OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdusattor Hotamov. Tanholik (hikoya)

Bular qoyalarmi? Ha, shunday! Bag‘rida laxta-laxta qorlar yaltirab yotibdi. Ustida qo‘ng‘ir bulutlar o‘rlayapti. Tosh uycha pastroqda, o‘tloqmi yo yaylov – o‘sha joyda. Tegrasida archazor ko‘zga tashlanadi. Yusuf yetib keldim degandi. E, xom xayol ekan! Yuqoriga inqillab yurgani sayin o‘rkach-o‘rkach tog‘lar o‘chakishayotgandek ortiga tislanar va tobora quyuqlashayotgan bulutlar uning ustiga balo-qazoday yopirilib kelardi. Charchab, xallosladi. Qo‘llarini tizzalariga tiraganicha bukchayib turib qoldi. Yer suzib atrofga qaradi. Sal narida atrofini allaqanday uzun-kalta o‘t-o‘lanlar qoplagan harsang yaltirab ko‘rindi. Qaddini tiklab, o‘sha tomon sudraldi.
Borib cho‘kdi. Dimog‘ida yangi asalnimi, gunafshanimi, xullas, tog‘ giyohlarining yoqimli hidini tuydi. Tosh namxush va iliq edi. Taniga quvvat, huzur bag‘ishladi.Simillab og‘riyotgan oyoqlarini uzatib, horg‘in nafas oldi. Pastga, endi quyuq qayrag‘ochu terak­lar orasida qolgan qishloqqa razm soldi.
Sihatgoh daraxtlar panasida yo‘qolgan, faqat qizil shiferli tomlari qizg‘aldoqzor misol elas-elas ko‘rinardi. Ha, aytganday, uning yonida ilgari dam olgani kelib, ko‘p-ko‘p vaqtlarini kitobga muk tushib o‘tkazgan pastqamgina uy.
Daryo bo‘yidagi bu xonadon, ayniqsa, yoz bo‘yi uch-to‘rt kunga shahardan hordiqqa chiqadiganlar uchun qulay go‘sha, atrofi qurigan shox-shabbalar bilan o‘ralgan hovlida turfa gullar ifor taratardi.
...Yusuf zo‘raki yo‘tal ovozidan cho‘chib, sergaklandi. Ajab, kimsasiz joyda ovoz qaerdan kelayapti, shunday yonginasidanmi?
U o‘tirganicha ortiga yarim o‘girildi. Keyin qotdi-qoldi. Go‘yo boshi o‘rniga qaytmayotgandek. Besh-olti metr narida yigitlardek xipcha, oppoq kalta soqoli o‘ziga yarashgan chol targ‘il ot qayishini tutganicha unga qarab turardi.
Yusufning ichida bir narsa uzilgandek bo‘ldi: Balki bu... Xizr bobo! Bolaligida buvisidan eshitgandiki, kimningdir ishi yurishmasa yoki qiyin ahvolga tushib qolsa ro‘parasida paydo bo‘ladi.
– Assalomu alaykum, – dedi chol qaddini adl tutganicha. Keyin salomiga alikni kutmayoq so‘radi: – Biz tomonlarda nima qilib yuribsiz, taqsir?
Ajab, uning ovozi ham yoshlardek ko‘ringan gavdasiga mos bo‘lib, shoshqaloq va o‘ktam edi.
Yigit o‘rnidan turib, chol tomon cho‘loqlandi. Yuragi gupillab urarkan, bu ne sinoatki, yo‘q joydan ot­liq chol paydo bo‘lsa, degan o‘ydan bezovtalanardi. Osmondan tushdimi yoki yer qa’ridan chiqdimi? Shu topda vujudini jumboqli savollar qamrab olgan esa-da, qanday qilib cholga qo‘l uzatganini bilmay qoldi.
Qariyaning kafti issiq va qattiq edi. U yigitning qo‘lini qo‘yvormay ko‘ziga tikildi:
– Mabodo tabibga kelmayapsizmi? – Uning ovozida odamni o‘ziga tortuvchi mehr va iliqlik tovlanardi.
– Ha, shunday, shunday! – Yusuf xursandlashdi.
– Unda men bilan yuring,– chol yigitning qo‘lini qo‘yib, otni yetakladi. Yusuf shunda bildiki, qariya tog‘ yonbag‘ridan o‘tgan ilonizi yo‘ldan chiqib kelgan va yuqoridagi o‘sha – tosh uyga boshlab borardi.
Biroz yurishgach, chol ortiga o‘girildi. Ot yoniga kelib, ikki kaftini birlashtirdi va “tugun” hosil qildi.
– Qani, mehmon, bunga tizzangizni qo‘ying-chi.
Yusuf tushunolmay turgandi, ovozini balandlatdi:
– Qani, bo‘ling, hozir havo tashlab yuboradi. Tez­­roq yetib olaylik. – Uning allaqachon oqargan quyuq qa­lin qoshlari ostidagi qiyiq ko‘zlari jiddiy boqib turardi.Yigit beixtiyor yasama tugunga tizza bosdi. Chol “xo‘p-pa!” dedi-da, uni ot ustiga itqitib yubordi. Keyin jilovni tutganicha yana oldinga tushdi. Targ‘il esa ustidagi yukka parvo qilmay yengilgina yo‘rg‘alab borar, cholning qadamida charchoq, horg‘inlik sezilmasdi.
Atrof sokin, faqat ot tuyoqlarining so‘qmoq toshlariga taqillab urilishi eshitilar, gohida kaklikmi yoki boshqa qushning yoqimli sayrashi jimjitlikni buzib turardi.
Yarim soatga yetmay sayxonlikka chiqishdi. Ro‘­parada o‘sha tosh uy paydo bo‘ldi. Yusuf qiyshayib, chap oyog‘ini o‘ng tomon olgandi, ot tepasidan sirg‘alib pastga tushdi. Boldirlari zirillab og‘rib, turib qoldi.
Chol otni yetaklab, uy yoniga o‘tdi va uni tosh-qumlari qirqib olinib, bahaybat devor hosil qi­lingan maydonchadagi bostirma tomon olib bordi. Bog‘loq arslondek ko‘ppak it begona isini tuydi shekilli, qattiq huridi. Chol etiklari bilan yer tepindi: “Bo‘ldi, o‘zimizning odam!” Qaytib kelganida Yusuf egnidagi kiyim-boshini kaftlari bilan qattiq-qattiq qoqardi.
– Bekor qilayapsiz, – dedi mo‘ysafid unga tik bo­qib. – Tog‘u toshlarda chang yo‘q, g‘ubor yo‘q.
Yusuf zo‘raki iljaydi:
– Ha-a-a... Bilmapman.
Chol yuring, dedi-da oldinga boshladi. Mayda toshlardan yasalgan zinalarni bosib uy ichiga kirishdi. Ro‘parada temir karavot, kitob javoni, tokchalarda idish-tovoqlar.
– Qani, marhamat, – dedi chol ortidan kelgan Yusufga karavot to‘ridan joy ko‘rsatib. Keyin etiklari tovonini bir-biriga niqtab yechib, o‘zi pastroqqa cho‘kdi. Fotiha o‘qigach:
– Ana endi gaplashamiz. Oyog‘ingiz qachondan beri og‘riydi? – deb so‘radi daf’atan.
Yusufga jon kirdi: “Bekorga tabib emas ekan. Kasalimni so‘ramayoq topdiyu qo‘ydi”.
– O‘n yildan oshdi, – dedi xomush tortib. – Sovuqqa oldirganman, suvda. Ko‘p do‘xtirlarga ko‘rsatdim, bo‘l­madi. O‘zi bu tuzalmaydigan dardmi, bilmadim. E, aslida do‘xtirlarda ayb yo‘q. Muolajalarni oxirigacha olmadim. Muxbirman-da, bizni oyog‘imiz boqadi. Sizni aytishdi, do‘xtir-tabib ekansiz. Shunga...
Chol choponini yechib, yonidagi ko‘rpacha ustiga tashladi. Ro‘parasidagi kitoblar betartib qo‘yilgan shkafga tikilgancha qoldi. “Tuzalmaydigan dard...”, de­di sekin. Ajab, shu tobda ko‘zidagi tiyraklikni go‘yo qayoqqadir surib tashladiyu xomushlik girdobiga g‘arq bo‘ldi-qoldi. Yusuf uning yigitlarnikidek boyagi chaqnoq va o‘tkir ko‘zlarida endi munglikni payqadi. Gavdasi ham bukchayib qolgandek edi.
– Uzr, otaxon, – yigit dardman oyoqlari­ni tagiga bosish uchun chordona qurib oldi. – Agar biror nobop gap aytgan bo‘lsam kechiring.
Chol sergaklandi:
– Yo‘q, unaqa demang. Qarigandan keyin xayol bebosh bo‘lib qolarkan.
Ola-chalpoq bulutlar orasida ko‘rinib-ko‘rin­mayotgan quyosh tog‘ yonboshiga o‘tdi, shekilli, xona qo­rong‘ilasha boshladi. Chol “Yo, pirim!” deb o‘rnidan turib, hovli tomon yo‘naldi.
Birpasdan keyin tashqarida “pat-pat” motorning ovozi eshitildi. Tabib qaytib kirib, devordagi yoq­gichni bosgandi, xona yorishdi.
– O‘g‘illar baraka topishsin, – dedi u joyiga kelib o‘tirarkan. – Tosh va semondan shu uyni qurib berishdi. Tog‘dan suv quvuri tortishdi. – U jilmaydi. – Ko‘chma elektr stantsiyasi ham bor. Mana, tuppa-tuzuk yashab yuripman.
– Bir o‘zingiz, yolg‘iz... – Yusuf o‘zining bu gapidan xavotirga tushdi. Chol nima ishingiz bor, desa qanday odam bo‘ladi.
– Be-e, – dedi qariya boshini sarak-sarak qilib. – Shu yaxshi-da. Ana bir kitobda yozib qo‘yipti. – U boshi bilan javonga imladi. Paytida yolg‘izlik ham yaxshi.
Yusuf boya bu qariya otga mindirib olganda, ha, endi vaqtim tejaladi, dorini olamanu ortimga qaytaman, deb o‘ylagandi. Hozir esa cholning ichida qandaydir dard borligini sezib, unda muxbirlarga xos qiziqish uyg‘ondi.
– Qani, oyoqlaringizni ko‘rsating, – qariya Yusufga yaqin surildi. Ko‘rib, boldirlarini bir-bir ezdi. – “Og‘riyapti, lekin qattiq emas”, dedi o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek. – Dori tayyorlab beraman. Do‘xtirlarga boshqa ro‘para bo‘lmaysiz. – Keyin qo‘shib qo‘ydi. – Menga ham kelishingiz kerak bo‘lmaydi.
Chol joyiga borib o‘tirdi va ilkis so‘radi:
– Mehmon, mabodo siz bilan ilgari uchrashmaganmizmi, juda tanish ko‘rinasiz?
– Eslolmayman, otaxon. Odam odamga o‘xshaydi-da.
Chol o‘ychan:
– Ha, to‘g‘ri aytasiz, – dedi.
Yusuf joyidan qimirlab oldi:
– Dorini bersangiz, qorong‘i tushmasdan sanatoriyaga yetib olay.
– Xo‘p, – dedi chol o‘rnidan turib. – Men narigi xonadan tayyorlab chiqaman. Ungacha zerikib qolmay nabiramning chizgan rasmlarini ko‘rib turing. O‘zi hamshira, sanatoriyada. Rassomlikka ham qiziqadi. Shu uyga kelvolib, xayolidagi odamlarnimi, qishloq manzaralarinimi chizgani-chizgan. Shaharlikka o‘xshaysiz, keyin baho berarsiz.
Chol karavot oyog‘iga yetganida ko‘rpachaga qayta cho‘kdi. Uf tortdi. Keyin:
– Taqdir ekan, o‘ttizga chiqayapti. Uzatolmayapmiz. Kuyov bo‘laman deganlar ko‘p. Hammasiga yo‘q deydi. Umri o‘tib ketayapti-da, – dedi bosh chayqab.
Qariya boya birdaniga xomush tortganiga sabab shu nabirasi ekanligiga Yusuf gumon qilib turar, lekin eshitganidek, uning nega shaharda oilasi bo‘laturib keksaygan chog‘ida bu yerlarda tentirab yurganiga hay­ronligi bu taxminini yo‘qqa chiqarardi.
– Ha, mayli, – dedi chol qo‘l siltab. – O‘zi bir o‘limdan qolganiga ham ming qayta shukr. Mehmon, sho­shayapsiz-a, hozir gapimni tugataman. O‘shanda nabiram o‘n olti yoshda edi chamamda. Bahor seryog‘in kelgandi. Shu pastdagi daryo bor-ku, bo‘tana suvlari to‘lib oqardi. Bir kun qattiq sel quydi.Umrimda bunday ofatni ko‘rmagandim. Tog‘dagi toshlar pastga uchib tusha boshladi. Bu endi ko‘chki edi-da! Vahimali. Nabiram tepa yaylovdan sigir-buzoq haydab kelayotgan ekan. Bu ishni shu qizaloqqa ishongan ota-onasi ham ahmoq! Qiz bechora balo-qazodan tezroq qochib ulguray deb daryodan suzib o‘tay depti. O‘zi baliqdek suzong‘ich edi-da. Bir payt daryo oqizib ketibdi...
Tashqarida ot uzoq kishnadi, it qisqa-qisqa hurib qo‘ydi. Yusuf pardasi ikki tarafga surilgan qo‘shqavat derazadan hovliga qaradi. Shitirlab yomg‘ir yog‘a boshlagan, xonaga tog‘ giyohlarining ifori taralardi.
– Ana, – dedi chol o‘rnidan turib tefalda choy qo‘yishga tutinarkan. – Bugun ketolmaysiz. Tag‘in selda qolib bir kori-hol yuz bermasin.
Yusuf o‘yladi: “Qariya ezmalik qilmay dorini berib qo‘yaqolganda-ku, xonamga yetib olardim”. Keyin: “Ichida dardi ko‘pga o‘xshaydi. Bechora, ezilib gapirayapti-da”, degan o‘y o‘tdi ko‘nglidan.
Chol qo‘shni xonaga kirib ketdi. Yusuf moy bo‘yoqda ishlanib, yog‘och ramkaga solingan rasmlarni bir-bir ko‘ra boshladi. Mana, qishloqning bahordagi manzarasi. O‘riklar oppoq gullagan, ilonizi ariq bo‘ylarida yalpizlar, hali so‘lib ulgurmagan gunafshalar. Bu – oppoq doka ro‘molini yelkalariga tashlab olgan, chehrasidan nur yog‘ilib turgan buvi. Hovlidagi temir karavotda o‘tiribdi. Atrofida iroqi do‘ppi kiyib, sochlarini qirq kokil o‘rgan qizaloqlar. Og‘izlarini yarim ochgancha unga hayron qarashayapti. Ertak eshitishayapti, shekilli... Bu... – Yusufning qo‘llari titrab ketdi. Bu-o‘zi-ku! Qora, qalin sochlari yoniga taralgan, yuz suyaklari xiyol bo‘rtgan, qalin qoshlari ostidagi katta-katta ko‘zlari jiddiy boqib turibdi. Portret! Bundan o‘n, o‘n besh yilcha avvalgi ko‘rinishi. Yusuf rasmga tikilib qarayotib ostidagi bir burchakka bilinar-bilinmas mayda xarflar bilan bitilgan so‘zlarni ko‘rib qoldi. Sinchiklab o‘qidi: “Xayolimdagi yor...”
Anchadan keyin chol qo‘shni xonadan chiqib keldi. Yelim idishdagi suyuqlikni karavot chetiga ehtiyotlab qo‘yib, choy damladi.
– Endi shu yerda tunaysiz, mehmon, – dedi joyiga xotirjam borib o‘tirarkan. – Bi-ir otamlashamiz-da. So‘ng beparvo so‘radi:
– Rasmlarni tomosha qildingizmi?.
Yusufning yuzi lovullab ketdi:
– Ha, yaxshi, – dedi ovozi xiyol titrab. – Nabirangiz zo‘r rassom ekan-ku. – Ismi nima?
– Tursunoy. Kenja o‘g‘limning qizi. Boya aytdim-ku, otasi o‘rmon xo‘jaligida ishlaydi, onasi sanatoriyada oshpaz. O‘n besh yoshidan unga qarashardi. Keyin hamshiralikni bitirdi. Lekin kitobga mukkasidan ketgan.Davolanuvchilarning kitoblarini ham qo‘ymaydi.
Chol ma’yuslanib qoldi. Yusuf Tursunoyning kimligini o‘ylardi. So‘ng negadir boyagi suhbatni davom ettirgisi keldi:
– Ha, goho yolg‘izlik odamni poklaydi. Hayoti ha­qida o‘ylashga majburlaydi. Shunda gunohu savoblar ko‘z o‘ngidan o‘tadi, – dedi birozdan so‘ng.
– Gunoh... O‘-o‘, mehmon, bundan aziyat chekkanlarga hech bir dori-darmon malham bo‘lmas ekan. Ayniqsa, hiyonat... Bu gunohi azim.
Chol yana ma’yuslandi. Xonada ishtahani qo‘zg‘atuvchi ovqat hidi paydo bo‘ldi. Yusuf qorni ochganligini sezdi va shu zahotiyoq bu istak qariyaning aftodahol holati oldida ortiga chekindi.
Chol nihoyat javondagi kitoblarga qarab dadillandi:
– Beadad shukrki, endi bobolarimiz merosi o‘zimizga qaytdi. Qarang, bizning qanday ko‘p ma’naviy boyliklarimiz bor. Dorilardan topolmagan davoni shulardan topamiz. Masalan, mana Ahmad Yassaviy nima deydi:
Dunyo, mansab dema, uchma ishvaga,
Do‘stlardan ajrab ham yov boshiga yet.
Muxbir ekansiz, o‘qigan bo‘lsangiz kerak, alloma shoir insondagi eng dahshatli yovni nafs deb tushunadi. Bu yovning boshini yanch, uni joning ichida hatto g‘imirlashiga ham yo‘l qo‘ymay o‘ldir, shunda pok va halol, mag‘rur yashaysan , demoqchi nazarimda.
– Shunday. Bobomizga tasannolar bo‘lsin. Inson ruhiyatini shunchalik chuqur anglab, tasvirlab o‘tgan. Lekin qoyil, siz donishmandlar kitoblarining ashaddiy ishqibozi ekansiz.
Cholga maqtov yoqdi shekilli, bosh silkib dedi:
– E, men bu tog‘u toshlarda yigirma besh yildan beri yashayman. Boya aytdim-ku, nabiram Tursunoy kitob jinnisi deb, o‘sha olib kelib beradi. Ana, javonda “O‘zbek xalq ertaklari”, “Kalila va Dimna”, “Ming bir kecha”... Ertaklar odamni poklaydi-da. Bolaligimda o‘qigandim, mana keksaygan chog‘imda... – u jilmaydi, – ma’nosini tushunayapman.
Chol o‘rnidan qo‘zg‘aldi:
– Elektr qozonga sho‘rva solgandim. Xabar olay, pishib qolgandir. Tursunoyning ukasi ertalab ovqat olib keladi. Yangi sog‘ilgan sutdan tayyorlangan shirguruch, qaymoq bilan birga nonushta qilamiz.
Yusufni xayol elitdi: Ertaklar, “Kalila va Dimna” ... Tursunoy... U bundan ancha yillar avval daryo bo‘yidagi o‘sha anvoyi gullar chaman ochilib yotgan hovlida dam oluvchilarga savatda non sotib, chelak­lardagi po‘choqlarni yig‘ishtirib yurgan qizaloq emasmi? Ohudek hurkak, moviy ko‘zlari doim yerga boqib turadigan, yupqa yuqori labi ustida bilinar-bilinmas qora tuklar, qaysidir yuzida kulgichi... Yusuf o‘sha yili uylanish bahonasida ko‘p qizlarga razm solgandi. Lekin bunaqasi... faqat kitoblarda bo‘lsa kerak. Chiroyli degani yoqimtoy degani emas, – o‘ylardi u. – Yoqimtoy bo‘lsa ham chiroyi odamni tortmasligi mumkin. Ajabki, bu sarvqomatda ikkisi ham mujassam edi. Agar bundaylar kelinlik libosini kiysa... ularga osmondagi o‘n besh kunlik oy ham havas qilsa kerak.
Ha, bu o‘sha! Onasi ham hadeb: ”Tursunoy, nonni sotdingmi? Po‘choqlarni sigirga berdingmi?” deb shang‘illab so‘rayverardi. U onasidan bekitiqcha Yusufning kitoblarini ham so‘rab turardi. Shunda ko‘zlar to‘qnashardi. Bir kuni Yusuf unga: ”Namuncha chiroylisiz? O‘zim shaharga olib ketaymi?” dedi. Qiz qiyo boqib jilmaydiyu qizil durrachasini uchirgancha ohudek darrov ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
... Yusuf nihoyat o‘rnidan turib, tabib kirgan xona tomon bordi. Chiqib kelayotgan cholning qo‘lidan ikki kosa sho‘rvani olib, xontaxta ustiga qo‘ydi. Ortidan qoshiq ko‘tarib chol ham chiqdi.
– Ana endi ovqatlanib olaylik, – dedi u. – Keyin gaplashaveramiz. Siz muxbirlar odamni eshita bilasiz. Shuning uchun gapim ko‘payib ketdi.
Ovqatdan so‘ng Yusuf bo‘sh idishlarni qo‘shni xonaga chiqarib qo‘ydi.
– Keling, mehmon, – dedi chol joyiga o‘tirgach. – Endi sizga bir bemorning dori davolayolmagan dardini aytib beraman. Eshitib, kuyib ketdim. Bechora, joniga shifo istab kelgan ekan. Menga: ”Siz tog‘da yurgan odamsiz. Kimga ham aytardingiz? Axir buni hech kimga aytolmasam yorilib o‘laman. Bir kun kelib yorug‘ olamdan o‘tsam bu dard bilan go‘rim tutab yotmasin”, deydi ichi kuyib. ”Mayli, – dedim ahvoliga achinib, – axir ko‘ngilni bo‘shatish ham bir davo. Lekin men ham ojiz bandaman.Vaqti kelib kimgadir aytib qo‘ysam gunohkor bo‘lib qolmay, deb qo‘rqaman”. Alam o‘tib turgan ekan, “Ha, mayli, aytsangiz aytavering, faqat ismimni aytmasangiz bo‘ldi” dedi. Keyin so‘zlab berdi.
Chol uf tortib yostiqqa yonboshladi va asta hi­koyasini boshladi.

* * *

– O‘shanda pensiyaga chiqqandim. Bu endi ancha yillar avval bo‘lgan gap. Shu o‘rmonchi o‘g‘lim keling, bir umr ishlab charchadingiz, tog‘larda dam olib keting, deb qoldi. O‘sha yili yoz issiq kelgandi. Bordim. Yoshlikda toza uloq chopganman, o‘zim ham, o‘g‘lim ham bittadan otga minvolib, tog‘ yonbag‘irlaridagi o‘rmonlarni rosa aylandik. Toza havo-da, yoshargandek bo‘ldim. Bundoq atoflarga qarasam, hech narsa ekilmagan joylar bir talay. Yuqoriroqda ham shunaqa joylar bo‘lsa kerak, dedim. Yo‘q, bir otaxon bodomzor qilayapti, dedi o‘g‘lim.
O‘zi uch-to‘rt kun turib qaytmoqchi edim. Kim ekan qarigan chog‘ida bog‘ yaratayotgan, deb qiziqib qoldim. O‘g‘lim, albatta sizni u bilan tanishtiraman, deb qoldi. Tong otishi bilan yo‘lga tushdik. So‘qmoqlar osha qiyalikdagi bodomzorga ko‘tarilib bordik. Ro‘parada dov-daraxtlarning shoh-shabbasidan qurilgan, ustiga shifer yopilgan tuppa-tuzuk chayla. Uycha deysiz go‘yo. O‘g‘lim chaylaga yetmasdanoq ot ustida: ”Hoy, Boltaboy ota, shu yerdamisiz?” deb chaqirdi. Ichkaridan, ishonasizmi mehmon, bo‘y-basti xuddi menga o‘xshagan, chamamda yetmishdan oshgan bir kishi... uni chol deb bo‘lmasdi, chunki soqol, mo‘ylovi qirtishlab olingan, sportchilarning oq maykasini kiygan odam chiqib keldi. O‘g‘lim kamtar xo‘jayinlardan, otdan tushib, ikki qo‘llab ko‘rishdi. Ketidan men ham qo‘l uzatdim. Uychaga kirib xayron qoldim. Dumaloq stol atrofida to‘rtta stul, yonida divan, fonarmi, yana allanimalar ko‘rindi. Xullas, zamonaviy chayla!
– Bu mening otam, – dedi o‘g‘lim fotiha o‘qilgach. – Sizning bog‘bonchiligingizga qiziqib qoldilar. Bir suhbatlashsangiz. Tajriba almashish demoqchiman. – Keyin menga qarab iljaydi. – Balki shu tog‘larda sizga o‘xshab bog‘ qilarlar.
O‘g‘limning daf’atan men kutmagan gapini ma’­qullab bosh silkitdim, ko‘nglimdan “Rostdan ham shunday bo‘lishi mumkin-ku”, degan o‘y o‘tdi. Axir insondan nimadir qolishi kerak-ku.
Hullas, shu kuni o‘g‘lim meni tashlab, xizmatiga ketdi. Yangi tanishim boya men boshlamoqchi bo‘lgan hikoyasini aytdi. Mehmon eshitasiz-a, ha, balli! Mana u nima dedi:

* * *

– Xotinim o‘zimdan ancha kichik, bog‘cha mudirasi edi. Kolxozning bog‘chasida. Ikki qiz, ikki o‘g‘limiz bor edi. Ayolim nuqul: ”Bo‘ldi endi, tug‘mayman, shu churvaqalarni katta qilib olaylik”, derdi. To‘g‘risini aytishim kerak, bog‘cha hisobiga ro‘zg‘orimiz butun edi. Lekin men ich-etimni yerdim: ”Bu bolalarning rizqi bo‘lsa, bir kuni teshib chiqmaydimi?”. Odam bolasi hamma narsaga o‘rganadi, deyishadi-ku. Bu, to‘g‘ri gapmas. Xaromtovoqdan mening jahlim chiqardi. Oxiri bir kun: ”Bu ishingni yig‘ishtir, – dedim. – Bo‘lmasa, oxiri voy bo‘ladi”.
U esa menga baqira boshladi: “Nima, siz kitob-daftar ko‘tarib yurib ro‘zg‘or tebratmoqchimisiz? Unaqada ikki dunyoda ham kosamiz oqarmaydi”. Maktabda biologiyadan dars berardim-da. Avval tibbiyot texnikumini bitirgandim. Tekshiruvchilar bilan qo‘rqitmoqchiydim, bobillab berdi: ”E, qo‘rqmang, undaylarga qalqon rais akam bor”.
Chindan ham qilichdek qomatli, doim tilla tishlarini ko‘rsatib jilmayib yuradigan kolxoz raisining qo‘li uzun edi. Idora yonidagi mehmonxonada kazo-kazolar bilan tez-tez bazmi-jamshid uyushtirardi. Unga tanish-bilish xotinlarni ham chaqirardi. Men ahmoq bundan bexabar xotinimdan nega kech keladigan odat chiqarding, deb so‘rasam, u, komissiya kelib qoldi, mehmon qildik, derdi nuqul.
Bir kun maktabdan qaytayotsam o‘quvchimning onasi do‘xtir ayolni ko‘rib qoldim. Ota-onalar majlisiga kelib turardi. Chapani, erkaklarga o‘xshagan harakteri bor edi. Salomlashib ketayotsam, to‘xtatdi.
Xotinim ...Homilasini oldirganini aytib, yaxshi qilibsizlar shunga kelishib, dedi xayrixohlik bildirganday.
Shu yerda men tamom bo‘ldim. Ichimda bir narsa lov etib yondi. Tutuni bo‘g‘zimda turdiyu qoldi. O‘zi undan shubhalanib yurardim. Hech kimning boshiga bu kun tushmasin, birodar. Qotib turaverdim. Do‘xtir qayoqqadir shoshayotgan ekan, ahvolimni sezmadi, lekin tayinladi:
– Yaxshi parvarish qiling. Vaqt o‘tib qolgan ekan.
Shundan keyin bo‘ladiganim bo‘ldi. Yo‘q, bu men bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin emas, aniq bilardim.
Ich-etimni yeb, jinni bo‘layozdim. Shunday ayol bilan yashayapmanmi? Urishib, janjal ko‘tarsam, quda-anda, bola-chaqa oldida qanday odam bo‘laman? Shuncha yillik hurmat-izzatimni suvga oqizamanmi? Buyoqda bolalar, nevaralar bosh egib qoladi. Agar mabodo sirtdan kechirsam ham... yo‘q, xiyonatni kechirolmayman. O‘quvchilarimga halollik, sadoqat, ibo-hayo to‘g‘risidagi pandu nasihatlarim qayoqqa ketadi? O‘sha erkaklar egri ko‘ngliga nima kelsa qilaveradimi? Imonsiz ayollar-chi, nahotki xiyonatni shuncha jo‘n, oddiy deb tushunishsa?!
Shunday xayollar bilan yurganimda ichimdagi bir odam deydi: ”Agarda sen ham umringda bir marta bo‘lsa-da begona ayolga ko‘z olaytirganingda bunday alamli iztirobga tushmasding. O‘zimning ham gunohim bor-ku, deb taskin toparding. Pokliging seni... azob­layapti”. Shaytonni vujudimdan haydab chiqaraman: “Yo‘qol, iblis! Sening kasringdan qanchadan-qancha oilalar barbod bo‘ladi. Qanchalab oriyatli erlar bosh egib, farzandlar otasiz qoladi.
Shundan keyin birodar, xotinimga zarracha meh­­rim qolmadi, ruhim chil-chil sindi. Axir o‘sha vo­qea bo‘lguncha u bilan ko‘p yillar ahil-inoq yashab kel­gandik-da. Hammasi tushdek o‘tdiyu ketdi. Birodar, shunga amin bo‘ldimki, nafsga teng keladigan zolim yo‘q. Uni yengolmagan kishi iblis qurboni bo‘lishi tayin. O‘zingiz o‘ylang, birodar, nega inson pok tug‘iladiyu ayrimlar turfa gunohlarga botib dunyodan o‘tishi kerak? Nima uchun undaylar pokiza tuproqni gunohlari bilan ifloslantirishi kerak?
Shundan keyin xotinim menga mehribon, ketimdan soyadek ergashib xizmatimga tayyor yuradigan bo‘lib qoldi. Bu esa battar nafsoniyatimga tegardi. Asabim buzilib, baqiradigan, hatto nevaralarimni uradigan odat chiqardim. Qarabsizki, dami ichidagi yomon otlig‘ bo‘la boshladim!
O‘rmon xo‘jaligida tanishim bor edi. Oldiga bordim: bir parcha yer bering, o‘sha yerda ovunib yuray dedim. Keyin kuchim yetgancha tog‘u toshlarda bog‘ yaratay. Shunday dedimu qanday ishga ahd qilganimni tushunib turardim. Oilam bag‘ridan tashqarida, tog‘u toshlarda... Bu oson emas. Lekin xiyonatkor xotin bilan har kun, har soat ko‘rishishga majburlik undan ham og‘ir. Shuning uchun birinchi yo‘lni tanladim. Ochig‘ini aytay, keyinchalik bir beva ayolga uylandim. Lekin ko‘nglim tanholikni tusayveradi. Shuning uchun bu tog‘lardan nari ketgim yo‘q.

* * *

Tabib chol bog‘bon tanishining fojiasini so‘z­lab berarkan, Yusufning yuragida qat-qat izti­rob­lar to‘lg‘andi. Endi tashqarida hamon elektr quv­vati haydayotgan “pat-pat” ovozini eshitmay, jim o‘tiraverdi. Birozdan keyin qariyaga qaradi, uning oqargan qora qoshlari ostidagi qiyiq ko‘zlarida ajabki, yosh miltillamoqda edi.
– Ana, mehmon, – dedi tabib to‘satdan o‘z ho­la­tidan uyalib. – Vaqti kelib bir narsa yozarsiz. Sa­doqat va xiyonat haqida. Mening nafsim balodir, yonar o‘tga salodir, deyishadi-ku, taxminan shu ma’noda: toki boshqalar bu qattol dushmanning quliga aylanib qolishmasin. Nafs... bu, bilasiz, keng ma’nodagi tushuncha-da.
Keyin zo‘raki jilmaydi:
– O‘zim ham yoshligimda uncha-muncha hikoyalar mashq qilib yurardim. Havas-da. Lekin baribir chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin. Shuning uchun bu ish sizga havola, mehmon.
Solyarka tugadi, shekilli, chiroq o‘chdi, lekin kech kuzdagi oyning yorug‘i oynadan ola-chalpoq tushib turar, endi atrofga sokinlik bostirib kelardi.
Chol o‘tirgan joyidagi karavotning yuqorisiga uzala tushdi, Yusuf quyida yostiqqa bosh qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay tabibning xurrak ovozi eshitila boshladi.Yusuf dardli hikoya ta’siridan sira pinakka ketolmadi. Buning ustiga oyoqlarining simillab og‘rishi kuchaygan, qaysi yonboshiga ag‘darilsa, karavotning qiyshik taxtalari g‘iyqillab, beliga toshdek botardi.
Biron soatdan keyin cholning iztirobli ingrashi eshitildi. U ichidan xo‘rsinar, odamning yig‘lash oldidagi holatini eslatadigan o‘ksik ovoz chiqarardi. So‘ng tushida bo‘lsa kerak, “ih, ih” dedi og‘riqli tovushda. Bora-bora jimib qoldi.

* * *

Yusuf uyg‘onganida oftob tog‘ ortidan ko‘ta­ri­layotgandi. Boldirlarida og‘riq to‘xtabdi. Xontaxta ustiga bir dasta pul tashlab tashqariga chiqsa, chol bostirma ostidagi ot oxuriga beda solayotgan ekan. Qoziqqa bog‘langan it Yusufga bir qarab qo‘ydi-da kechagi sho‘rvaning suyagini g‘ajishda davom etdi. Yusuf obdastadagi suvdan yuz-qo‘lini yuvib, ro‘molchasiga artindi.
– Yaxshi yotib turdingizmi, mehmon? – Chol yigit tomonga keldi. Endi u dastlab ko‘ringanidek bardam va tetik edi.
– Rahmat. Doringiz sabab bo‘ldi, shekilli, har­holda og‘riq pasaygandek.
– Avvalo Xudo shifo bersin. Biz bir sababchi, xolos. Buyog‘ini aytsangiz davosiz dardning o‘zi yo‘q. Faqat xiyonatdan o‘zi asrasin.
Keyin Yusufni bostirmaning narigi tomoniga boshladi.
– Bu yoqqa yuring. Mo‘‘jizani ko‘rsataman. Tog‘larda quyosh erta chiqadi. – Keyin hayajon aralash zavqlandi. – Nurlarini qarang, ertakka o‘xshaydi-a? Ha, yashang. Qanday jannatmakon yurtimiz bor. Giyohlari-chi. Havosini qarang, marmardek musaffo! Shu yoshdayam ishlaging kelaveradi. Anuv, tepadagi bog‘larga qarang. Bodomzor yonida yong‘oqzor... O‘sha yuragi kuygan bechora chol ekkan. Qop-qop hosil olayapti.
– Ha, ha! Lekin u mard ekan. Bolalari, nabiralarini o‘ylapti. Boshlari egilib qolmasin, degan-da. Hammasini ichiga yutipti. Keyin qadimgi zamon chollariga o‘xshab yelkasiga to‘nini tashlab cho‘lu biyobonlarga ketib qolmapti. Yoki alamdan ichkilikka berilib nopok yo‘llarga kirib ketmapti. Dardini mehnat bilan yengipti.
– Otangizga rahmat! Hammasiga vaqt davo, tog‘ning havosi ham. Axir odam faqat yeb-ichib, kayfu safolar surib, gunohlarga botib o‘tib ketavermasligi kerak-ku. Keyin hammasining savol-javobi bor.
Qariya shunday deb ortiga qaytdi. Cho‘yan obdastani engashtirib, hafsala bilan qo‘llarini yuvdi. Bostirma ustuniga ilingan sochiqqa artindi.
– Qani, mehmon. Endi nonushta qilamiz. Hozir nevaram keladi. Keyin sanatoriyaga ketaverasiz, taksida.
– Taksi... – Yusuf angraygandi, qariya jilmaydi:
– Bu – targ‘il-da. Minib olsangiz bo‘ldi, o‘zi yetkazib qo‘yadi. Tekinga! Borgach yana shu yo‘lga o‘nglab qo‘ysangiz o‘zi qaytib kelaveradi. Har kuni bo‘zchining mokisiday qatnayverib o‘rgangan. – Keyin samimiy kuldi. – Havotir olmang. Adashmaydi. Tog‘da yo‘l bitta.
So‘ng qariya tobora yuqorilayotgan quyoshga ko‘zlarini qisib qaradi:
– Odam bu dunyoda tog‘lardek pok va mag‘rur yashashi kerak. To‘g‘rimi? Ha, balli! Yaqinda nabiram keltirgan gazetada bir she’r o‘qidim. Yoqib qolib, yodlab oldim.
Tog‘larga chiqqanga ulug‘lik yordir,
Tog‘larga chiqqanlar tog‘ bo‘lib qaytar.
Qoyil-a! Bu she’rni kecha sizga aytgan bog‘bon o‘rtog‘imga ham o‘qib berdim. Tog‘larga bekor kelmagan u. Qaddini ko‘tarish uchun yuripti. Bog‘lar barpo qilib.
Yusuf o‘ychan:
– Shunday bo‘lsa kerak. Inson bir marta yashaydi. Siz aytganday har qanday gunohlardan nafsni tiyish kerak. Qaddini tog‘lardek tutib yurishi kerak. Lekin bu oson emas, mardlar shunday yashaydi, – dedi.
– Balli, – dedi chol jonlanib. – Meni tushunipsiz. Endi men otni egarlay.

* * *

– Qaerlarda qoldingiz, jo‘ra? – so‘radi Yusufning hamxonasi. – Sizni o‘ylab uxlolmay chiqdim.
Yusuf aytgandi, chehrasi yorishdi:
– U haqda eshitgandim. Tog‘ tepasidagi uyda yasharkan. Faqat qahraton qishda shu yerdagi o‘rmonchi o‘g‘linikiga kelarkan...
– Ha, bilarkansiz, lekin u bir bog‘bon chol haqida ezilib gapirib berdi. Tog‘ yonbag‘rida bodomzor, yon­g‘oqzor tashkil etipti.
Hamxona ajablandi.
– Mabodo, huv anavi ko‘rinib turganlar emasmi?
– Ha,– dedi Yusuf ajablanib.
– E, u bog‘larni o‘sha otaxon ekib ko‘kartirgan. Bir paytlar maktabda biologiyadan dars bergan ekan. Avval do‘xtirlikni bitirgan. Tabibligi shundan.
Yusuf angrayib qoldi. Ammo choldan eshitganini tiliga chiqarmadi:
 “Bechora qariya, hiyonatdan yuragi kuygan ekan. Boshidan kechirganlarini boshqa chol nomidan aytib, ichini xo‘p bo‘shatipti. Lekin zo‘r! Adabiyotga qiziqishi bekor emas ekan.
Jonli hikoya qildi. Xiyonatga hech kim duch kelmasin, dedi ko‘zlari yoshlanib”.
Yusufning ichida boshqa bir odam ovoz berdi: “Sen-chi, sen Tursunoyga aytgan so‘zingga xiyonat qil­madingmi? Mayli, o‘sha selda uni daryodan ko‘tarib o‘tib, jonini qutqaripsan. Oyoqlaringdagi og‘riq shundan. Buni cholga ham aytmaganing odamiyliging. Ammo qizning sevgisiga munosabating... Bu nima?”
Ertalabki nonushtadan keyin Yusuf buyumlarini jomadoniga joylab, uyiga otlandi.
– Ha, – so‘radi hamxonasi ajablanib. – Hali vaqt bor-ku.
– Shunday bo‘lib qoldi, – dedi u Tursunoyni ko‘rib qolishdan cho‘chib. Keyin bosh chayqadi. – Dardni avvalo o‘zimiz orttiramiz. Davosini topish esa shunaqa qiyin.
Davosizlari ham bor.
Miyasi g‘ovlab chiqdiyu, ketdi.

* * *

...Yusuf ancha yillardan keyin tog‘ yonbag‘ridagi o‘sha sihatgohga bordi. Muolajadan so‘ng karavotda dam olib yotgandi, chelakda suv, pol artgich ko‘tarib farrosh ayol kirib qoldi. Yigit o‘rnidan turib, stulga cho‘kdi va yuragi achishib ko‘ngli tubida yotgan savolni berdi: “Bu... Tursunoy degan hamshira haliyam ishlayaptimi?”
Farrosh sergaklanib, u tomon yarim o‘girildi:
– Voy, u institutni bitirib, katta do‘xtir bo‘p ketgan. Hozir o‘zimizning do‘xtirxona boshlig‘i.
Yusuf yana so‘rashdan tiyilolmadi:
– Oilali bo‘lsa kerak?
Ayol pol artishdan to‘xtab, yuzlari yorishdi:
– O‘qituvchi yigitga turmushga chiqqan. Sadoqat degan shiringina qizchasi bor.
Yusufning ko‘ngli nurlandi. “Ha, yaxshi bo‘pti” dedi-da, qushdek yengil tortib tashqariga chiqdi. Yoqimli kuz shabadasi esayotgan xiyobondagi qayrag‘och, terak­larning hamon yashil yaproqlari asta chapak chalardi. Sal narida, tepalik bag‘rida bahorda qizg‘aldoqlar orasida qoladigan oddiygina o‘sha xonadon o‘rnida endi qaddi uzoqdan ko‘rinadigan g‘ishtli uy. Eshikdan qizil durrachasi uchini shabadada uchirganicha jilmayib Tursunoy kirib kelayapti. Yonida o‘ziga o‘xshagan, yupqa yuqori labi ustida chiroyli xoli bor qizchasi. Hoynahoy ota-onasini ko‘rgani kelayapti. Chehrasida hayotidan mamnunlik.
Yusuf bu manzarani xayol qildimi yoki rostakamiga ko‘rdimi, bilolmay qoldi. Harholda Tursunoyni shunday ko‘rishni juda istardi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.