana
Uchadigan kaptarday.
Ko‘z o‘ngimda bu dunyo
Ochiq yotgan daftarday.
Qulun chopib boryapti
Qulun chopib boryapti,
Hilpiraydi quyruq yol.
Qulun chopib boryapti,
Hansirab qolar shamol.
Qulun chopib boryapti,
Qir-to‘qay, dala-tuzlik.
Qulun chopib boryapti,
Kenglikka uyqash tezlik.
Oq yo‘l bergin, keng dunyo,
Chopayotgan qulunga.
Choh qazmagin, qurma g‘ov,
Qoqilmasin yo‘linda.
Boshin cho‘zib osmonga,
Qulun yugursin ozod.
Egar, yugan, arqonga
Duch kelmasin umrbod.
Bugun qo‘shiq yozajakman
Bugun qo‘shiq yozajakman,
Ajoyib, xushovoz bo‘lgay.
Quvvat bitib qanotiga,
Osmonlarga parvoz qilgay.
Bul qo‘shig‘im Humo kabi
Davlatli va baxtli bo‘lgay.
Ozod uchar, emin-erkin,
Saodatli, taxtli bo‘lgay.
Tog‘ning baland cho‘qqisiga
Barcha birday oshiq bo‘lgay.
Irmoq kabi chuldur-chuldur,
So‘qmoq kabi qo‘shiq bo‘lgay.
Armoni ko‘p odamzodning
Ko‘ngli bo‘lgay, dili bo‘lgay.
Tilsimi ko‘p tabiatning
So‘ylab turgan tili bo‘lgay.
Jizillagan jazirada
Yolg‘iz o‘sgan terak bo‘lgay.
Charchab kelgan yo‘lovchining
Muhtojiga kerak bo‘lgay.
Fazogirdek koinotda
Yulduzlarga sirdosh bo‘lgay.
Nozik ta’bli, ziyrak, oqil,
Ulug‘likka tirkash bo‘lgay.
Tong-saharni qanotida
Olib uchgan lochin bo‘lgay.
Moshinliga – aeroplan,
Piyodaga – moshin bo‘lgay.
Oltin qushim, olmos qushim
El-yurtimga qo‘ldosh bo‘lgay.
Mangulikka oshiq bo‘lib,
Yaxshilikka yo‘ldosh bo‘lgay.
Kim bo‘lsa ham, bul qo‘shig‘im
Inson g‘amin o‘ylayverar.
Katta bilan katta bo‘lib,
Bola bilan o‘ynayverar.
Kim bo‘lsa ham, bul qo‘shig‘im
Tanho mening o‘zim bo‘lgay.
Yurtim uchun Yaratgandan
Tilab olgan so‘zim bo‘lgay.
BUGUN QO‘SHIQ YOZAJAKMAN
Bugun qo‘shiq yozajakman,
Bir ajoyib qo‘shiq bo‘lgay.
Quvvat bitib qanotiga,
Parvoz etish nasib bo‘lgay.
Bul qo‘shig‘im Xumo kabi
Davlatli va baxtli bo‘lgay.
Ozod uchar, emin-erkin,
Sadoqatli, ahdli bo‘lgay.
Tog‘ning baland cho‘qqisiga
Barcha birdek oshiq bo‘lgay.
Irmoq kabi chuldur-chuldur,
So‘qmoq kabi qo‘shiq bo‘lgay.
Armoni ko‘p odamzotning
Oyi bo‘lgay, Kuni bo‘lgay.
Tilsimi ko‘p tabiatning
Sayrab turgan tili bo‘lgay.
Jizillagan jazirada
Yolg‘iz o‘sgan terak bo‘lgay.
Charchab kelgan yo‘lovchining
Muhtojiga kerak bo‘lgay.
Fazogirday koinotda
Yulduzlarga sirdosh bo‘lgay.
Nozik ta’bli, ziyrak bo‘lgay,
Ulug‘likka tirkash bo‘lgay.
Tong-saharni qanotida
Olib uchgan lochin bo‘lgay.
Moshinliga — aeroplan,
Piyodaga — moshin bo‘lgay.
Oltin qushim, olmos qushim,
El-yurtimga qo‘ldosh bo‘lgay.
Mangulikka oshiq bo‘lib,
Yaxshilikka yo‘ldosh bo‘lgay.
Kim bo‘lsa ham bul qo‘shig‘im,
Inson g‘amin o‘ylayverar.
Katta bilan katta bo‘lib,
Bola bilan o‘ynayverar.
Kim bo‘lsa ham bul qo‘shig‘im
Tanho mening o‘zim bo‘lgay.
Yurtim uchun ilohimdan
Tilab olgan so‘zim bo‘lgay.
VATAN
Qoraqalpoq otli mening Vatanim,
Dunyoda muqaddas g‘urur, orim ul.
Ota-bobom yotgan aziz tuprog‘im,
Qayga ketsam, qaytib kelar yerim ul.
Yurtning loyqa suvi, tuzli havosi,
Armonli ko‘nglimning yolg‘iz davosi,
Pirim Xo‘ja Ahmad xolis duosi,
Jonimning ichinda jonim — zarim ul.
Vatan ta’riflanmas tilning uchinda,
Uning tengi yo‘qdir butun ochunda,
Do‘sti yoronim bor teng-to‘sh ichinda,
Ernazar, Elmurod, Abdukarim ul.
Bo‘lakcha siylagan taqdir insonni —
Tanlab bo‘lmas ota-ona, Vatanni,
Vatanni sevmasang baxsh aylab jonni,
Tirik turib o‘lgan o‘lim — sho‘rim ul.
Umrim bo‘yi erta kunmi, kech kunmi
Men Vatanni almashmayman hech kimga,
Ikki daryo oqar xalqim ko‘ksinda,
Ibroyim, Abdulla kabi she’rim ul.
Ey, keksa-yosh vatandoshim, tengdoshim,
Tutaman deb dunyoning tamal toshin,
Vatangado bo‘lma, to‘kib ko‘z yoshing,
Xoru sarson, yurt ko‘rmagan ko‘rim ul.
Qo‘l tegmagan qo‘riq yerim, zahiram,
Zuvalamiz ko‘p iylam yo oz iylam,
Omon bo‘lsin Vatan otlig‘ xazinam,
Yolg‘iz uyim — ostonam ham to‘rim ul.
TUG‘ILGAN YER QADRLI
Bo‘lsa ham bir qarichday,
Tug‘ilgan yer qadrli.
Qatoringdan qolishmay,
Yugurgan yer qadrli.
Olis yerda adashsang,
Yo‘lboshlaring qadrli.
O‘pkalashib, yarashgan
Yo‘ldoshlaring qadrli.
Tug‘ishgandan tungilsang,
Tug‘ olishing qadrli —
Qayg‘usiga qayishsang,
Quvonishing qadrli.
Uya bosgan makoning
Uchganingda qadrli.
Tuhmat qilgan do‘stingdan
Dushmaning-da qadrli.
Qo‘naman deb qayrilsang,
Ko‘ling bo‘lar qadrli.
Or-nomusdan ayrilsang,
O‘lim bo‘lar qadrli.
MENING IKKI DO‘STIM BOR...
Mening ikki do‘stim bor,
Birinchisi — Gumondor,
Ikkinchisi — Tavakkal.
Gumondor do‘st mug‘ombir,
Ko‘p sirlashavermaydi.
Tavakkal do‘stim soddadil,
Aytganimga ko‘nmaydi.
Ikkinchi do‘stim yer yurak,
“Keyinimdan yur!” deydi.
Birinchi do‘stim bosh chayqab,
“Oxirin anglab ko‘r” deydi.
Sog‘ boshimni do‘stlarim
Har baloga soladi.
Izmiga yursam boshqaning,
Do‘stlarning ko‘ngli qoladi.
Tavakkalga yuraman,
Ikki-uch davon o‘tgancha.
Izimni aniq ko‘raman,
Gumondor do‘stim yetguncha...
Mening ikki do‘stim bor:
Birinchisi — Gumondor,
Ikkinchisi — Tavakkal.
Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi.