OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Ikki odam - ikki olam (hajviya)

Kitobim chiqdi. Bir donasini "Muallifdan" deb yozib, unga taqdim etdim. Uning ko‘zlari porlab ketdi. Meni quchoqlab oldi. Qo‘llarimni uzoq qisib turdi.
— Tabriklayman. Tabriklayman. Juda xursandman. Ijodingizga baraka... – derdi hayajonlanib. Kitobni varaqladi.
— O‘h-ho‘. Zo‘r, zo‘r. Jildini qarang-a. Qanday chiroyli. Rasmlari ham tiniq chiqibdi. Varaqlari oppoq qog‘ozdan ekan. He, yashang. Kam bo‘mang. G‘ayrat qiling. Buni shu bugunoq o‘qib chiqaman. rahmat...
Uning maqtovlaridan qanot chiqarib uchdim. O‘zimda yo‘q xursand bo‘lib, buning kabinetiga kirdim. Allakimga idora hujjatlarining kseronusxasini sotib, narxiga tortshiib turgan ekan. Kitobimning bir donasini bunga ham "Muallifdan" deb yozib, uzatdim. Buning ko‘zlari ham chaqnab ketdi. Bir menga, bir kitobga tikilarkan, qovoq-tumshug‘i osildi. Ko‘zoynagini taqib, kitobni varaqladi:
— Ixm. Brashurangiz necha pulga chiqdi?
Aygdim. Bu labini burib qo‘ydi.
— O‘h-ho‘. Rosa qimmat-ku? Endi buni qanday sotasiz?
— O‘rtoklar yordam berishadi...
— Ancha foyda qilsangiz kerak. Boy bo‘lib qolasiz.
— To‘g‘risi, meni ma’naviy tomoni ko‘proq qiziqtiradi.
– He-e, gapda, – bu kitob varaqlashda davom etdi: – Jilti uncha yaxshi chiqmabdi-ya. Rasmlari ham xira. Qog‘ozi uchinchi sortmi deyman... Ye. Manovi yerda bitta vergul qolib ketibdimi. Ana. Bu noto‘g‘ri...
U noyob narsa topib olgandan birdan xursand bo‘lib, qo‘lini bigiz qilganicha, ma’nodir ta’kidladi:
– Bu no-to‘g‘-ri-i. Xato!
So‘ng beo‘xshov tirjaydi:
— Bo‘pga. Tashlab keting. Tekshirib qo‘yaman. Tanqidiy fikrlar biddirib yozsam xafa bo‘maysiz-da. Xix-xix-xi-xi-xi...
— Bemalol. Sshday odamning fikri bizga qadrli.
Buning oldidan qanotiga o‘q tekkan qushday bo‘lib chiqdim. Unisi oddiy til-adabiyot o‘qituvchisi, bunisi esa tuman gazetasining muxbiri edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.