OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Jahli tez odam (hajviya)

Ishga besh minut kech kelganim uchun boshlig‘imiz 20 foiz ish haqidan ushlansin deb buyruq chikaribdi. Ba’zi odamlar soatlab, kunlab ishga kelmay qoladi-yu... O‘zingiz bilasiz, mening jahlim tezroq. Birdai qizishib ketdim. Kotiba qizning "xay-hay"lashiga qaramasdan shartga eshikni ochib, ichkariga bostirib kirdim. Meni ko‘rib boshliqning rangi o‘chdi. O‘chmay ham ko‘rsin-chi. Yugurib borib giribonidan ilib oldim.
– Xoy bola, o‘rmagingni yig‘asanmi, yo‘qmi? Yig‘masang, o‘zim yig‘aman. Nega muncha menga osilib qolding?! Nima, indamasa qo‘rqadi deyapsanmi? A?!..
U dag‘-dag‘ titraydi. Qip-qizarib ketgan. Tili kalimaga kelmaydi.
- Yana bir marta shunday qilsang, o‘zingdan ko‘r. Onangni uch qo‘rg‘onidan ko‘rsataman. Tushundingmi? Tushundingmi deyapman? – deb ko‘rsatkich barmog‘imni ko‘ziga tiqqiday qilib niqtadim.
– Ha, ha. Xo‘p, xo‘p. Xo‘p, aka. Uzr. Uzr Bshtmabman. Boshqa qaytarilmaydi. Jon aka. Chin so‘zim. Bir martaga kechiring...
Rangi devorday oppoq bo‘lib, qo‘li ko‘ksida, yarim bukilganicha meni kuzatab qoldi... Yo‘q, yo‘q Kuzatib qolsa deyshim kerak. Axir men xayol suryapman-ku.
Shirin xayollarimdan havollanib beshinchi marta boshliqning eshigani ohista chertdim. So‘ng eshikni qiya ochib ichkariga bosh suqdim:
– Mumkinmi?
Katta xona to‘rida kresloga yastanib olganicha telefonda kim bilandir berilib suxbatlashayotgan boshliq men tomonga ko‘z qirini tashlab, qo‘li bilan "chiq, chiq, xalaqit berma" degandek ishora qildi. Men yana qabulxonadagi divanga chiqib o‘tirdim...
Birozdan so‘ng eshik ochilib, boshliq xonasidan chiqdi. Irg‘ib o‘rnimdan turdim. Ust-boshimni tuzatib, ikki qo‘lim ko‘ksimda unga mo‘ltillab tikildim. Lekin u oldimdan indamay o‘tib ketdi. "Nega turibsan" ham demadi. Aqalli men tomonga bir qarab qo‘ymadi. Men yana divanga cho‘kdim... Yo‘q, yo‘q. O‘zingiz bilasiz jaxlim tezroq, Birdan lovillab ketdim, desangiz. Ye. Bu nima degan gap? Izidan yetib bordim-u, shartta yelkasidan ushlab, o‘zimga qaratdim-da... He, og‘zimga kelganini qaytarmay aytdim o‘ziyam. Rosa so‘qdim.
– Hozir kelaman, aka. Kechiring, aka. Uzr, aka. Hozir. Bir minutga. Jon aka. Zahar tang qilgan edi. Shunday kiraman-u, chiqaman. Hozir aka... – derdi u chotini ushlab tipirchilarkan. O‘ziyam rosa yalinib-yolvordi. Yoqasini qo‘yvordam. Bo‘pti. Borib kelsin-chi.
Harqalay rahbar, tag‘in ishtoniga...
Men uning qaytib kelishini kugib, xayol sura-sura ko‘zim ilinibdi. Turtkidan uyg‘ondim. Tursam, boshimda farrosh ayol pol yuvadigan tayog‘ini ko‘tarib turibdi.
– Turing. Kun kech bo‘ldi. Hamma ketdi. Bu yer sizga gastinsa emas, – desa bo‘ladimi.
O‘zingiz bilasiz, jahlim tezroq. Shartga o‘rnimdan turdim-u, baqirib ketdim. 
– Nega turtasan? Nima haqqing bor. Sen kimsan o‘zi? Bo‘lsang bir farrosh bo‘libsanda. Ye. Biring boshliqman deb turtkilaysan, biring... Nima? Andeshaning otini ko‘rqoq deyapsanlarmi? Senlarga ko‘rsatib qo‘yaman. Suyangan tog‘ing kim o‘zi? A?! Ayt, kim? O‘sha boshliqmi? Ikkovingni ham yo‘qotaman. Yozaman. Kuningni ko‘rsataman. He, sendaqa...
Rosa so‘qdim. Erkak kishi bo‘lgandami, urardim ham. Farrosh ayol bir og‘iz ham gap qaytarolmay, dag‘-dag‘ titraydi. Faqat ko‘ziga zo‘r beradi. To‘g‘ri-da. O‘zingiz bilasiz, jaxlim tez. Shunday bo‘lgach, men bilan ehtiyot bo‘lib muomala qilsin-da...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.