Bola o‘choqboshida edi.
Taryok urib o‘tirgan nashavand chollar orasidan otasining bo‘g‘iq va zahil ovozi eshitildi.
Shiftidan belga qadar tutun qoplagan o‘n bir balor tarafga ikki bo‘lak novvot, bir tugunchak parvarda olib jo‘nadi.
– Choy! – dedi otasi – Ko‘kchoy damla, achchiq bo‘lsin.
Ta’kidni undan bo‘lak hech kim eshitmasdi. Mehmonlar turli alfozda; qiyshayib, tebranib, chayqalib, muk tushib, mudrab o‘tirardi. Otasi piyolani bo‘ynidan baland ko‘tarib, boshi egik qotib qolgan edi go‘yo.
– Hozir, – dedi parvardani dasturxonga sochayotib.
– Nima deding!?
Achchiq shapaloq bolaning chap yuzini qizartirdi. So‘ng qizidi.
Qishning suyakteshar va zamharir ayozi nam tepgan qaboqlarini simmillatdi.
U hech qachon tarsaki yeb ko‘rmagandi.
– Gapning fahmiga yetmaydigan befarosat! – Uy egasi bir bo‘lak novvotni tilining tagiga tashlab, cho‘lpillatib shima boshladi.
– Xo‘pning otasi o‘libmidi, ah, go‘dakkina!? – Qotma boboy qo‘lini peshonasiga tirab, ko‘zlari suzilib cho‘kib ketaverdi.
Issiq va dimiq hovirning zo‘ridan deraza oynalari terchilay boshladi.