Atlantida haqida Milliy entsiklopediyamizning birinchi jildida shunday yozilgan: “Platon asarlarida saqlangan yunon rivoyatlariga ko‘ra, Atlantika okeanida, taxminan Gibraltar bo‘g‘ozining g‘arbida mavjud bo‘lgan ulkan orol. Yeri serhosil, aholisi zich joylashgan. Zilzila natijasida okean qa’riga cho‘kib ketgan. Atlantidaning mavjud bo‘lganligi va halokatga uchrashi sabablari fanda hanuzgacha muammo bo‘lib qolmoqda”.
So‘nggi yillarda ro‘y berayotgan Yer geofizikasi bilan bog‘liq talofotlar olimlarni yana bir bor afsonaviy Atlantida muammosi ustida bosh qotirishga undamoqda. Xususan, ayrim bashoratchilar fikriga ko‘ra, Yaponiyaning “Fukusuma” atom elektr stantsiyasida ro‘y bergan portlash hali oldinda yuz berajak fojialar oldida hech gap bo‘lmay qolarkan. Yer qobig‘i(erning ustki qattiq qatlami)ning surilishi oqibatida yapon orollari butunlay suv ostida qolib, Bermud uchburchagi hududida, deb taxmin qilingan — bir paytlar suv qa’riga cho‘kkan sirli Atlantida yuzaga ko‘tarilarmish.
Atlantida muammolarini o‘rganish jamiyati prezidenti A.Voroninning “AiF” muxbiriga ma’lum qilishicha, garchi fan rasman bundan ikki yarim ming yil muqaddam Platon tomonidan eslab o‘tilgan Atlantida jumboqlarini go‘zal rivoyat, deb hisoblasa-da, Atlantida amalda planetar ko‘lamdagi real tamaddun sifatida mavjud bo‘lgan.
Oysimonlar
Atlantidani faqat Platon emas, boshqa tarixchilar ham Atlantika ummonidagi orollar mamlakati sifatida tilga olishgan. Xususan, eramizdan avvalgi IV asrda yashagan tarixchi Feopomp Atlantidani devqomat odamlar yashagan ulkan qit’a, deb ataydi. Geograf Martsell Atlantidani tangrilarga berilgan o‘nta orol sifatida ko‘rsatib o‘tadi. Olmon olimi A.Kirxer esa XVII asrdayoq Atlantidaning ilk jo‘g‘rofiy xaritasini tuzgan.
Hozir ham Atlantidani: o‘ziga xos tamaddunini yoyuvchi bir nechta markazga ega bitta jo‘g‘rofiy nuqta yoki Yerdagi ongli hayot taraqqiyotining muayyan bir bosqichi sifatida qarovchilar bor. Bu borada bahs-munozara ko‘p. Hozir Amerika, Antarktida va Arktikadan, Yevropa va Afrikaning shimoli-g‘arbidagi mamlakatlardan, Kuba yaqinidagi Bermud uchburchagi, Bagam, Azor va Kanar orollaridan, Sitsiliya, Malta, Kipr va Kritdan Atlantida izlari axtarilmoqda. Ko‘pchilik tadqiqotchilar atlantlar podsholigini bitta emas, bir qancha orollardan iborat ulkan hudud, deb hisoblaydilar. Afrika va Yevroosiyodagi turli xalqlarning madaniyat va urf-odatlarida juda ko‘plab mushtarak jihatlar uchraydi. Masalan, qadimgi mayya qabilalari va misrliklar yozuvidagi o‘xshashliklar shular jumlasidandir.
Janubiy Amerikada topilgan bitiklar va suratlar ham ko‘p hollarda qadimgi Misr, Shumer, Finikiya, qadimgi yunon va Krit orollarida topilgan shunday bitiklar va suratlarni yodga soladi. Barcha mashhur tamaddunlarning afsona va asotirlarida ular madaniyatining ummon tubidan yoxud olis ufqda joylashgan qaysidir yerdan chiqqan asoschilari mavjudligi tilga olinadi. Bu odamlarning, ya’ni o‘sha ummon tubidan yo olis ufqdagi hududlardan kelgan murabbiylarning vatani falokatga uchragani ham aytiladi. Yangi Zelandiyaliklarning bu boradagi asotirlari alohida e’tiborga molik. Ularda “pakaxakexa“, deb ataluvchi “tangrilar qavmi” haqidagi naqllar saqlab qolingan. Bu odamlar dengizda yashagan va oq tanli bo‘lishgan. Maori tilida “pakaxakexa” — oyga o‘xshash va oy rangiga o‘xshash teri ma’nolarini anglatadi. Ular yashayotgan orollardan birida esa, terrasalardan iborat zinapoyasimon ehrom (piramida) saqlanib qolgan. Holbuki, 700 yil muqaddam Yangi Zelandiyaga kelib joylashgan maori qavmi bunday inshootni hech qachon qurmagan.
Suv tubidagi tosh yo‘l
So‘nggi paytlarda dunyoning turli hududlarida, xususan, Kuba sohillari, Angliya, Ispaniya, Marokko, Hindiston, Yaponiyada dengiz tubidan yoshi 8-10 ming yillik sun’iy toshdan qurilgan inshootlar topilmoqda. 2001 yilning may oyida P.Zelitsskaya rahbarligidagi ekspeditsiya Kubaning g‘arbiy sohillaridagi Guanaxasibibes bo‘g‘ozida yoshi taxminan olti ming yilga teng bo‘lgan suvosti shahri qoldiqlarini topdi. 2003 yilning martida amerikalik er-xotin tadqiqotchi Littllar Bagam orollaridan biri — Androsdan besh yuz metr masofada suv ostida uch pog‘onali ulkan tosh platformani topganini e’lon qilishdi. Bu inshootning dengiz tubidan balandligi 4,5 metr, eni 45 va uzunligi 450 metrga cho‘zilgan ekan. U to‘g‘ri burchakli katta-katta tosh bloklardan tiklangan bo‘lib, bandargohlardagi qadimgi to‘lqin qaytargichlar shaklida. Inshootning shimol tomonida esa dengiz tubida bir-biriga nihoyatda orastalik bilan tutashtirilgan chorqirra tosh (bruschatkasimon) yotqizilgan yo‘lkalar topilgan. Aynan Bagam orollarida Platon tomonidan tavsiflangan Atlantida poytaxtining me’moriy qiyofasini eslatuvchi uchta kontsentrik (bitta umumiy markazga ega qo‘rg‘onlar) hudud ham topilgan.
O‘n yil avval Amerika nashrlarida suv tubidagi neft konlarini qidiruvchi geologlar Azor orollaridan 250 mil masofada bir kilometr suv ostida ustun-kolonnalardan iborat yarim vayrona qasrni topishgani haqida xabar bosilgandi.
Albatta, sobiq ittifoq tomonidan 1970-1980 yillarda Amper va Jozefin rahbarligida Atlantika ummonidagi suvosti tog‘larini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan keng ko‘lamli tadqiqot natijalarini ham eslash o‘rinli. O‘shanda qandaydir tosh inshootlarning qo‘l bilan tiklangan devorlari, zinapoyalari, tosh taxlab ishlangan qubbasimon shakllarning yuzlab fototasvirlari olingan edi. Yer osti tog‘i cho‘qqisidan olingan bazalt namunasi tekshirilganda bunday qatlamning o‘n ikki ming yil burun, shunda ham faqat quruqlikda hosil bo‘lishi isbotlangan. Boshqacha aytganda, 12 ming yil burun Azor orollaridan to Gibraltargacha toshdan barpo qilingan bino va imoratlardan iborat qandaydir cho‘zinchoq arxepelag bo‘lgan.
Ezoterika fani atlantlar madaniyatini haqiqatan ham planetar miqyosdagi, umumjahon ko‘lamidagi madaniyat bo‘lgan, deb hisoblaydi. Bu tamaddunning izlari esa necha-necha ming yillar osha salobat to‘kib turgan boqiy inshootlar — o‘lmas ehromlarda muhrlanib qolgan. Hozirgi paytda Misr va Meksikadagi mashhur ehromlarga o‘xshash piramidalar, Antarktidadan boshqa, dunyoning barcha qit’alarida topilgan. Atlantika ummoni ostida — Bermud uchburchagi hududida ham noma’lum jismlardan tiklangan sirli piramidalar saqlanib qolgan. Misrdagi ehromlar esa, “Uchinchi ming yillik” fondi uyushtirgan ekspeditsiya natijalarining ko‘rsatishicha, yanada ko‘hna inshootlar vayronasi ustida qad ko‘targan ekan. Boshqacha aytganda, misrliklar qandaydir o‘zgacha tamaddundan meros qolgan inshootlar ustida mazkur ehromlarni tiklaganlar.
Anig‘i shuki, Atlantlar tamadduni halokati birdaniga emas, bosqichma-bosqich ro‘y bergan. Asteroidlarning tushishi ham, zilzilalar ham bunga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Natijada Yer qobig‘ining bitta litosfera qatlami boshqa qatlamlar orasiga kirib yo ustiga chiqib, qanchadan-qancha orol va arxipelag(bir-biriga yaqin orollar)larni suv ostida qoldirgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bunday kataklizmlar atlantlarning planetar darajadagi umumiy tarmog‘ini, shu bilan birga, yagona hukmronligini ham izdan chiqargan. Keyingi avlodlar esa qachondir yaxlit holdagi atlantlar qavmining bir-biridan ajrab qolishi va halokatga yuz tutishi bois bu tamaddunning yagona boshqaruvini tiklay olishmagan.
* * *
Ernst Muldashevning Tibet tog‘laridagi Kaylas majmuasi piramidalariga uyushtirgan ekspeditsiyasi chog‘ida ham qandaydir shakllar va odam qiyofalari tasvirga olingandi. Tadqiqotchilar ilgari surgan gipotezaga asosan, ular aynan atlantlarga — sayyoramiz odamlarining to‘rtinchi avlodi (irqi)ga mansub ekan (Hozir Yer kurrasida yashayotganlar beshinchi avlod (irq ma’nosida) hisoblanadi). Ularning uchinchi ko‘zi bo‘lgan, shuningdek, bo‘ylari uzun bo‘lgan. Atlantlar duolar kuchi(energiyasi)dan foydalanishda mohir bo‘lishgan. Ular kundalik turmushda, aytaylik, turli mexanizmlarni harakatga keltirishda duolardan ustalik bilan foydalana olganlar.
Bermud fojiasi
Venalik Klaus Dona “odam maymundan tarqagan“, degan soxta nazariyani inkor qiluvchi juda ko‘plab ashyoviy dalil va fotosuratlarning boy kollektsiyasini to‘plagan. U dunyoning turli hududlari bo‘ylab bir o‘zi safarga chiqadi va topilmalari yuzasidan biror gipotezani ilgari surmaydi, faqat odamlarni dunyoga boshqacha ko‘z bilan qarashga undash uchun harakat qiladi. Uning noyob kollektsiyasidagi toshga chizilgan dunyoning eng qadimgi xaritasi ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. Bu tosh xaritani Klaus Ekvadorga qilgan safari vaqtida topgan. Unda qit’alar qiyofasi aniq belgilangan. Biroq Atlantika okeanidagi Bermud uchburchagi o‘rnida hozir mavjud bo‘lmagan ulkan orol tasvirlangan.
Unga ko‘zingiz tushishi bilan beixtiyor Platon yozgan “tarix”larda keltirilgan afsonani eslaysiz. Rivoyat qilinishicha, 850 ming yil burun dunyoda yuz bergan Katta cuv toshqini paytida bo‘y-bastlari uch-etti metrli atlantlar qavmi Bermud uchburchagi hududidagi ulkan orolda jon saqlashgan. O‘zlarining buyuk tamaddunlarini ham shu makonda yaratishgan.
Bu tamaddun 13 ming yil avval koinotdan ushbu orolga kelib urilgan Tifona kometasi zarbasidan so‘ng vayron bo‘lib suv ostida qolgan. O‘shanda sayyorani 100 kun davomida zulmat qoplagan ekan. Duolar, sehr-sinoat texnologiyalaridan foydalanishga mohir atlantlar qavmi mana shu apokalipsis chog‘ida halok bo‘lishgan. Ko‘pchilik olimlar ariytslar (odamzodning hozirgi qavmi)ni, xotirasi o‘chirilgani bois, duolar sehridan foydalanishga doir ilmlarni unutgan va yovvoyilashgan, deb hisoblaydi.
Faqat zamonaviy ilm-fan izohlab bera olmayotgan o‘tmishning tilsiz inshootlarigina qachonlardir dunyo hozirgidan o‘zgacha hayot kechirganiga guvohlik berib turibdi.
“AiF“ning 2011 yil 17-conidanO‘zAS tarjimasi