"Qadimda bo‘lgan edi..."
Yarim kechada qo‘ng‘iroq jiringladi. Sobir qattiq uxlab qolgan ekan shekilli, uyg‘onib, yuragi o‘ynab ketdi. Ichki kiyimda birpas o‘rnidan turgancha qotib qoldi. Telefonmi yoki eshik? U to o‘ylaguncha yana jiringlagan ovoz eshitildi. Ha, eshik. Kim bo‘ldi ekan yarim kechada kelgan? Bunaqa paytlarda keladigan betayin tanish-bilishi yo‘q edi, chamasi.
– Kim? – dedi Sobir kiyina turib. – Kim kerak sizga?
– Sobirjonlarniki bu yer? – erkak kishining ovozi keldi.
– Ha, nimaydi?
– Men kelgandim, Sobirjon, Farg‘onadan. Tanimayapsizmi?
Sobir ikkilanib eshikni ochdi.
Ro‘parada setka ko‘targan, baroq qoshli, ikki yuziga chertsa qon tomadigan 50-55 yoshlardagi kishi turardi. U katta, lekin yumshoq qo‘llarini uzatdi.
– E, yashang-ey, Sobirjon. Tanimaysiz ham-a!
Sobir hali uyqusi o‘chmaganligi uchun biroz xayron bo‘lib turdi. Keyin kutilmagan mehmonni istamaygina ichkariga taklif qildi. Orqasidan kirib kelgan notanish xursand edi.
– Obbo, Sobirjon-ey. Shu yerda turaman deng. Naq osmon bilan yerning o‘rtasida-ya. Ishqilib yaxshi yuribsizmi?
Mehmon mulozamat ham kutmay uy to‘ridagi divanga cho‘kib, yuziga fotiha tortdi:
– Qadam yetdi, balo yetmasin. Shu uydan baxt arimasin.
Notanish gapirar ekan, Sobir uni qaerda ko‘rganini eslashga harakat qila boshladi. Kim u? Nima qilib yuribdi uning kvartirasida?
– O‘sha dahshatli urush tufayli invalidman. Poezdda turtinib-surtinib yurolmayman. Ob-havo yomon bo‘lib, samolyot uchmadi. Uch-to‘rt soat aeroportda qolib ketdim. Tog‘ bilan tog‘ uchrashmasa ham odam bilan odam uchrashar ekan. Mana, keldik-da mehmonga, jiyan.
– Juda yaxshi-da. Ajab qipsiz, – Sobir sir boy bermaslikka harakat qildi. Lekin notanishning “jiyan” deyishi g‘ashini keltirdi.
– O‘shanda xafa bo‘lmay ketdingizmi, jiyan. Bu gostinitsa masalasi shunaqa ekan-da. Men ham ko‘p xijolat bo‘ldim. Buni qarangki, bu yerda ham shunaqa-ya! Unisiga bordim, bunisiga bordim, hammasida joy yo‘q. Bu administratorlarning tanglayini “yo‘q” bilan ko‘targanmi deyman.
Sobir unga qarab turarkan, fotiha o‘qishiga razm solar, xayoli esa boshqa yoqda edi.
Bundan chamasi besh yil oldin yoz ta’tilida xotini bilan Farg‘onaga borgan edi. O‘shanda ular samolyotdan tushganlarida qorong‘i bo‘lib qolgan, Sobir bir qo‘lida kiyim-kechak to‘ldirilgan chemodan, boshqasida mayda-chuyda yemish ko‘tarib, yonida xotini bilan hayron turardi. Shunda u tavakkal qilib sayohatga chiqib, xom o‘ylaganini sezdi. Bu yerlarda na bir qarindoshi bo‘lsa, na tanishi. Biror yotoq topish u yoqda tursin, hozir shahar qayoqdaligini ham bilmay boshi qotib qoldi.
Aeroportning orqa tarafidagi avtobus bekatiga kelishganda, gavdali, ziyolinamo, yaxshi kiyingan, shlyapali kishi ro‘para bo‘ldi. Qo‘lidagi setkada oq qog‘ozga nimadir o‘rog‘liq.
– Bitta chektirmaysizmi? – dedi u salomlashganlaridan keyin chiroyli jilmayib. – Shu payt ja xumor qilib qoldi. Sigaret narigi kostyumda qolibdi.
U yaqinroq kelganida og‘zidan yoqimsiz hid keldi. Notanish ichgandi. Sigaretani o‘t oldirish uchun gugurt chaqqan Sobir bu hiddan beixtiyor boshini nari oldi.
– Yo‘l bo‘lsin endi? – notanish savol berdi.
– Salqinlagani. Bir-ikki kun shaharda bo‘lamiz. Keyin Shohimardonni ziyorat qilsak degandik.
– Do‘zaxning eshigi ochilib ketdi-ku, birodar.
– Ha, endi yoz-da, – cho‘zilgan suhbatdan Sobirning ensasi qota boshladi. Nariroqda “Turaverasizmi?” deganday xo‘mrayib olgan xotiniga ko‘zi tushdi.
– Agar yorug‘ dunyodagi do‘zax shu bo‘lsa, narigi dunyodagisi qanaqa bo‘larkin?
“Toza ezma ekan, – o‘yladi Sobir biroz asabiylashib. "Mabodo tushsangiz bilasiz”, deb yuborishdan o‘zini arang tiydi.
Taksi kutishayotgandi, avtobus kelib qoldi. Sobir xotini bilan oldingi eshikdan chiqib oldi. O‘rtadagi o‘rindiqqa o‘tirishgan edi, boyagi kishi ularning qarama-qarshisidan joy oldi.
– Mehmonxonaga olib borar?– so‘radi Sobir notanishdan taxmin qilib.
– Ha, lekin joy otliqqa ham yo‘q, birodar.
Sobir indamadi. Birozdan so‘ng boyagi kishi Sobir tomon egildi.
– Keling, o‘zim olib boray. Mehmon ekansiz, joylashtirib qo‘yaman.
Avtobus chayqalib-chayqalib borar, binolar peshtoqidagi rang-barang yozuvlar ko‘zni qamashtirardi. Uch-to‘rt chaqirimdan keyin pinakka ketay degan notanish sergaklanib, atrofga alangladi.
– Tushamiz, – dedi u. – Hozir bizning ostanovka, mehmonlar.
Sobir uning so‘ziga kirishni ham, kirmaslikni ham bilmay, xotiniga qaradi. U esa indamay turardi.
– Tushdik, o‘tib ketamiz bo‘lmasa, – boyagi kishi yana undadi.
Avtobus to‘xtash joyining ro‘parasida haqiqatdan ham mehmonxonaning jimjimador yozuvlari ko‘zga tashlanib turardi. Kiraverish chap tarafidagi burchak faner bilan to‘silgan bo‘lib, stulda chiroyli yuzli, sochlarini orqasiga turmaklab olgan ayol kitob o‘qib o‘tirardi. To‘g‘risida esa “Joy yo‘q” deb bitilgan taxtacha.
– Meni taniyapsizmi? – dedi notanish registratorga qo‘lidagi setkasini asta peshtaxtaga qo‘yarkan.
Ayol kitobdan boshini ko‘tardi:
– Taniyapman.
– Kim bo‘laman?
– Joy so‘rovchi klient, joy esa yo‘q. Ana, yozib qo‘yilibdi.
Notanishning yuzlarida darg‘azablik belgilari paydo bo‘ldi.
– Men bundan uch yil ilgari shu gostinitsaga direktor bo‘lganman. Qalandarov degan familiyani eshitganmisiz?
– Tilimni kesib beraymi sizga? Joy yo‘q dedim-ku. Keyin direktor bo‘lgan bo‘lsangiz, oylik olgansiz. Bundan tashqari kayfingiz bor sizning. Gaplashmayman!
– Kimga shunaqa muomala qilayapsan? Urush invalidigami? Sendaqa odamgarchilikni bilmaydiganni ofatdan saqlayman deb invalid bo‘lganman! Yelkamdan o‘q yeganman.
U shunday deb peshtaxtaga bir musht urgandi, omonat turgan setka narsasi bilan yerga sharaqlab tushdi. Atrofga zarxal yugurtirilgan nafis chinni buyumlar parchalari sochilib ketdi.
Qalandarov titrab ketdi. Bu titrash kayf ta’siridanmi yoki jahldan – bilib bo‘lmasdi.
Sobir noqulay ahvolda qoldi.
– Qo‘ying, – dedi u xotinining “boring” deb qilgan imosidan keyin. – Qo‘ying, xafa bo‘lmang. Joy bo‘lmasa bo‘lmapti-da. Biror xonadon toparmiz.
Bu orada registrator o‘rnidan turib, tez-tez yurgancha ikkinchi qavatga chiqib ketdi.
Sobirning Qalandarovga rahmi keldi. O‘zidek yetti yot begonaga qanchalik jon kuydirayapti. U shu odamning o‘rnida bo‘lganida ehtimol shunchalik qilmasdi. Buning ustiga noyob, qimmatbaho chinnilari chil-parchin bo‘ldi. Balki u chinnilarni kimgadir sovg‘a qilishga olgandir? Sobirning ko‘z oldida otasi namoyon bo‘ldi. Kasal holiga qaramay, protez oyog‘ini to‘q-to‘q etib, g‘irchillatib u tomon kelayotganday, “Nega bir nogironni ishga solib, joy oldiryapsan? Men senga shunday bo‘lgin deb tarbiya berganmidim, o‘g‘lim?” deyayotganday tuyuldi.
Sobirning yuragi g‘ashlandi. Kundalik ishlar bilan o‘ralashib, otasining bittagina iltimosini bajo keltira olmaganini, ya’ni u qachonlardir jalada qolganida yonida ivib ketgan urush nogironligi guvohnomasini yangilab bermagani, sening ishing ko‘p bolam, o‘zim to‘g‘irlayman degan otasi rosa ovora bo‘lganini esladi. “Mana, senga odamgarchilik, – o‘yladi u alam bilan. – Mana, yemay yedirib, kiymay kiydirib o‘stirilgan farzandning otaga munosabati. Bitta ota o‘nta bolani boqadi, lekin o‘nta o‘g‘il bitta otani boqa olmaydi, degani shu ekanmi-ya? Bu yerda – begona shaharda esa otasi singari bir nogiron uni og‘ir ahvoldan qutqarmoqchi”.
Registrator ayol oyoqlarini asta-asta bosib, ikkinchi qavatdan tushib keldi.
– Qani, bering hujjatlaringizni, – dedi u bu gal yumshab.
– Menga emas, mana bu bolalarimga kerak joy. O‘g‘lim, kelinim bo‘lishadi.
Yolg‘on gapga Sobirning g‘ashi keldi. Lekin otasi yodiga tushib, notanishga ich-ichidan rahmat aytib turardi.
Sobir xotini va ularga ergashgan Qalandarov bilan ko‘rsatilgan xonani topib chiqdi. Bu yerda bejirim yog‘och krovatlar, kiyim shkafi, stol va ikki stul bor edi. Qalandarov stol ustidagi grafindan stakanga suv quyib ichdi-da:
– Endi menga ruxsat, mehmonlar. Beodobgarchilik qilgan bo‘lsam, xafa bo‘lmaysizlar. Bayram arafasida... Biroz og‘izga tekkandi. Umuman, agar bu beodobgarchilik hisoblansa, ishni bitirish uchun ham kerak, – dedi jilmayib.
Notanish xayrlashib chiqib ketdi. Birozdan keyin yana qaytib kelib qoldi. Shimining cho‘ntagidan ruchka va yon daftar chiqardi. Stulga o‘tirib, tez-tez yozdi.
– Mana, – dedi u Sobirga bir parcha qog‘ozni uzatib. – Bir ko‘rgan tanish, ikki ko‘rgan bilish. Bizning adresimiz bu. Vaqti-soati kelib uyga o‘tarsizlar.
Boya tuzukroq rahmat aytishni unutgan Sobir ham o‘z uy manzilini yozib, unga tutqazdi:
– Yo‘lingiz tushganda kiring. Bugungi xizmatingiz uchun bir piyola choy uzatay.
* * *
Sobir mehmon boya qo‘lini fotihaga qiynalib ko‘targanini esladi. Bu – o‘sha, mehmonxonadan joy topib bergan Qalandarov. Qaytar dunyo ekan. Qiyomat qarzni qaytarish vaqti ham keldi.
– Sobirjon, – dedi mehmon ertalab choy xo‘plar ekan, – siz bir aralashadigan ish bor edi-da.
– Qo‘ldan kelsa bajonidil, – sergaklandi yigit.
– Keladi. Sizdek kasb egalarining qo‘lidan kelmaydigan ish bormi dunyoda? Faqat o‘shanda gostinitsa masalasida sipolik qilgansiz. Bo‘lmasa men aralashmasam ham olardingiz joyni. Xatga tushding, o‘tga tushding, degan gapni bilasiz-ku. Shunga o‘xshab noto‘g‘ri ish qilsa, man-man degani ham qo‘rqadi sizlardan. Ish bor joyda esa kamchilik bo‘ladi.
Borishgan idorada Sobirning so‘zlarini diqqat bilan tinglagan ayol uzun albomga o‘xshash daftarni ochdi va yozuvlarni ko‘zdan kechirarkan, asta bosh chayqadi:
– Mumkin emas, ukajon. Sira mumkin emas.
– Jamoat transportida yurishga qiynaladilar. Vaziyat shuni talab qilayapti. Qo‘llanmaning izoh joyi bordir, axir.
– Bo‘lmaydi, ukajon, bo‘lmaydi. Eski markadagi “Zaporojets”ni yaqinda olganlar. Yangi markadagisini vaqt kelganda oladilar. Bir kun ilgari o‘zlariga ham aytganman. To‘g‘rimi, amakijon?
Boyadan beri jim o‘tirgan Qalandarov avval qizardi-da, keyin o‘rnidan shasht bilan turdi.
– Qo‘llanmani ko‘p ta’kidlayvermang, qizim, – u bilinar-bilinmas titrar, ichidan otilib kelayotgan g‘azabni zo‘rg‘a bosib turar, rangi oqara boshlagan edi. – Qo‘llanma odam uchun chiqarilgan. Namuncha hammang qog‘ozga yopishib olmasalaring.
Qalandarov ovozida xirillash aralash titrash kuchaydi va ko‘kragini changallab o‘tirib qoldi.
Sobir Qalandarovni taksiga o‘tqazib, uyiga kelarkan, bir ko‘ngli bu ishga aralashib xato qilganini o‘yladi. Baribir iltimosi bajarilmadi. Keyin o‘ziga tasalli berdi: ”Bunday frontchilar uchun yanglishsang ham savob!”.
* * *
Kvartirasi eshigi tagida oyoq kiyimlari ko‘payib qolibdi. Ota-onasi kelibdi. Xursand bo‘lib ketdi.
– Bolalaringni sog‘indim, – dedi otasi ko‘risharkan. – Seni-ku har ikki-uch kunda ko‘rib turaman. Lekin bolalaring ko‘z oldimdan ketmay qoldi. Onang bilan kelaverdik.
Shu payt uning ko‘zi orqadan kirib kelayotgan Qalandarovga tushdi-da, jim bo‘lib qoldi. Peshonasidagi ajinlar ko‘payib, yuzi bo‘g‘riqib ketgandek bo‘ldi. Og‘ir-og‘ir nafas oldi va gandiraklab divanga borib cho‘kdi. Sobir beixtiyor Qalandarovga qaradi. Uning yuzida biror narsadan qo‘rqqan boladek xavfsirash alomatlari ko‘rindi.
– Menga uzr, – dedi u ruhan qiynalayotgani shundoq sezilib. – Kecha kelgan kunimoq samolyot uchun qaytishga bilet olgandim. Xayolimdan ko‘tarilibdi. Men boray.
U ostonadan ortiga qaytarkan, cho‘ntaklaridan olib, pulini sanayotgan, hali ketib ulgurmagan taksi shofyoriga: ”Aeroportga!” dedi hayajon aralash baqirib.
Yigit uyga kirib, ota-onasi bilan so‘rashdi.
– Bu nopokni nima qilib ergashtirib yuribsan? – dedi otasi Sobirga.– Seni aralashtiradigan qanaqa ishi bor ekan?
Sobir hammasini gapirib berdi.
Otasi battar tutoqib ketdi:
– Nomard u, bo‘lmasa urushga bormay, qing‘ir yo‘llar bilan invalidlikka chiqib olarmidi? – Keyin battar jahli chiqdi. – Nomardgina emas, frontchilarning soyasiga ham arzimaydi.
Sobir xijolat bo‘ldi:
– Balki o‘xshatgandirsiz?
– Hech o‘xshatganim yo‘q. Ilgari men bilan bir joyda yashagan. Urushga chaqirilish arafasida ichib kelib, uyning uchinchi qavatidagi zinadan pastga dumalab ketgan. Yelka suyaklari singan. Bir qo‘lining nogironligi shundan. Endi esa imtiyoz talab qilib yuribdi.
Sobir o‘ylanib qoldi. Qiya ochiq eshikni zichlab yopib keldi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.