OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. To’g’ri so’z (hajviya)

Bir bola otasidan: "Ota, nega xo'roz  qichqiradi?" -deb so'rasa, u: "Xo'roz birov yolg'on gapirsa qichqiradi", -deb javob beribdi. "Tong saharda nima uchun qichqiradi?" "Bu paytda tonggi gazetalar chiqayotgan bo'ladi...". Bu latifa dunyo miqyosida hozir biroz eskirgan bo'lsa-da, bizning bozorimizda yana xaridorgir bo'lib borayapti...

To'g'ri gap hech kimga yoqmaydi, do'stingga to'g'ri gap aytsang, dushmaningga aylanadi, qarindosh-urug'larga achchiq haqiqatni aytsang, ulardan ajralasan, rahbarga rostgo'ylik qilaversang, ishdan haydalasan... Yangilik paytida amaldor haqiqatgo'y, talabchan bo'ladi, "bir-birimizning ko'zimizga tik qarab, haqiqatni gapiraylik", -deydi. Lekin biz uning ko'ziga tik qarab yolg'on gapni pista chaqqanday qalashtirib tashlayveramiz. Rahbar ham xom sut emgan banda-da, aytilgan gaplarning biriga bo'lmasa, biriga ishonadi. Keyin qaraydiki, atrofini gala yolg'onchilar o'rab olgan, u ham beixtiyor yolg'onlar girdobiga o'ralashib qoladi. Majlislarda nutq so'zlayverib-so'zlayverib gapga juda chechan bo'lib ketadi. Uzundan-uzun ma'ruzalarining ba'zi joylariga o'zi bilmagan holda "to'g'risini aytsam, rostini aytsam", degan so'zlarni qistirib ketadigan bo'ladi. "Demak, bundan oldin gapirgan gaplaringiz hammasi yolg'on ekan-da", -deya botinib hech kim undan so'rayolmaydi.

Jamiyatda to'g'ri so'z taqchilligi tufayli hamma illatlar yuzaga qalqib chiqadi. Zavodlar to'xtab qoladi, ishlab chiqarish nolga tenglashadi, jinoyatchilikka boshlaydigan og'zaki buyruqlar ko'payadi. Og'zaki buyruqlar ko'paygan joyda amaldagi qonunlar harakatdan qolib, jamiyat tanazzulga yuz tutadi. Ana undan keyin kim yomon edi - rahbar yomon edi, unga qarshi gapirolmas edik, to'g'ri gapni aytadigan kishini ta'qib qilardi, -deydiganlar ham atrofida yaltoqlanib uni shu ahvolga tushirgan yolg'onchilardan iborat bo'ladi. Qarsaklar bilan amalga kelib ta'na-yu malomat bilan haydalgan rahbar bir umr yegan va yemagan somsalari uchun pul to'lab o'tadi. Qanchalar achchiq va ayanchli bo'lmasin, to'g'ri so'z jamiyatni sog'lomlashtiradi, hushyor torttiradi. To'g'ri so'z bo'lmagan joyda poraxo'rlik, fahsh ishlar avj olaveradi.

Har yili imtihonlar mavsumida "falon joyga o'qishga kirish falon so'm ekan, pismadon joyga o'tish pismadon so'm ekan", degan gap-so'zlarga xuddi tabiiy holday ko'nikib ketganmiz. Pora bilan o'qishga kirgan jamiyatning bolasi ertaga qanday odam bo'lib yetishib chiqadi? Nega biz bu illatlarga  bu qadar log'ayd bo'lib qoldik? Savollar ko'p, javoblar kam... Lekin bitta narsa aniq - bu illatlarga qarshi birgalashib kurashmas ekanmiz, jamiyat orqaga qarab ketaveradi. Ko'pdan buyon SPIDga qarshi kurash bo'yicha tadqiqot olib borayotgan yapon olimlarining aniqlashicha, limon iste'mol qiladiganlar, sunnat qilinganlar uncha-munchaga  bu kasallikka chalinmas ekan. Har holda, hech bo'lmasa xalqimizning ana shu jihatdan omadi chopibdi. Lekin poraxo'rlikning oldini olish uchun sunnat ham kor qilmayapti.

 To'g'ri gap hamisha ko'ngilsiz oqibatlarga olib kelishini hamma biladi. Lekin to'g'riso'z odam to'g'ri gapirmay turolmaydi. Bir to'g'riso'z odam avtobusda ishga ketayotgan ekan, qarasa, yonidagi ayolning ko'ylagi orqasiga qisilib qolganmish. Odamlar uyat qilmasin, deb uning etagini to'g'rilab qo'yibdi. Buni ko'rgan ayolning eri janjal ko'taribdi. Shunda haligi odam jahl bilan «Bo'lmasa mana senga!» deb ayolning etagini boz-boyagiday qilib qo'yibdi. Ertasiga yana biror janjal chiqishidan qo'rqib avtobusga chiqmay, taksida ishga ketibdi. Ishxonaga tushib taksichiga pul bersa, qaytimini bermasmish. "Qaytimni cho'z!", desa, u: "Choychaqayam qolsin-da!" dermish. To'g'riso'z odam: "Bunaqada hojatxonada uzoq o'tirishingga to'g'ri keladi", -desa, yana janjal ko'tarilibdi. Xullas, buyam bo'lmapti, to'g'riso'z odam ishga piyoda qatnashga qaror qilibdi. Yo'lda bir yigit bilan qiz kelayotgan ekan, shularga ko'rinmay, deb o'sha yerdagi daraxtga chiqib, yashirinibdi. Yigit bilan qiz palakat bosib xuddi ana shu daraxtning ostiga kelib striptiz boshlashibdi. To'g'riso'z odam ishga kech qolayapti, nima qilishini bilmasdan kakku bo'lib sayray boshlabdi. Shunda qiz tepaga qarab: "Hoy kakkujon, kakkujon, qani ayt-chi qancha umrim qolgan", -deb so'rabdi. "Agar duch kelgan yigit bilan har bir uchragan daraxt ostida orqangni namga beraversang, bir yilga ham yetmaysan", debdi "kakku" jahl bilan...

Ana shunday, to'g'ri so'zning zalvori og'ir bo'ladi. Yaqinda qaysidir bir mamlakatning ikki muddatga saylangan to'g'riso'z prezidenti yana uchinchi marta poshsholikning nonini yeyishni xohlab qopti. Buning uchun u hozir referendum o'tkazib, xalqning xohishiga qarab davlat konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritar emish. "Prezidentlik jonimga tegib ketdi, -to'g'risini tan olibdi u jurnalistlar bilan suhbatda. -Lekin shundan boshqa ish qo'limdan kelmasa nima qilay...".

Asli kasbi quruvchi bo'lgan fidoiylar telekanalining muxbiri bir kuni menga havas bilan: "Sizlarga maza, ichsalaringiz ilhom keladi, men ichsam bir satr ham yozolmayman", -deb qoldi. "Hushyorligida kallasida hech narsa bo'lmagan odam ichganidan keyin umuman fikrlolmay qoladi", -dedim. "Hazillashasiz-da", -dedi u kulib. "Hazili yo'q, to'g'risini aytayapman", -desam, xafa bo'ldi. To'g'ri so'z ana shunday, ba'zan muxbirga ham yoqmaydi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.