Rog‘ib (taxallusi; asli ism-sharifi Muhammad Rahim Shokir o‘g‘li) (1865 — Xorazm viloyati Urganch tumani Qorovul qishlog‘i — 1935) — shoir. Navoiy, Hofiz, Munis, Ogahiy, Komil kabi shoirlar ijodini o‘rgangan, g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan.
She’riyatdagi iste’dodini ko‘rgan Feruz uni saroyga taklif qilgan. U yerda Bayoniy, Avaz, Chokar va boshqa shoirlar bilan tanishgan, ijodiy muloqotda bo‘lgan. Saroydagi mushoiralarda katnashgan. Feruzning amri bilan she’rlarini to‘plab devon tuzgan, «Devoni Rog‘ib» nomida nashr etilgan. Feruz vafot etgach (1910), saroydan o‘z qishlog‘iga qaytib, dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Xorazm inqilobidan so‘ng maorif muassasalarida ishlagan.
Rog‘ib lirik va hajviy she’rlar yozgan. Lirikasida ishq-muhabbat, do‘stlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib kilgan, ona Vatan tabiati go‘zalliklarini madh etgan («Tanbur», «Bog‘», «Xivaq», «O‘lsun» va b.). O‘zi tuzgan devoni (1899, 1221 g‘azal, 33 muxammas, 6 tarje’band, 36 ruboiy, 12 qita va bir necha masnaviy, mustazoddan iborat) hamda turli bayozlarga kirgan she’rlari yetib kelgan. Devonning qo‘lyozma nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida (inv.№6681) va Xiva tarix muzeyi (inv. №2038)da saqlanadi.