Mutrib Xonaxarobiy (taxallusi; asl ismi Muhammad Hasan Hoji Tabib o‘g‘li), (1865-Xiva-1925) - shoir. Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasiyaa tahsil olgan. Maqomchi-bastakor sifatida ham mashhur bo‘lgan (Mutrib—sozanda, taxallusi shundan).
Mutrib Xonaxarobiyning serqirra iqtidorini yuqori baholagan Feruz uni saroyga jalb etib, devonbegilik vazifasiga tayinlagan. Bu yillarda Mutrib Xonaxarobiy yozgan g‘azal va muxammaslar ko‘plab bayoz-majmualardan o‘rin olgan, jumladan, Tabibiy tuzgan ikkala tazkirada shoir asarlaridan ko‘plab namunalar uchraydi.
Mutrib Xonaxarobiy 20-asrning 20-yillarida saroy tugatilgach, Xorazmda paydo bo‘lgan mahalliy matbuotda faol ishtirok etadi, «Xorazm xabarlari», «Inqilob quyoshi» gazetalarida adabiy xodim lavozimida xizmat qiladi. Ilk she’rlarini 1890 yilda yoza boshlagan. Uning bayoz, devon va majmualar orqali 14 ming misraga yaqin g‘azal, muxammas, musaddas, qasidalardan iborat adabiy merosi yetib kelgan.
Mutrib Xonaxarobiy qoldirgan ijodiy meros asosini ishq-muhabbat mavzuida bitilgan g‘azal, murabba, masnaviy, muxammas, musaddas va ruboiylar tashkil etadi. Uning xon va shoir Feruz sha’niga bag‘ishlangan qasidalari ham mavjud. Mutrib Xonaxarobiyning ilmma’rifatga da’vat, hurriyat mavzularida yozilgan she’rlari mahalliy matbuot sahifalarida, shuningdek, Xivada 1924 yilda nashr etilgan «Yug‘urmiya» to‘plamida chop etilgan. Bu turkum she’rlarida («Ko‘rung emdi xaloyiqqa...», «Bilinglar, ey xaloyiq», «Ko‘ngluma bir turfa so‘z keldi ravon» va b.) targ‘ibiy-tashviqiy ruh, xitob, da’vat ohanglari hukmronlik qiladi.
Mutrib Xonaxarobiy merosining asosiy qismi 1909 yilda Muhammad Sharif ibn Muhammad Yoqub — Harrot tartib bergan devon (300 sahifa)da jamlangan. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida 2 kichik devoni (inv. №903, 906) saqlanadi. Laffasiyning Feruz davridagi xorazmlik ijodkorlarga bag‘ishlangan tazkirasida Mutrib Xonaxarobiyning «Shoh Komron» she’riy asari borligi haqida ma’lumot berilgan.
Abdurashid Abdug‘afurov