U qorovulxona yo‘lagidan ketayotib bejirimgina qo‘l telefon topib oldi. Sirtiga tilla suvi yugurtirilgan bo‘lib, ajabki, faqat uchtagina tugmachasi bor edi: yashil, qizil va yana ovoz belgisini ko‘rsatuvchi to‘lqinli chiziqchalar tortilgan tugmacha!
Qari-qartanglar, ko‘zi ojizlar uchun ovoz bilan istagan odamini chaqirib beradigan “sotka”lar ham chiqqan, deb eshitgandi. Demak bu o‘shanaqasidan ekan-da. Kimniki ekan... Bir-ikki kishiga ko‘rsatdi, yelka qisishdi. Qo‘l telefonga ishqibozligi yo‘qligidan uyiga eltib tashlab qo‘ydi-da, unutdi.
Haydar uch kunda bir “smena”ga keladi. Katalakdek qorovulxonasiga kirib olib, ertadan kechgacha o‘tib-qaytuvchilar bilan savol-javob qiladi: “Xo‘sh, qayoqqa?”. “Tanimayapsizmi, tovuqboqarman-ku, tsexga”. “Balki kecha ishdan bo‘shagandirsan, hujjatingni ko‘rsat”. Yana boshqasining yo‘lini to‘sadi: “Hov og‘ayni, qayoqqa borayapsiz?”. “Xo‘jayinga”. “Iya, shahar bedarvoza emas! To‘xtang, oldin u kishidan ruxsat so‘ray”. Shunday deb stol ustidagi toshbaqadek telefon apparatiga qo‘l uzatadi. Agar shu yerda ishlayotgan bosh hisobchimi, tsex boshlig‘imi – xullas, amaldorrog‘i ro‘para kelsa laganbardorlik qilib o‘tirmaydi-yu, biroq og‘ir qo‘zg‘aladi: “E, xush ko‘rdik, xush ko‘rdik, yaxshi kelayapsizmi?” deydi, xolos.
Garmdori nusxa do‘ppisini boshiga qiyshiq qo‘ndirgan, oqish lo‘ppi yuzida qon tomirlari bo‘rtib turgan bu odamdagi sal iljayish har qanday kishida unga nisbatan mehr uyg‘otadi.
Kechqurun ishdan keyingi mashmashani qo‘yavering. Qovog‘i uyulib, yupqa lablari qisiladi. Eshikdan hammani cho‘ntagidan tortib, xaltasigacha tekshirib chiqaradi. Ba’zan qorovulxonada baqiriq-chaqiriq bo‘lib qoladi. Kimdir tuxum olganu hujjatini to‘g‘rilamay chiqqan yoki tovuq go‘shtini uyidan ovqat keltirgan kastryulkasiga yashirincha solib olib chiqayotgan bo‘ladi. “Noinsoflar, — deydi ular qaytib ketgach, — ko‘pning haqini yeb bo‘ladimi, teshib chiqmaydimi!”. Ayollarga kelganda ko‘ylaklari ustidan paypaslab ko‘rishni juda istasa-da, bunday qilishdan cho‘chiydi. “Iya, meni kim deb o‘ylayapsiz?”, deb sumka yoki mushti bilan tushirib qolishlaridan qo‘rqib, “Qani, qo‘lingizdagini bir ochib ko‘rsating-chi”, deydi xolos. Keyin bo‘ynini cho‘zib qarab xotirjam bo‘ladi-da, boshi bilan “O‘tavering”, ishorasini qiladi.
Shu tariqa “smena”ni o‘tkazadi-da, ertalab sherigi kelgach, ovqatdan bo‘shagan idish-tovog‘ini xaltasiga solib, shaqillatganicha uyiga qaytadi. O‘rik ostidagi simkaravotda biroz mizg‘ib olib, hovlisidagi ekinni chopadi, mol-holga qaraydi. Kechga yaqin oyoq-qo‘llarida charchoq tuyadi, ko‘chaga chiqib, temir darvoza tagidagi yog‘och o‘rindiqda tin oladi.
Qishloq kichkina bo‘lgani uchun hammani taniydi. Birov pomidor sotib, yashigini ko‘targanicha bozordan qaytadi, boshqasi hay-haylab sigir-buzog‘ini daladan qaytarib keladi, yana biri ko‘chaga yoyib qo‘ygan bedasini panshaxada titadi. Haydar bularning hammasi bilan bozor-o‘char, mol-hol, ekin-tikin to‘g‘risida gap sotib ko‘radi. Ko‘ngli joyiga tushgandek bo‘ladi. Har holda mahalla-ko‘ydagi yangiliklardan xabardor bo‘lib turishi kerak-da.
Albatta, o‘tgan-ketganning Haydarga ham iltimosi bo‘ladi. Qo‘shnisi tuxum olib bering desa, narigi ko‘chadagi dehqon tovuq o‘g‘iti ekinni xo‘p quturtirib yuborarkan, bir arava olib bersangiz-chi, deya o‘tinadi.
Unisigayam, bunisigayam yo‘q demaydi. Lekin yoniga o‘tqazib olib o‘zicha tushuntiradi: “Uyda to‘rtta tovuq boqsangiz bo‘lmaydimi, pulingiz yoningizda qoladi. Xohlamasangiz, do‘kon to‘la tuxum”. “Siz so‘rayotgan o‘g‘itni hovliga solib bo‘lmaydi, qo‘shni. Hidiga ko‘z ocholmay qolasiz”.
Haydar bu gaplari bilan mahalladoshlarini ranjitayotganini bilsa ham sira xijolat bo‘lmaydi. Axir, ming pulini to‘lab olsa ham tovuqxonada nima deb o‘ylashadi: “O‘zi qorovul-da, yo‘lini qilib olib chiqayapti, boshqa birovga dona tuxum chiqartirmaydi”.
Buning ustiga rahmatlik otasining vasiyati bor: “To‘g‘ri o‘yla, to‘g‘ri so‘yla, to‘g‘ri yur! Shunda men tinch yotaman”.
Tirikchiligi tuppa-tuzuk o‘tib turibdi. Maoshi tayin, har oy mukofot berishadi, to‘ylarida go‘shtdan yordam ko‘rsatishadi. Yig‘ilishlarda halolligini maqtashadi. O‘g‘illari yoniga kirib qolgan. Hovlisidagi katalakda o‘n-o‘n beshta tovug‘i, qo‘rasida qo‘yi, bo‘yradekkina joyda issiqxonasi bor. Bo‘sh vaqtlarida shular bilar andarmon.
Shularni o‘ylarkan xayoliga tog‘asi keldi. Sog‘-omonmikan? Ancha yil bo‘ldi ko‘rmaganiga. Otasi rahmatlik unga “Seni shu odam ishga joylagan, holidan xabar olib tur”, degandi.
Tog‘a o‘sha paytlarda tovuqxonada ombor mudiri edi. Tuxummi, go‘shtmi, yemmi — hammasi uning qo‘lidan o‘tardi. Haydar orqavorotdan to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi yoki lofmi eshitgandi: “Tog‘a davrida tonna-tonna yem omborga yetib kelmay qayoqqadir gumdon bo‘lgan, ming-minglab tuxum tsexda sindi, deb hisobdan chiqarilgan, yetim-esirlarga deya ajratilgan qanchadan-qancha tuxum va go‘shtlar bozorda sotilgan”.
Parrandaboqarlar esa shikoyat qilisharkan: “Tovuqlar nimjon, tuxum kamayib ketayapti, buning ustiga mayda”. To‘g‘ri-da, tovuqlar to‘yib donlamaganidan keyin qayoqdan ham tuxum bersin. Ishxona qarzga botib borardi.
Yangi direktor ancha kuzatib yurdi. Ombor mudirining qilmishlarini payqab qoldi-da, ishdan bo‘shatdi.
Haydar ana shu voqea arafasida qorovullikka ishga kelgan, tog‘asi undan manfaatdor bo‘lolmay qolgandi.
Odam degani baribir yaxshilikni unutmas ekan. Haydar bu mashmashalarni eshitgan esa-da, o‘gay bo‘lsa ham baribir tog‘a-da, ko‘chadagi o‘rindiqda o‘tirib, uni bir ko‘rgisi keldi. Hovliga kirdi, tovuq katagiga bosh suqib, to‘rt-beshta tuxum oldi. Bog‘ etagidagi qirmizi olmadan saralab besh-oltitasini uzdi. Guzardagi novvoydan bir juft yog‘liq patir, bozordan meva-cheva olib qo‘shdi. Xaltasiga bundoq qaragandi kamroq ko‘rindi. Tog‘amning ovqat qilib beradigan odami yo‘q, juda bo‘lmasa qovurib yer, deb o‘ylab ortiga qaytdi. Do‘kondan yana o‘nta tuxum oldi va ko‘ngli to‘lgandek bo‘ldi.
Eshik qiya ochiq ekan. Yo‘lakka kirib “Tog‘a, hov tog‘a!”, deb ovoz berdi. Jim-jitlik. Ancha ichkari yurib, hovli o‘rtasiga keldi. Qattiqroq chaqirdi. Atrofida qator xonalar salobat to‘kib turar, o‘rtadagi favvora ko‘pdan beri ishlamagan shekilli, oppoq kafelli dumaloq hovuz ichi qurib-qaqshab yotar, atrofini g‘umayu qo‘ytikanak bosib ketgandi. Bir paytlar bu joyda tog‘aning qadrdonlari bearmon ulfatchilik qilishgan, ne-ne bo‘yni uzun shishalarni dumalatib tashlashgan...
Tog‘aning kampiri qon bosimidan vafot etgan, tog‘a qanchalik xohlamasin yolg‘iz qizi bu yerga ko‘chib kelishni istamas edi. Yanada aniqrog‘i kuyovi buni xohlamas, qaynotasining hashamatli koshonasidan ko‘ra o‘zining peshona teri evaziga qurilgan odmigina uyida yashashni ma’qul ko‘rardi. Yaxshiyamki, qo‘ni-qo‘shnilar tog‘aning holidan xabar olib, osh-ovqatdan qarashib turishadi. Haydar bularni eshitib, ko‘ngli g‘ashlanar va ajabo, shu topda tog‘am o‘gay-ku, shungayam xijolat bo‘lamanmi, degan yupanch bilan taskin topardi. Ayni chog‘da o‘z xayolidan ham uyalib ketadi. “Loaqal yilda bir borib ko‘rmaslik gunoh. Axir u yaxshilik qilgan, uylanayotganda ota-onasi “Kelib-kelib tog‘ tepasidagi qizga ko‘ngil qo‘ydingmi?
Tog‘dan kelin qilmaymiz”, deb oyoq tirab turib olishganida ularni ko‘ndirgan kim? Shu tog‘asi! Keyin to‘y yuborar kuni aroqqa to‘yvolib “Bu dunyoda o‘ynab qol...” deb chapanilarcha o‘yinga tushgan, hammani o‘ziga qaratgan ham shu odam! Buni bilmaslik... Shularni o‘ylab ko‘ngli yorishdi.
– Tog‘a, – deb qattiqroq chaqirdi u. – Hov, uyda kim bor?
Hovli etagidan nihoyat “Kim u, kelavering!” degan uyqudan keyingi bo‘g‘iq ovoz eshitildi.
Haydar o‘sha tomon yurdi.
– Iya, senmi, jiyan! – tog‘a qadam tovushini eshitib karavotiga turib o‘tirdi. Haydar ildam yurib bordi va ... uzatgan go‘shtdor qo‘li havoda muallaq qoldi. Tog‘aning ko‘z qorachig‘lari loqayd va beparvo edi.
Qotib qoldi. “Kelmaganimga ikki yil bo‘ldi, shekilli. Nahotki soppa-sog‘ odam... E, taqdirning o‘yini...”, deb ichi achidi.
Bo‘g‘otdagi bir juft qaldirg‘och tinmay chug‘urlar, galma-gal uchib borib, tumshuqlarida allaqayoqlardan loy parchalarini keltirib, usta hunarmand misol pishitib-pishitib uya yasardi.
Haydar eshitgandiki, aroqning yomoni bora-bora ko‘r qiladi. Tog‘a esa maishat desa o‘zini tomdan tashlardi. U paytlar aroq kam. Tuxumga xufyona bo‘lar-bo‘lmas spirt almashib, maishat qilish, oqlikka, jonivorlar nasibasiga xiyonat natijasimi bu?
U shunday xayollar og‘ushida temir karavot chetiga asta cho‘kdi-da:
— Issiq patir olib kelgandim, — dedi og‘zidan gaplari to‘kilib. — Yeb oling. Aytganday, tuxum ham bor. — Birdan jonlandi — Xonaki tuxum! O‘zimniki. — U o‘tirganicha karavotdagi xaltachani titkilay ketdi.
Tog‘aning tund chehrasi birdan yorishdi:
— Tuxum?! Olchi... ko‘p yil bo‘ldi-ya tutmaganimga. – U do‘rdoq lablarini cho‘chchaytirib boshini chayqadi va bir “uf”ladi-da, egilib ikki qo‘lini cho‘zdi.
Haydar xaltasidan bitta tuxumni olib uzatdi. Tog‘a uni avaylab siladi, qulog‘i ostiga olib borib, silkitib-silkitib ko‘rdi. Keyin hidladi. Bir oz jim qoldi va kutilmaganda yig‘loqi ovozda baqirib yubordi:
– Ey, nega meni aldaysan?! Bu tovuqxonaning tuxumi, bilding! Axir, men o‘ttiz yil ishladim u yerda! Ko‘r bo‘lsam ham hididan, ichidagi sarig‘i qimirlashidan bilaman!
Keyin boshini egib jim qoldi. Haydar yanglishganini, uynikini emas, balki guzardagi do‘kondan olgan tuxumni tutqazganini payqadi va tog‘aning allaqanday notabiiy sezgirligidan hayratga tushdi. U ikki qo‘llab xaltachasini besaranjom kavlayotgandi, buni sezgan tog‘a kafti bilan uning yelkasiga turtdi:
– Kerakmas, baribir shunisi yaxshi.
U tuxumni hidlab jim qolgan, beparvo va jiddiy edi.
Qaldirg‘ochlar hamon loy tashib kelar, bitay deb qolgan uyasiga san’at asari kabi zeb berishda davom etardi. Tog‘a yalang boshini chap qo‘li kafti bilan siladi:
— Kechir, jiyan. Shunaqa bo‘lib qolganman. Tovuqxonani sog‘indim. Juda. Hidi... ko‘p-ko‘p tuxumlarni eslatadi. — Yana biroz jimlikdan so‘ng so‘radi: — Xo‘sh, olamda nima gap?
Haydar jonlandi? O‘g‘li zootexniklik o‘qishini bitirib, shu fabrikada ishlayotgani, tovuqlarga kompyuter yordamida o‘lchab yem-suv berilayotgani, tuxumlar sinishi kamaygani, hamma parrandalarni ellik-oltmish kishi o‘rniga bir odam boqayotgani, hatto o‘zi ishlaydigan qorovulxonada ham nazorat apparati o‘rnatilganini og‘zini to‘ldirib aytdi.
— Yaxshi, yaxshi, — dedi tog‘a dardli ovoz bilan. — Hammasi yaxshi. — Uning gap ohangida xasad yo‘q emasdi, lekin xavas ham borligini Haydar sezayotgandi.
U hamon titroqli o‘ng qo‘li kafti orasida tuxumni tutib turar, yelkalari bilinar-bilinmas uchib-uchib tushardi. Haydarning, buni oling, deb uzatgan xonaki tuxumga parvo ham qilmasdi.
— Sendan bitta iltimosim bor, — dedi bir mahal tilga kirib. — Eshitdimki, ovoz bilan ishlaydigan qo‘l telefoni chiqibdi. Shunaqasidan topib kelsang, jiyan.
Tog‘a tuxumni xontaxta ustiga qo‘ygandi, dumalab bordi-da, to‘p etib chim bosgan yerga tushdi.
– Sinmadi-a, – dedi u hayrat bilan. – Qobig‘i qattiq ekan. Tovuqlar to‘yib yem yegan, shekilli.
Haydarning hayronligi oshdi. Qo‘lidagi tuxumni xaltasiga solishdan boshqa chora qolmadi.
– Yana bir iltimos, – tog‘aning ovozi endi mayinlashdi. – Olib keladigan telefoningga qo‘ng‘iroq o‘rniga xo‘rozning qichqirig‘ini yozdirgin, xo‘pmi?
Haydar “xo‘p” dediyu joyidan jilolmay qoldi. Ko‘ngli buzildi: “Tog‘a, sizni zo‘r do‘xtirga oborib tuzattiraman”, dedi arang. Va yuragi achishib o‘yladi: “Bir paytlar savlatidan ot hurkadigan odamning ahvolimi shu?”
Tog‘a ikki kaftini yuzlariga surib Haydarni uzoq duo qildi. So‘ng yostiq yonidagi qora ko‘zoynagini taqib:
— Jiyan, ochig‘ini aytsam, dardimga faqat xo‘roz qichqirig‘i davo, — dedi.
Haydar xaltachasini bo‘shatib, yerdagi tuxumni olib xontaxta ustiga qo‘yarkan ajablandi: nega xo‘roz qichqirig‘i? Balki yoshligi, gurillagan yillarini yodiga solar...
Yo‘lda ketib borarkan, qorovulxonasi yo‘lagidan topib olgan telefonni esladi. Bu matoh xo‘p tog‘ambop ekan-da, degan o‘y o‘tdi ko‘nglidan. “Yo‘q, — dedi ichida kimdir, — u birovniki-ku. Bechora hali nomer ham olmagan ekan, yap-yangi”.
Ertasiga telefonni qorovulxonasi shiftiga mix qoqib, ipga bog‘lab ilib qo‘ydi. Kirib-chiqayotganlar telefonga nazarlari tushib, Haydarga ishshayib g‘ilay qarashar, keyin jiddiylashib ko‘zlarini olib qochishardi. U esa bu kimniki, deb so‘raydigan anoyi emas. Egasi topilsa o‘zi aytadi, xayolidan o‘tkazdi xotirjam.
Har ishga kelganida bu qimmatbaho antiqa telefonni cho‘ntagidan olib ipga ilar, lekin bir oy o‘tsa hamki, birov, iya bu meniki-ku, demasdi. “Kel, tog‘amga olib borib bera qolay, — deb o‘yladi yana. — Bu ham savob-ku”. Shu topda qulog‘iga allakim ta’nali pichirladi: “Ha, pismiq, ha, o‘g‘ri! Hech kim bilmaydi deyapsanmi!? Bekorlarni aytibsan. Otangning vasiyati yodingdan chiqdimi?!”
U yana niyatidan qaytdi. Tog‘am uchun boshqasini sotib olarman, dedi-da, tuman markaziga qarab ketdi.