OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdusattor Hotamov. Yomg‘irli kunda (hikoya)

Butun boshli kafeda yolg‘iz o‘zim choy ichib o‘tirardim. Tashqarida yomg‘ir sharros quyar, jonsarak shamol guvillardi. Bejirim beton bo‘lakchalari yotqizilgan hovli etagidagi torgina ariq allaqachon suvga to‘lgan, ortiqchasi qiyalab qayoqqadir, ehtimol, keng ko‘chaga shitob bilan oqib ketardi.
Yolg‘on gapirib nima qildim, xayolimning bir uchi ro‘paramda, ko‘cha eshigi ostonasida menga teskari turgan qomati chiroyli ayolga bog‘langan edi. U ham nazarimda yomg‘irdan qochib, shu yerdan panoh topgan, bilmayman, qanday rangda, egnidagi plashi yoqasini yuqoriga ko‘targancha, tamaddixonadan eshitilayotgan mumtoz ashula ohangiga monand asta tebranib turardi. Yana shu nozikkina gavdasi og‘irligini goh u, goh bu oyog‘iga olar, men esa, ha, bechora, o‘zini qiynab namuncha baland poshnali tufli kiymasa, deb achinardim.
Eskiroq bu kafe shiftidagi mitti chiroqlar atrofni olachalpoq yoritar, bunday bulutli kunda esa ichkari va tabiiyki, ostonadagi ayol chehrasi u agar men tomon o‘girilsa ham aniq-taniq ko‘rinmasligi ayon edi. Faqat shu ravshan ediki, uning qaddi tik va nozik, bo‘yi anchayin baland, tusmolimcha, u chindan ham go‘zal bo‘lishi kerak edi.
Ayol hamon kafega orqa o‘girganicha betoqat turar, balki yomg‘irning tinishini yoki kimnidir kutar, lekin ajabki, o‘ng qo‘lini bot-bot dahanigami, yuzigami olib borib, yana tushirardi.
Bir mahal kimdir salom berganday bo‘ldi va o‘girilib qarab novchadan kelgan, qalin, malla sochlari yuqoriga tekis taralgan yigitni ko‘rdim.
— Domla, bu joy bo‘shmi? — so‘radi u qo‘llaridagi choynak-piyolani stol ustiga qo‘yishga chog‘lanib.
Ajablandim, kafe bo‘m-bo‘sh, atayin mening stolimga kelib o‘tirmoqchi. Negadir ro‘yxushlik bermay to‘ng‘illadim.
— Qiziq ekansiz-ku, ana, hamma joy bo‘sh. O‘tiravermaysizmi!
Yigit, tabiiyki dag‘al muomalamdan noqulay ahvolga tushdi, qo‘ymoqchi bo‘lib turgan choynak-piyolasini endi yuqoriroq ko‘tarib, nari ketishga chog‘landi.
Shu asnoda o‘zim istamagan holda qo‘pollik qilib qo‘yganimdan xijolat chekdim.
– E, so‘rab nima qilasiz, o‘tiravermaysizmi, — dedim ovozimni pasaytirib. – Xafa bo‘lmaysiz, shunchaki aytdim qo‘ydim-da.
Ofitsiant qiz likopchada uch six kabob keltirib qo‘ydi. Atrofga sirka aralash piyoz hidi taraldi.
— Oling, — dedi u oramizdan hech gap o‘tmaganday likopchani men tomon surib. — Ko‘p buyuribman, yaqinda ovqatlangandim. Qon topshirmoqchiman, qornim to‘q bo‘lishi kerak. Tajriba bor-da.
— Qon?.. Nimaga?
— E, og‘zimdan chiqib ketipti. Qo‘yavering, qani, kabobga qarang.
Unga bepisand boqib indamay o‘tiraverdim. Yigit choydan ho‘plab daf’atan dadillandi:
— E, olsangizchi. Chin ko‘ngildan. Ammo lekin yomon odatim bor, bir o‘zim hech ovqatlangim kelmaydi.
— Bu yaxshi, — dedim men ham oradagi o‘ng‘aysizlikni ko‘tarishga urinib. — Odam odam bilan tirik.
Yigitning ko‘ngli uchun sixdagi kabobdan bir bo‘lakcha olib og‘zimga soldim.
Ochig‘ini aytsam, ko‘proq yolg‘izlikni xush ko‘rganim uchunmi bu do‘lvar, puchuq burun, peshonasi biroz oldinga turtgan yigitning oromimni buzgani boya g‘ashimga tekkandi.
Yigit likopchadagi kabobni imillab yedi, bo‘lka non ushoqlarini uzun barmoqlari bilan bitta qoldirmay og‘ziga soldi. Keyin stol ustidagi stakanga dumaloqlab qo‘yilgan qog‘oz sochiqqa qo‘llarini artib, o‘zingga shukur, dedi asta.
— Nima ish qilasiz, uka? — deb so‘radim jim o‘tiraverishdan o‘ng‘aysizlanib.
— Bizniki ota kasb. Dehqonchilik-da, — og‘zining tanobi qochdi uning. — Xotinning qo‘lida, fermer xo‘jaligida. — Choydan ho‘plab davom etdi. — Otam rahmatli ham dehqon o‘tganlar. Vasiyat qilgandilarki, tug‘ilgan joyingdan hech qayoqqa ketma, deb. O‘zimcha o‘ylayman, o‘shanda balki hozirgi yaxshi kunlar kelishini bilgandirlar.
— Ha-a-a, otalar ko‘p narsani bilishadi. Sabr yaxshi, ishonch yaxshi.
— Sabrning tagi oltin, deyishsa, avval men ham tushunmasdim. O‘spirin bo‘lganmiz-da, shoshqaloq. Mana endi niyatimiz ushalmoqda. Tuppa-tuzuk yashab yuribmiz. Buyog‘iniyam eshitasizmi? Unda rahmat. Uzr-da, domla, bir ko‘nglimni yozgim keldi. Tushunadigan odamga o‘xshaysiz. Shuning uchun... Shunday qilib otam rahmatli qishlog‘imizdagi qassobning qiziga uylanasan, deb turib oldilar. E, dedim, u qayoqdayu, men qayoqda? Otasining go‘sht-yog‘ini yeb semirib yotgan bo‘lsa, men bir ketmonchining o‘g‘liman-ku, demoqchiydim, tag‘in otam xafa bo‘lmasin, deb indamay qo‘yaqoldim. Otam “Qara, qanaqa polvon, bir ketmon ursa yer zirillaydi” deydilar yana maqtab. U paytlar, hozirgidek konditsionerli traktorlar qayoqda deysiz. Tavakkaliga uylanaverdim. Ammo, lekin polvon xotin to‘qqiz yildayam tug‘madi. Er-xotin... E, bilmadim, bola bo‘lmaganidan keyin shunday deyish to‘g‘rimi-yo‘qmi, xullas, jimgina yashab yuraverdik. Axiri bir kun yur, ikkimiz do‘xtirga boraylik, dedim. Ko‘ndi. Bechora, bolaligida qattiq shamollagan ekan. Davolata boshladim. Bir kun nima deydi deng: “Tuqqunimcha bekor yurmay fermer bo‘laman”.
Suhbatdoshim shu yerga kelganda piq etib kulgandi, qo‘lidagi choy chayqalib, yerga to‘kildi. Parvo qilmay davom etdi:
— Vey, — dedim qo‘limni paxsa qilib. — Kim qo‘yibdi senga fermer bo‘lishni. Bir oddiy qassobning qizi bo‘lsang.
Domla, yaxshiyamki og‘izda o‘ttiz ikkita tish bor. Qo‘rg‘on-da. Bo‘lmasa bu besuyak til yana nimalar demasdi, “hoy, avval xotinligingni bajarib, bittasini tug‘ib qo‘y, keyin boshqa ish qilasan” devorgan bo‘larmidim. Ertalab ayvonda choy ichib o‘tirgandik, farzandsizlik alami o‘tib turgandi, xontaxtaga bir musht tushirgandim choy hozirgidek to‘kildi-ketdi.
Domla, zeriktirib qo‘ymadimmi? Ha, unda yaxshi. Bir gap kelib qoldi-da. Xullas, komissiyaga ariza berdi. Qoyil-e, haqiqat bor ekan, yutib chiqdi! Kollejni bitirgandi, ma’lumoti ham to‘g‘ri kelibdi. Endi ozgina tarixga qaytay. Bir paytlar otam rahmatli xo‘jalik raisiga ekindan bo‘shagan yerdan bir parcha bering, ro‘zg‘orimga kechki kartoshka ekay desa, berishmagan ekan. Mana endi yuz gektardan ortiq yerimiz bor. Hamqishloqlar bilan ishlashib yotibmiz. Qozon ham moy, cho‘mich ham. Shunday bo‘lgach, ayting-chi, men so‘zamol bo‘lmay kim bo‘lsin, domla.
Yigit gapirar, unga mehrim oshib borar, ichimda ishonchning qudratiga tasannolar aytardim. Ko‘nglimning bir chekkasida huzurimga kelayotgan bemorlarga ham tuzalishlari uchun ana shu sodda, ochiqko‘ngil yigitdagidek ishonch bo‘lishini tilardim.
Endi yomg‘ir ham, shamol ham tingan, havo yorishgan, atrof yorug‘likka to‘lib borardi. Birdan eshik tagida asta raqs tushayotgan sarviqomat ayol yodimga keldi va burilib ostona tomon qaradim. Lekin u negadir ko‘rinmas, biroq endi menga buning sira qizig‘i qolmagan, suhbatdoshimning hikoyasi xayolimni band etib bo‘lgandi.
— Xo‘sh, — dedim endi batamom xotirjam. — Davolatganingizdan keyin bolali bo‘lgandirsiz?
Shu payt qaltis savol berganimni payqab qoldim. “Yo‘q, desa qanday ahvolga tushaman. U-chi? O‘zi ko‘p savol berish do‘xtirlarning kasbiy odati”, o‘yladim ko‘nglim g‘ashlanib.
Yigit xuddi sabrimni sinayotgandek piyoladagi sovib qolgan choyni shoshmay simirdi. Keyin davom etdi:
— Qayni singlimning erini mashina bosib, to‘rtta bolasi yetim qolgandi. Shulardan olmaymizmi, deb ko‘p maslahatlashdik: savob bo‘ladi, bizga ham yaxshi, unga ham dedik. Tag‘in o‘yladik: Hoy, insonmisizlar o‘zi, kimga to‘y, kimga azami, deb qolsa qanaqa odam bo‘lamiz. Tavakkal qilib borib aytdik. Bechora, katta-katta ko‘zlarini ochganicha bizga baqrayib qoldi. Keyin teskari qarab olgandi, yelkalari uchib-uchib tushdi. Nazarimda, jimgina yum-yum yig‘lardi. Ko‘rpachaga qaragancha haykaldek qotib qoldik. Keyin... E, agar qo‘limdan kelsa, vaqtga haykal qo‘yardim, odam bolasi hamma narsaga ko‘nikarkan. Birozdan keyin burnini tortib-tortib bizga qaradi. So‘ng ko‘zlari qizargancha: “Mayli, — dedi ovozi titrab, — peshonamga yozilgani shu bo‘lgandan keyin nima ham qila olardim”.
Mana shunaqa. Hozir o‘sha asrab olgan bolalarimizning ikkovi ham maktabda o‘qishayapti. Onalari aziz mehmonimiz, uyiga ham yuborib turamiz. Bolalar uniki ham-da.
Yigit birdan zavqlandi:
— Mana endi xudo o‘zimizga ham berdi. O‘g‘il! Do‘xtirlarning aytishlaricha, sog‘lom, polvon yigit.
— Qachon? Necha yoshga chiqdi? – dedim men ham to‘lqinlanib.
Yigitning ko‘zlari battar yondi.
— E, bugun, hozir, bir soat bo‘ldi!
— Unda tabriklayman, — stuldan yarim turib qo‘l uzatdim. Quvonayotganimni tasdiqlash uchun davom etgim keldi. — Ismini nima qo‘ymoqchisiz?
— Bu bizning ish emas, domla. Onam borlar. O‘g‘il bo‘lsa Bekmurod qo‘yamiz deganlar. Ammo lekin zo‘r-a! Axir hammamiz murodu maqsadimizga yetayapmiz, to‘g‘rimi?
— Juda to‘g‘ri, — dedim va shoshib so‘radim. — Oldinda ko‘p to‘ylar bor ekan. Aytarsiz?
— Albatta. Yangi “Neksiya” olganman. Qorasidan. Savlatli-da. Shuni sizga yuboraman. Tag‘in o‘ylamang xushomad qilayapti, deb. Menga vazifangizning sira ahamiyati yo‘q. Faqat o‘g‘ilchalik bo‘lganimda birinchi uchratgan odamimsiz, xolos. O‘rtancha o‘g‘limizning sunnat to‘yiga qo‘shib, o‘zimizning dala shiyponida katta osh beraman. Yetti karnaychi-surnaychini aytaman. Bi-i-i-r qishloqqa jar solsin.
Yigit battar zavqlanib o‘rnidan turdi:
— Atrof bog‘. Qora, sariq giloslar pishib yotgan bo‘ladi. Yerimiz baland. Anhorga charxpalak o‘rnatganmiz. Boqqa suv haydaydi. Qushlar... Balki ja-a-a, oshirvordi deyayotgandirsiz. Sirayam! Borsangiz ko‘rasiz. Tovuslarim ham bor. “Prokat”ga so‘rab turishadi. Shiyponda bir kecha qolasiz. Ana jannat! Toza havo — dardga davo. – Yigit taraddudlandi. — Endi men borib, qon topshiray. Vaqti-vaqti bilan shunday qilaman. Mayli, qaysidir kasalga kerak bo‘lar.
U tashqariga yo‘naldi. Shunda yigitning bo‘y-bastini yaqqol ko‘rdim. U avval o‘ylaganimdek ozg‘in, nozik emas, aksincha, keng yelkali, o‘ziga ishongan, alpqomat edi.

* * *

Xonamga kirib, oq xalatimni kiyayotgandim, kimdir eshikni sabrsizlarcha taqillatdi. To kiring degunimcha eshik g‘iyqillab ochildi. O‘girilib qarasam kafeda ko‘rganim — o‘sha ayol! Sochlari orqasiga chiroyli turmaklangan, yupqa plashi yoqasi yuqori ko‘tarilgan, kechirasiz, oyog‘iga ham qarab ulgurdim, mix poshna “lodka” kiygan. Qarashlarida bepisandlikmi, kibormi sezilib turardi.
— Keling, — dedim joyimga borib o‘tirib. – Nima bezovta qilayapti?
Shunday dedimu boya tamaddixonada tasavvur etganimdek yuzi sutga chayilgan misol oppoq emasligi, ichidan qoramtir sariqqa tortayotganligini payqadim. Lekin nimpushti bo‘yoq surtilgan bordan yo‘qqina ingichka lablari va albatta, jon olguchi qop-qora, o‘ynoqi ko‘zlari ta’siriga tushib qoldim.
— Gapingiz qiziq-ku, — dedi u so‘ramasdan ham ro‘paramdagi stulga cho‘karkan. — O‘zi sizga nega kelishadi? Kashandalikdan qutilish uchunmi?
Kutilmagan ta’nadan gangib qoldim.
— Ha, ha, albatta. Lekin baribir suhbatlashishimiz kerak. Suhbat esa o‘zingiz bilasiz, savol-javobdan iborat bo‘ladi, — dedim arang.
— Roziman. Lekin avval men savol beraman, xo‘pmi?
— Xo‘p.
— Chekishni tashlab bo‘ladimi?
Ayol shunday dediyu menga ishva bilan qarab turaverdi. Boqishiga bardosh berolmay ko‘zimni olib qochdim.
— Bu irodangizga bog‘liq, — dedim endi unga qiyo boqib.
— Iroda? Bu rasmiy gap. Harakat deng qo‘ying.
— Xo‘p, shunday bo‘la qolsin.
U oyoqlarini chalishtirgancha, o‘rnashib o‘tirib oldi.
— Bunga irodaning nima aloqasi bor, hayronman. Dori bering qo‘ying-da. — Keyin ovozini balandlatib davom etdi. — Erim agar kashandalikni tashlamasang qo‘yvoraman deyapti. Tag‘in aytadi: bunaqa tutunxo‘rligingni bilganimda senga ikki dunyoda ham yaqin yo‘lamasdim. Menga invalid bola kerakmas, deydi. Johil! O‘zi uyda bo‘lmaydi hisob, uzoqqa avtobus haydaydi. Rashk qilganiga o‘laymi! Almisoqdan qolgan gapni qaytaraveradi. Bir kun astanovkada og‘zida sigaret bilan bola emizib o‘tirgan xotinni ko‘rganmish. Bola yig‘lasa ham tortib-tortib chekarmish. So‘kib beripti. O‘zi chekmaydi-da. O‘shani tanirkan. Yuragimi, o‘pkasimi kasal bola tug‘ipti. Shunga sizdan sigaretga qarshi dori so‘rab keldim. Topib berarsiz, harholda erimdan ajralib qolishimni xohlamasangiz kerak? — Ayol jilmaygandi dumaloq ikki yuzidagi kulgichlari o‘ynab ketdi. Afsus, uning chiroyiga zid holda ko‘p chekuvchilarda bo‘lganidek chakaklari ichiga torta boshlagandi.
– Ha, albatta, qo‘sha qaringlar, — dedim jiddiy. Keyin so‘radim:
— Endi savol berish mening navbatim, shekilli.
— Roziman. Faqat bo‘ladigan gapni ayting. Firmada ish ko‘p. Tutatishgayam vaqt yo‘q. Shuning uchun sizni kutib kafe eshigida bir xumordan chiqdim.
Xayolimga boya uning orqa o‘girganicha bir qo‘lini tez-tez yuzi tomon ko‘tarib tushirayotgani keldi. Demak, o‘shanda chekayotgan ekan.
— Necha yildan beri chekasiz?
Ayol boshini baland ko‘tarib, qah-qaha otib kulgandi og‘zi to‘la tilla tishlari yaraqlab ketdi.
— Stajingiz demoqchisiz-da? Voy, ko‘-o‘-p!
Keyin qiziq, shu ondayoq jiddiylashgandi surma tortilgan mastona ko‘zlari burchaklarida kulganida paydo bo‘lgan bilinar-bilinmas ajinlar ko‘rinmay qoldi. Shu tobda ro‘paramda hali tamaddixonada o‘tirganimda men o‘ylagan sohibjamol, hayoli ayol emas, aksincha, qandaydir chapani, erkaksifat xotin turganini payqadim.
— Tushunarli, — dedim boshimni sarak-sarak qilib. So‘ng o‘yladim: bu tamanno xonimchaga nikotin sarg‘aytirgan o‘zining tug‘ma tishlari allaqachon sira yarashmay qolgan bo‘lsa kerakki, tilla tish qo‘ydirib olgan. Tavakkaliga so‘radim. — Kamida sakkiz-o‘n yil bo‘lgandir?
U kaftlari bilan tizzalarini shapillatib urdi:
— Balo ekansiz, topdiz!
Keyin jimib, o‘y surgandek hikoya qildi:
— Otam amaldor edi. Meni juda yaxshi ko‘rardi. Uch o‘g‘il ichida yolg‘iz qiz bo‘lganim uchun ko‘p erkalatardi. Lekin xarakterim o‘g‘il bolaga o‘xshardi. Hozir ham! — U kuldi. – O‘shanda erkaligim tutsa, akalarimni tutib olib urishdan ham toymasdim. Otam o‘g‘il bola qizimga hamma narsa mumkin, derdi. Bilmayman, qaysi sinfda o‘qiyotganimda tokchada turadigan otamning sigaretini chekardim. Avval havasga, keyin odat bo‘ldi qoldi. Akalarimga agar otamga aytsalaring kunlaringni ko‘rsataman, derdim. Qo‘rqishardi. Chunki otam ko‘p ichib kelar va bunday paytlarda uchchala akamniyam do‘pposlashdan toymasdi.
Ayol birdan sergaklanib, qo‘l telefoni soatiga qaradi:
— Kech qolayapman, aka. Mana, tariximni ham eshitdingiz. – U chaqmoqtoshdek qora sumkasidan bir dasta yirik pul chiqardi. — Xo‘sh, qancha turadi?
Ko‘nglim battar xijil bo‘lib:
— Dori bizda bo‘lmaydi, — dedim. — Avval analiz topshirishingiz kerak. O‘pkangiz, umuman, sog‘lig‘ingizni tekshirishimiz lozim.
Shunday deb tibbiy ko‘rikka yo‘llanma yozishga tutingandim ayol baqirib yubordi:
— Nima, meni bekorchi deb o‘ylayapsizmi? Chekishni tashlashga ham shuncha ovoragarchilikmi?
Ayolning baqirig‘i uning kelishgan qomatiyu chiroyli chehrasiga sira mos emasdi.
U javobimni kutgandek bir zum o‘qrayib turdi-da, hayronligimdan taajjublanib, hafsalasi yo‘qoldi va qo‘lini siltadi. Keyin zardali piching qildi:
— Fu-u! Shungayam asabimni buzishim kerakmi? Qo‘yvorsa qo‘yvormaydimi, boshqasiga tegvolaman. — Bu gapni hazillashib aytdimi yoki chin – tushunolmadim.
Ayol shahd bilan turib chiqdiyu ketdi. Menda esa u haqdagi ilgarigi tasavvurimdan zarra ham qolmagan, umrimda hanuzgacha sira tuymagan atir aralash o‘tkir sigaret hidi, allaqanday tushunarsiz bir narsa ko‘nglimni behuzur qilardi.

* * *

Hikoyam shu yerga kelganda o‘ylanib qoldim. Nima, bu ayol chiroyli bo‘lgani uchun... yomonmi? Yo‘q, yaxshi, aniqrog‘i sohibjamol. Lekin donishmand yozuvchilardan birining insonda hamma narsa go‘zal bo‘lishi kerak, degan hikmatli gapi ham bor. Ayni chog‘da tamaddixonadagi suhbatdoshimning “polvon” ayoli ko‘z oldimga keldi. Fermer ayol... Dilim yorishdi. O‘-o‘, u boshqa bir dunyo. Avvalo eri! Aytganday, ishxonamning manzilini so‘rab olgandi. To‘yga chaqirarmikan? Chaqirsa, albatta boraman...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.