Terrorizm balosi baloyi jon bo'ldi-da! Bu ofat butun dunyo ahlini jonsarak qilib qo'ydi, portlash bor, terrorist yo'q. Avvaliga "Hoy, ehtiyot bo'linglar, bu yomon balo", -deyishganida, gerraygan baquvvat davlatlar bu gapga e'tibor bermay miyig'ida kulib qo'ya qolishdi. Terroristlar ikkita osmono'par binosini samolyot bilan urib o'pirib yuborganidan keyin hushyor tortgan Amerika yeng shimarib ishga kirishdi. Afg'on toliblariga terrorizmning oqibati qanday bo'lishini ko'rsatib qo'ydi, keyin Iroq bilan hisob-kitob qilib boshladi. Amerikalik askarlar Iroqda kimyoviy qurol-yarog'larni izlayverib charchashdi. Endi xalqaro ekspertlar Iroqda kimyoviy qurollar yo'g'ligini avval boshidan aytgan edik, quloq solmadi, deb barcha aybni bir kishining bo'yniga ag'darishga harakat qilayapti.
Bizning xalqimizday yuvosh xalq yo'q. Bu xalq terrorizm nari tursin, uyiga kirib qolgan qo'shnining pishagini ham pisht deyolmaydi. Xoh tanish, xoh begona bo'lsin, uyiga kirgan kishini mehmon qiladi. To'g'ri, dushman qo'shini bostirib kirganida, unga qarshi bosh ko'targan qo'zg'olonchilar, partizanlar bo'lgan, terrorist bo'lmagan. Bizning xalqimiz tinchgina tirikchiligini qilib yuraveradi, lekin birov ishiga xalaqit beradigan bo'lsa, terroristmi, anarxistmi qarab o'tirmaydi-chappa qilib tashlaydi. Bir kuni Mamarayim pamidor olib samolyotda Chelyabinskka ketayotgan ekan, bir terrorist uchuvchiga qurol o'qtalib "Samolyotni Singapurga burasan", -deb turib opti. Mamarayim qarasa, ish chatoq, Singapurda pamidor arzon, sotgan narsasi borish-kelishniyam qoplamaydi. Shartta mol so'yadigan pichog'ini olib, terroristni tinchitibdi. Shundan keyin uni Chelyabinskda xalq qahramoni sifatida gullar bilan kutib olishipti. Mahalliy televideniye muxbirining "Qurollangan terroristga qarshi ochiq jangga kirishib, hayotingiz xavf ostida qolishidan qo'rqmadingizmi?" -degan savoliga Mamarayim g'urur bilan "Bu enag'ar pamidorning kilosi qayerda qanchaligini bilmaydi-yu, terroristman, deydi sariqmishak. Agar shuni vaqtida bilib qolib, oldini olmaganimda uyga qaytib borganimdan keyin ana unda xotinning oldida hayotim xavf ostida qolar edi", -deya javob beripti.
Hozir har qadamda ogoh bo'lib turish kerak. Aytib bo'ladimi, kutilmagan joydan kutilmagan balo oldimizni qora pishakday kesib o'tib qolishi mumkin. Shuning uchun hamma joyda nazorat kuchli. Bunga "Bo'mbo'shlik" radiostantsiyasida berilgan hajviyamga gonorar olishga borganimda ishonch hosil qildim. Radiostantsiya eshigiga o'n qadam yetmay posbon to'xtatdi.
-Qayoqqa? -dedi u menga shubha bilan qarab.
-Gonorar olishga, -dedim o'zimning gapimga o'zim ishonqiramay.
-Sumkada nima bor?
-Sumkam yo'q... -dedim bo'sh qo'llarimni yoyib.
-Ha mayli, -dedi posbon hafsalasi pir bo'lib. -Hujjat bormi?
Hujjatni ko'rsatdim. Posbon bir hujjatga, bir menga qaradi, keyin uni qo'limga qaytarib berdi.
-Bu sizning hujjatingiz emas.
-Nimaga?
-Hujjatdagi odamning mo'ylabi yo'q, sizda bor. Borib mo'ylabni qirdirib keling, keyin ko'ramiz... Mo'ylabni qirdirib kelib, bir balo qilib eshikkacha yetib oldim. O'tish joyidagi samolyotga chiqishda metallni tekshiradigan bir yarim odam bo'yi keladigan temir taqadan hatladim, "jiring " qildi.
-Cho'ntagingizdagilarni chiqarib qo'yib o'ting, -dedi posbon. -Kalit, soatni chiqarib qo'yib o'tdim. Taqa yana jingilladi.
-Tishingiz temirdan-ku, -dedi posbon. -Temir taqa jingillasa, o'tish mumkin emas. Shartta jag'ning ikki tomoniga o'rnatilgan yasama temir tishlarni olib stolning ustiga qo'ydim. Yana jingilladi, qistaloq!
-Shimingiz qadaladigan joy nimadan? -so'radi posbon... Shimni yechishga to'g'ri keldi. Bu safar temir taqa jingillamadi. Borib gonorarni olib, radiostantsiya prodyuserining kabinetiga kirdim. Prodyuser kompyuterda "Apachi" o'ynab o'tirgan ekan.
-Ha, keling, temir taqa jingilladimi? -so'radi u kulib.
-Ha, shimni yechishga to'g'ri keldi...
-Haliyam yaxshi qutulibsiz, -dedi prodyuser. -Dastlab temir taqa o'rnatilgan paytda temir tugmasi borligi uchun trusikni echishimga to'g'ri kelgan...
Ana shunaqa, hushyorlik hech qachon pand bermaydi. Kerak bo'lsa, ko'chada uch kishi to'planib turgan bo'lsa ham bee'tibor bo'lmaslik kerak. Aytib bo'ladimi, har kallada har xayol, biror kor-hol bo'lmasdan uning oldini olgan ma'qul. Eng asosiysi, o'z uyingni o'zing asramasang, boshqa birov kirib oladi, ham uydan, ham xotindan ajralasan. Ana unda qiyin bo'ladi...