Xiyobondagi bog‘kursida yolg‘iz o‘zi o‘tiribdi. Ko‘rib turibman, anvoyi gullarga termilib bahra olayotgani yo‘q. Xayoli boshqa narsada.
Sigaretni chetga otdim-da, borib uning yoniga yalpaydim. U, ko‘zlarini jovdiratib, menga bir qarab qo‘ydi. Sezdimki, g‘irt o‘shandaqalardan.
To‘g‘risini aytsam, unga qarab turib, negadir achinib ketdim. Hali yoshgina ekan.
Kelib o‘tirishga o‘tirdim-u, birinchi bo‘lib gap otishga yuragim betlamay, kalovlanib qoldim. Diqqatim oshib, yana sigaret tutatdim. Shunda u men tomonga moyilon bo‘lib, ko‘zlarimga sinchkovlik bilan tikildi. Chiroyli jilmayib qo‘ygach, shamador bir so‘z qotdi:
– Peshma-pesh chekib qoldingiz? Yanglishmasam, biron narsaga xumor bo‘lyaptilar shekilli?
Yosh bo‘lsang ham, ko‘p ishni ko‘rganga o‘xshaysan, deb o‘yladim ichimda. Ayni paytda, tuzog‘imga o‘zi bosh tiqqanidan ko‘nglim yorishdi.
– Xumor bo‘lganda qandoq! – dedim sumalakdek suyulib. – Birga gaplashib xumor yozadiganni topolmay dog‘damiz xolos.
Endi u menga yaqinroq surilib, kutilmaganda, gapni dangalidan boshladi.
– Biz ikkitamiz, – narigi bog‘kursida o‘tirgan sherigini ko‘z qirida ko‘rsatdi u. – Agar, sizniyam do‘stingiz bo‘lsa...
– Umrimda hech kimga do‘st bo‘lmaganman! – deya ochig‘ini aytib qo‘yaqoldim men. – Ammo-lekin, meni ikki kishi deb hisoblayveringlar.
– Yo‘g‘-e! – ishonqiramay, menga boshdan-oyoq razm solib chiqdi u. – Sizni qiynab qo‘ymaylik tag‘in?
O‘zimni salobatliroq ko‘rsatishga tirishib, chimirilgancha dimoq ishirdim.
– Ming shukurki, shungayam qiynaladigan ahvolga tushganimizcha yo‘q, – dedim gerdayib va «odatiy standart»ga nisbatan ikki hissa ko‘p pul uzatdim. – Qani, tezda do‘konga yugursinlar-chi, yigitning guli. Sen vino olib kelguningcha, sheriging ikkovimiz stakan topib turamiz.
1978 yil.