Oqsoch Baxmalning o‘rmonzor qoyalari osha tong ko‘tarilib keladi.
O‘ktam cho‘qqilarning kumushrang qorlaridan en olib shoshayotgan jilg‘a ustida parlanayotgan bug‘ misoli subhidamning rutubati o‘ynaydi. Oynaday tiniq suv ostida turfa xil qayroq toshlar marvarid kabi jimir-jimir qiladi. Terisi shahdiga torlik qilayotgan qulunday o‘ynoqlab borayotgan jilg‘a tong mufassal yetib kelmagan qishloqlarning pastqam uylarini oralab ketadi.
Kunchiqardan ko‘tarilib kelayotgan oftobning avvaliga qontalash pushti pardasi – shafaq bo‘y ko‘rsatadi. U quyoshning yuzini to‘sib olgan ulkan yelkan yanglig‘ tobora balandlay boshlaydi. So‘ngra tog‘ biqinidagi ovullar tepasida muallaq turib qolganday bo‘ladi.
Biroz o‘tib, enishga – Muzbel ustiga qarab yuradi.
Shu kez Tuyatortar kanalining loyqa havzalarida, serqamish botqoqlarda, bepayon maysazorlardagi marjon donalariday yiltillab turgan shudringlar yuzida tongning aksi ko‘rinadi. Qibladan esayotgan zaif shabada bo‘ydor qamishzorlar, qo‘zi terisi yanglig‘ yaltiroq bo‘z dalalar, qo‘shquloq yalpizlar hidini omixta qilib Qoravultepa tomonga enib ketadi. Kunbotardagi zovurlar ustida bug‘ ko‘tarilib, o‘sha tomondan loyshang tuproq va sizot suvning yoqimsiz hidi taraladi.
Eng chetdagi hovlida avvaliga chiroq yondi, bir pas o‘tib tandirxona tomondagi mo‘ri mukkasidan ketgan kashandaday tutun puflay boshladi.
– Egningga qalinroq narsa tashlab ol, – Uyning to‘ridagi taxta supada yotgan o‘rta bo‘yli kishi xotiniga yuzlandi – Yozda yopinchig‘ingni tashlama, qishda o‘zing bilasan, degan.
Pechga o‘tin qalab, supra yozib xamir iylayotgan xotini eriga bir qarab qo‘ydi.
– Qachon uyg‘onib ulgurdingiz, tashqarilaysizmi? – Ayol xira chiroqning miltiroq nurlari ostida supa tomonga tikilib qaradi – Cho‘chimadingizmi?
Erkak indamadi. Og‘ir xo‘rsindi, ortidan xo‘rsinig‘ini pardalash uchun tomoq qirib qo‘ydi. Fonusning tutun qoplab borayotgan shishasidan taralayotgan zaif nur yuzidagi qiyofani xotinidan yashirayotgandek edi go‘yo. Atrofda ikki kishining qadam tovushlari, yengil va ildam harakatlari sezilardi. Ayoli tun yarimida turib, xamir qoridi, oshxonadan talqon olib kelib hafsala bilan shakar aralashtirdi. Sariyog‘ni jizzillatib kuydirib, bankaga lim qilib to‘ldirdi. Eski bir ro‘molni yuvib, pechga sershox buta qadab ustiga tashlab qo‘ydi. Qo‘shni xonadan qatir-qutir qilib bir nimalar ko‘tarib keldi: lash-lushlar orasida yarim savat tuxum, bir belbog‘ qurt bor edi. Ikkita yelim idishga qult-qultlatib sut quydi. Kadidagi qatiqdan yog‘och qoshiq bilan bidonga sola boshladi. Taxmondagi sandiqdan yong‘oq-mayiz olib tuguncha qildi.
Bu paytda uning kenja o‘g‘li atrofida kuymalanib yurar, onasining og‘zidan chiqqan har qanday buyruqni so‘zsiz do‘ndirar, va yana imoga ilhaq qarab turar edi. Uning bundan birgina ilinji, to‘g‘rirog‘i, maqsadi bor edi: Shaharga borsa, akasini ko‘rib, birga o‘qishxonalarini tomosha qilsa. Kinolarda ko‘rgani – tramvay, trolleybuslarga o‘tirib, shaharning sershovqin ko‘chalarida sayr etsa. Shinam magazinlarni, turli-tuman yeguliklar sotayotgan tamaddixonlarni aylansa. Va oyisi bilan o‘sha serhasham oshxonalardan birida, ho‘-o‘ birda otasi bilan mol bozorida yegani – “jiz-jiz” kabobdan ikki sixni paqqos tushirsa. Keyin... Onasi erkalatib biror sayrbog‘da ulkan arg‘amchiga mindirsa. Arg‘amchi uni butun shahar osmoni bo‘ylab gijinglagan qulunday olib qochsa-yu yana yerga – oyisining oldiga tushirib ketsa. So‘ng, bir necha kun ko‘rganlarini gapirib yursa...
Ayniqsa, Normat qizilning o‘g‘li Ashir guppiga qo‘shib-chatib, guppining so‘lagini oqizib aytib bergan bo‘lardi.
Tandirxonada jizillab dog‘lanayotgan yog‘ning achimsiq hidi deraza tirqishlaridan uyga ham suzib kirdi. Ayol ilkis turib, o‘g‘liga “Singlingni uyg‘otvorma” dedi-da eshik ortiga otildi. Eri bildiki, xotini to‘ng‘ichiga atab qatlama qovurayapti. “Shuncha yukni qanday ortmoqlab yurarkan, shahar uzoq, yo‘li og‘ir, – o‘yladi ichida – Ayol – zaifa, deymiz – davom ettirdi o‘yini – Yo‘q, bular zaifa emas, bular – tosh. Ha, toshodam! Ularning jonini Yaratgan baland va haybatli qoyalardan olgan. Bo‘lmasa, manov mayda tirikchilikka odamning tanasi dosh bera oladimi?!. Yo‘q, har qanday joni bor ham charchaydi, kuchdan qoladi, sillasi ketadi va oqibatda o‘ladi. Ishqilib, men oyoqqa turgunimcha, shu bechora oyoqda o‘lib qolmasa bo‘lgani!”. Ayol qoraqozonning boshida turib to‘rt qatlama, sakkizta quymoqni qotirib oldi. Ortib qolgan ikki musht zuvalani qayta iylab, eri bilan qiziga cho‘zma qilib berdi. Shaharga olib ketadigan narsalarini taxt qilib, o‘g‘lini yoniga imladi. Bola beixtiyor suyunib, chopqinlab keldi. “Sekin bor-da, Hurmat yangangdan plashini olib kel – O‘g‘lining qulog‘iga bilinar-bilanmas shivirladi – Oyimga berib turaman degan ekansiz de”. Bola hovli etagidagi g‘ovdan oshib, o‘qday uchib ketdi. O‘zi ayvondagi eski choponni kiyib, mollarnning ertalabki yem-emishini saranjomlagani og‘il tomonga burildi.
Osmon pushtirang choyshabga burkangan. Dalalarda muzday, lekin yoqimli shabada kezardi. Tong bilan birga uyg‘onib kelayotgan qishloq, ko‘kka bo‘y cho‘zgan teraklar, yaydoq uzumzorlar subhidamning namxush havosida yal-yal yaltirab o‘zlarini ko‘z-ko‘z etayotgandek edi. Muzbelning quymichidan – G‘o‘bdintog‘ning lalmi adirlaridan boshlangan egri-bugri asfaltda inqillab kelayotgan traktor qishloq o‘rtasida to‘xtadi. Haydovchi yonida o‘tirgan miqti yigit eshikdan yarim tanasini chiqarib qichqirdi:
– Bugun soat o‘nga G‘o‘bdintovning Shuvoqlisidagi Ermamat hojinikiga savobi janozaga...
Xitob bir necha bor takrorlandi. Yo‘l chetidagi hovlidan chiqib kelgan mo‘ysafid aytuvchiga yuzlandi:
– Hoji qazo qildimi?
– Yo‘g‘-e, bobo bardam.
– Unda kimi qaytilish qildi?
– Rossiyadami, qozoqdami ishlab yurgich o‘g‘li bor edi. Kecha kechasi tobutda kelibdi bechora.
– Bola-baqrasi bormidi?
– Bilmadim – yelka qisdi aytuvchi.
– Ikki qiz, bir o‘g‘il ko‘rgan edi. – Chambarakni ushlab turgan haydovchi qo‘shildi suhbatga – Bolalari yetim qoldi-da...
– Eh, charxi bevafo! – Mo‘ysafid shu gapni aytib yuziga fotiha tortdi. Uzoq G‘o‘bdintog‘ning qorayib turgan qoyalariga ko‘z tikib, qo‘shib qo‘ydi – Hoji bilan kampirini yuk bosibdi-da...
Nuroniy so‘zini tugatayotgan kezlari traktor qo‘zg‘alib, qo‘shni qishloq oralab aytuvchiligini davom ettirar, tongni xunuk xabar bilan qarshilayotgan ba’zilar jarchini “Ovozing o‘chsin ola hakka!” deb qo‘yishardi.
– E-e, sen Tangirboyning o‘g‘limasmisan? – Mo‘ysafid o‘z xayollari bilan ovora bo‘lib yaqinlashib qolgan yo‘lovchilarni payqamagan edi – Qani yo‘l bo‘lsin, to‘y bolaning toychog‘iday dikirlab turibsan?.
– Shaharga, – dedi bola o‘zida yo‘q xursand bo‘lib – Akamni ko‘rgani ketayapmiz.
– Assalomu alaykum, – Bolaning onasi yer suzib, iymanibgina so‘rashdi – Xolamlar yaxshi yuribdimi?
– Yaxshimisan kelin, Tangirboy yurib qoldimi? – Nuroniy astoydil hol so‘rab ketdi. Bu orada uyiga kirib eski bo‘g‘chaning orasidan bir siqim pul olib bolaning qo‘liga tutqazdi. – Ol, o‘g‘lim! Shaharga borsang, biror nima olib yeysan.
Ona va bola harchand qarshilik qilishmasin mo‘ysafid pulni bolaning cho‘ntagiga tiqib qo‘ydi.
Dunyoning turli xil yuk-anjomini ortmoqlagan eski avtobus bekatga gidirib o‘tdi-yu ular bir amallab ilinib oldi.
***
Ulov bamisoli toshbaqaday sudralib, oradan to‘rt osh pishirim vaqt o‘tganda shaharga yetib keldi. Ona-bola poyonsiz dengizda turib qolgan kema kabi qay tarafga yo‘l solishini bilmay, garangsib qoldi. Ayol bir amallab to‘ng‘ichining o‘qishiga boradigan bekatni topdi. Ikkov qirqoyoqday buralib yuradigan trolleybusda chayqala-chayqala ko‘rkam manzaralarga suqlanib qarab ketaverdi...
– Akangni ko‘rgani keluvding-ku? – Ta’kidladi oyisi – Nega kirmaysan, qo‘rqasanmi yo.
Bola onasi harchand unamasin ichkariga kirmadi. Egnini qisib, internat panjarasining orqasiga, ovloqroq joyga tislandi. U odamlardan – panjarali darvozadan kirib-chiqayotganlardan o‘zini olib qochdi. Yo‘lovchilar xushbichim liboslar kiygan, yetovdagi bolalari esa, bejirim va ohorli kiyim-boshda yengil qadam tashlar, har bir odimi jussasiga mos tushar edi. Nazarida, barcha unga tikilib qarayotgandek, ayniqsa, shalvirab turgan choponi-yu yashirishga urinayotgan oyoqlariga e’tibor berib o‘tayotgandek edi. Shu sababmi bola yanayam nariroqqa, bekat yonidagi qiyshiq o‘rindiqqa o‘tirib, to‘nining bari bilan oyoqlarini yopib oldi. Biroz indamay turdi. So‘ng qovoqlari uchib, yuzini boshqa tomonga burdi... Ayol o‘g‘lining sho‘rxak ko‘zyoshlarga belangan yuzidan o‘pdi. Kutilmaganda oyog‘idagi uniqib yotgan, yamalaverganidan supradek rangsizlanib ketgan, boz yana, bir tovonining yarmi siniq botinkasiga ko‘zi tushdi. Chorig‘i uchidagi yamoq uvada bo‘lib, paypog‘ining yashil tusi aniq ko‘rinib turardi. Ona-bola bir zum jim turib qoldi.
Bola nomus qildi. Uchi teshik chorig‘i-u beqasam to‘n bilan akasining davrasiga – poson kiyingan yigitlar orasiga kirib borsa, ko‘rganlar kuladigandek edi. Uni bir marta, og‘asini yuz ming marta mazax qiladigandek edi. Ana shu xayol bekatning qiyshiq o‘rindig‘iga mixlab qo‘ydi...
– Mayli – dedi onasi kenjatoyini yupatib – Sen shu yerda o‘tira tur, men akangni olib chiqaman.
Ichi ulkan xirmonjoyni eslatadigan majlislar zalida, turli-tuman: oq-qora, kalta-uzun, soqoldoru ko‘sa, pastu baland kishilar yuqoridagi minbarga chiqadigan notiq va internatning sersalobat rahbarlarini kutishadi. Sal kechikibroq kutilgan bo‘yinbog‘lilar jamoasi viqor bilan kirib keladi. Shuning bilan internatning sarhisobi boshlanadi. Ya’ni, xulqi yaxshi va yoki sal o‘ng‘aysiroq o‘quvchilarning nomlari tilga olinadi. Zal ana shu ro‘yxatga intiq bo‘lib minbarga tikilib o‘tirganda, orqa tomondagi bahaybat eshik g‘iyq etib ochildi. O‘tirganlar baravariga tovush kelgan tomonga yuzlandi. Yuzlab nigohlar birvarkayiga qadalganligidan qizarib ketgan ayol qimtinibgina burchakdagi o‘rindiqqa joylashdi. Majlis o‘z ishida davom etdi. Qorindoru novcha, kaltabaqayyu daroz – turli xil otalar birma-bir turib, yo ta’na-dashnom yoxud maqtovlardan o‘z-o‘zicha xulosaga kirishib ketdilar.
– Xudoyor Tangirboy o‘g‘li, 8-sinfdan – dedi majlisboshilar qatorida o‘tirgan birgina ayol guldurak ovozda. Toshuvidan zalning qaysidir burchaklari sado berganday bo‘ldi – Bormi shu o‘quvchimizning ota-onalari?!
Ona farzandining otini eshitib, bir ko‘tarilib tushdi. Qaysi ma’noda chorlov bo‘layotganligini fahmlay olmay o‘tirib qoldi. Ta’kid ikkinchi bor yangradi.
– Men... – dedi oyoqlari qaltirab, gapining davomi bo‘g‘zida qoldi.
– Sizmisiz?! Nega buncha qunishasiz, boshingizni ko‘tarib kelmaysizmi? – ta’kidladi majlisboshilar safidagi ayol – Mana shunday farzandni o‘stirganingiz uchun sizday onaga ta’zim qilish kerak-ku! – U har bir so‘zini chertib-chertib, jumlalarni qisqa tanaffus bilan dona-dona gapira boshladi – Bu yoqqa chiqing!
Davradagi o‘qituvchilar Xudoyor Tangirboy o‘g‘lining internatning oldi ekanligini, shaxmat bo‘yicha birinchilikni olib, yanayam katta musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rayotganini, fan olimpiadasida tarix bo‘yicha mutlaq g‘olib bo‘lib, kelasi yilgi saralash uchun imtiyozni qo‘lga kiritganligini biri olib-biri qo‘yib tavsif etdilar. Ona bamisoli o‘zga bir dunyoda, qaysidir jannatmonand o‘lkada yurganday his qildi o‘zini. Muallim so‘z orasida unga qarab qo‘ysa “rahmat”lab turdi. Atrofini ajin bosib kelayotgan qovoqlaridagi tomchini panalatib artib qo‘yar edi gohi-gohida.
Shu tariqa yig‘in tugadi. Ona muallimlar bilan suhbatlashar ekan, ich-ichidan yig‘lar, bu yig‘i qaydan paydo bo‘layotganligini, nima uchun ko‘zyosh qilayotganligining oxiriga yetmasdi.
– Rahmat, senga bolam! – dedi to‘ng‘ichi bilan uchrashganda, yolg‘iz qolar ekan – Umring uzoq, manglaying oq bo‘lsin. Tortgan azoblarimga, qilgan mehnatlarimga roziman...
So‘nggi jumlasi ichida qolib ketdi. Yuzini artib, o‘g‘lining ortidan yotoqjoyiga qarab yurdi. Bu orada guruh rahbari va tarbiyachilar boshlig‘i nimalargadir pul yig‘ilayotganligini ma’lum qildi. Ona tugunchagi orasidagi qo‘lro‘mol – hamyonini olib hisob-kitob qildi. Qishloqdan yelkalab kelgan bisotini o‘g‘liga topshirdi. Kun peshinga oqqanda:
– E-e, esim qursin. Darvozada ukang bor edi! – dedi to‘ng‘ichiga.
– Nega olib kirmadingiz? – taajjublandi kattakoni.
Ona indamadi, zo‘raki kulimsiradi. Ichidagini ayta olmadi. Gap o‘zanini boshqa tomonga burishga tushib ketdi. Ikkov qadamlarini tezlatib, darvoza tomonga yurdilar.
Aka-uka yig‘lab ko‘rishdi. Ular so‘zsiz yig‘ladilar. Ular o‘z dardi bilan yig‘ladilar: Aka sog‘inchdan, uzoq ayriliqdan ezilib yig‘ladi. Uka undan-da badtar ahvolda... yig‘ladi. Ko‘zyoshlar dahanlardan oqib tushdi. Ancha vaqt bir-birini ko‘ksiga bosib turdi. Bir-birlarining bo‘ynilaridan hidlab, vujudlari sel bo‘lib turdi. Ona ularni ko‘rib yana yig‘ladi. Qo‘lro‘molining rangi chiqib, barmoqlarining orasi qip-qizil bo‘lib qoldi.
Xudoyor mehmonlarni kuzatdi. Uyda qolgan dadasi va qo‘ng‘iroqsoch singlisini xotirlab, dilgir xayollar bilan yotoqxona tomonga burildi...
Ona va bola yana yo‘liga ravona bo‘ldi. Bu safar ham tiqilinch avtobus ichida har turli, jonli-yu jonsiz yo‘lovchilar bor edi. Ana shunday odam tirband, bazo‘r havo oladigan ulov ichida pattachi o‘z ishiga kirishib ketdi:
– Qani sizniki? – dedi odamlar orasidan sibjirilib ona va bolaning peshonasiga yetib kelganda.
– Qishloqqa yetib olaylik, uydan beraman – dedi ayol uyalib – Harajatimiz ko‘payib ketdi-da uka.
– Sarfga yarasha olib chiqmaysizmi? – Yigit zarda qila boshladi – Hovlingizga kirib chiqquningizcha kutib o‘tiramanmi?
– Mang! – bolakay bir qisim pul chiqardi – Oyimga o‘dag‘aylamang!
Pattachi shitirlatib sanay boshladi. Mo‘ljaldan ancha ortiq ekanligini bilib, sanoqni to‘xtatdi-da qolganini cho‘ntakka urdi.
– O‘zingga yetarini olmaysanmi, noinsof?! – Ayol chidab tura olmadi.
Qizarib ketgan pattachi g‘o‘ng‘illab-g‘o‘ng‘illab, ziyodini qaytib berdi. Atrofdagilar ityaloqdan jirkangandek ijirg‘anib qaradi.
Ona bepayon adirlarni kuzata turib, beixtiyor saharda uchratgan Meliboy qassobni esladi. So‘ng uyi, qizchasi, to‘shakda yotgan cho‘loq eri va suvsiz qolib mo‘ngrab yotgan mollari ko‘z oldidan bir-bir o‘ta boshladi.
***
– Chovgumni uzat, – Bemor hozirgina kirib kelgan xotiniga imladi. Bolalari tevaragini qurshab oldi – Tanglayim qaqrab ketdi...
Xotini uning to‘shanchisini tuzatar ekan, shaharni, ayniqsa, to‘ng‘ichining ta’rifu tavsifini hikoya qila ketdi. Eri ayolining chehrasiga boqib, tobora yosharib, sitamlarini unutayotgandek yengillashib borar, onda-sonda kulimsirab qo‘yardi...
Xotini derazalarni lang ochib, og‘ilga, qarovsiz qolgan mollaridan xabar olgani jo‘nadi.
Kenjasi to‘rvadan singlisiga ikkita shiraga botirilgan olma, dadasiga bir siqim qovurilgan yeryong‘oq chiqarib berdi. Bir juft oppoq shahari nonni dasturxonga o‘rab qo‘ydi. Otasi nam tortib qolgan yeryong‘oqni kaftlariga olib, bitta-bitta chaqa boshladi. Avval uch-to‘rt donasini qiziga ulashdi. Keyin o‘g‘liga ham. Ular yeryong‘oqlar tugaguncha chug‘urlashib tamaddi qildi. Kichkinasi negadir boshqachaday, aniqrog‘i, ulg‘ayib qolgandek edi nazarida. U rahmdil, og‘ir, mulohazakordek edi. Ilgarilari bunaqa saxiyligi yo‘q edi, tajangroq, erkatoyroq edi.
Kun shomdan o‘tib, tun kirar pallada Muzbel ustiga qop-qora bulutlar uyuri o‘rmalab kela boshladi. Qaerlardadir yerni gursillatib, samoni qarsillatib chaqmoq urdi. Butun qishloq, dalalar, bog‘lar, haybatli Tuyatortar bo‘ylari, qishloq ko‘chalari bir lahzaga yorishib ketdi. Orqasidan shitirlatib yomg‘ir quya boshladi. Lahzalar o‘tgan sayin zo‘rayib, tom ustidagi shiferlarni, daraxtlarning yalong‘och badanini, qizg‘ish-qora zarang tuproqni tapirlatib ura boshladi.
Bu – bahorning birinchi yomg‘iri, odamlar uzoq kutgan hut yog‘ini edi.
Bola hovli o‘rtasidagi qizg‘ishbadan o‘rikni savalayotgan yomg‘irni kuzatib, tomchilar tovushini tinglab turdi. So‘ng Normat qizilning o‘g‘li Ashir guppiga nimalar deyishini o‘yladi... Chuvalgan xayollarining nihoyasiga yetolmadi. “Yolg‘on aytmayman – dedi o‘ziga-o‘zi, qat’iylashib – Ashirning akamga o‘xshagan akasi yo‘q. U, baribir, aka ko‘rgani shaharga bora olmaydi!”. Oxirgi qaroridan na’sha qildi. Negadir yengillashganday bo‘ldi.
Yomg‘ir tabiatni g‘alvirdek elab, xamirdek iylab yog‘ar, zamin qa’ridan ajib bo‘y ko‘tarilib, jamiki tiriklik bahordek ochilib borar edi.