Shuhrat (Alimov G‘ulom Aminjonovich) 1918 yili Toshkentda tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1986). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1978). Transport texnikumi (1932— 33), O‘rta Osiyo transport injenerlari tayyorlash instituti (1934—36) va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti (1936—40)da o‘qigan. 2-jahon urushi qatnashchisi (1941—43). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining maslahat byurosida kotib (1934—36), adabiy maslahatchi (1955—58; 1960—70), Adabiyot jamg‘armasida direktor (1958), yoshlar gazetasida bo‘lim mudiri (1945—48), «Sharq yulduzi» jurnalida bo‘lim mudiri (1948—50), mas’ul kotib (1960-70). Shuhrat 1951 yilda qatag‘on qilinib, qamoq lagerlarida bo‘lgan. 1955 yilda oqlangan.
Dastlabki asari — «Mehrol» (ertak-doston, 1940). Shuhrat urushdan qaytgach, badiiy ijod bilan samarali shug‘ullangan va ko‘plab she’riy («Bizning ko‘cha», 1947; «Hayot nafasi», 1948; «Qardoshlar», 1950; «Balladalar», 1958; «Sening sevging», 1961; «Ishqingda yonib», 1964; «Buyuk muhabbat», 1966; «Lirika», 1973; «Shaydo ko‘ngil», 1976; «Hali tun uzoq», 1984 va boshqalar) va nasriy («Oila», 1946; «Rustam», 1947; «Balog‘at», 1958; «Bir kecha fojiasi», 1976 va boshqalar) to‘plamlarini e’lon qilgan. 60—70-yillarda yana doston janriga qaytib, «Mardlik afsonasi» (1959), «Guldursin» (1960), «So‘lmas chechaklar», «Jamila» (1962), «Quvg‘indi» (1963) singari dostonlar yozgan.
Asarlari nafis lirizmi, lirik qahramon ruhiy olamining yorqin ifodalanganligi, his-tuyg‘ularning samimiyligi bilan ajralib turadi. Shuhratning so‘nggi yillarda yozgan she’rlarida falsafiy o‘ylar tasviri ustuvorlik qiladi; lirik qahramoni endi o‘zining his-tuyg‘ulari bilan emas, balki bir kam dunyoning siru sinoatlarini anglay boshlagan kishi sifatida, hayot va abadiyat, tabiat va jamiyat, o‘tmish, hozirgi davr va kelajak haqida mushohada yurituvchi inson sifatida namoyon bo‘ladi.
Shuhratning 2-jahon urushida ishtirok etib, vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, mag‘lubiyat va g‘alabani o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi uning yirik nasrga o‘tib, «Shinelli yillar» (1958) romanini yozishiga turtki bergan. Shuhrat «Oltin zanglamas» (1965) romanida mustabid sovet tuzumi davrida inson haq-huquqlarining toptalishini o‘zi guvoh bo‘lgan voqealarni umumlashtirgan holda tasvirlagan, e’tiqod, vatanparvarlik, vijdon amrini har bir kishining jamiyatdagi mavqei va insoniy qadrqimmatini belgilovchi muhim ma’naviy qadriyatlar sifatida talqin etgan. Shuhratning «Jannat qidirganlar» (1968) romani «Oltin zanglamas»ning mantiqiy davomidir. Shuhrat bu asarida haqiqat (jannat) axtarib yashovchi kishilarning ikki xil ko‘rinishini tasvirlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Yozuvchi umrining so‘nggi kunlarida isyonkor shoir Mashrab haqidagi tarixiy roman ustida ishlagan, biroq asar tugallanmay qolgan.
Shuhrat — «Besh kunlik kuyov» (1970), «Qo‘sha qaringlar» (1971), «Ona qizim» (1973) va boshqalar dramalarning muallifi.
G. Geyne, A.S. Pushkin, M.Yu. Lermontov, A.Mitskevich, T. Shevchenko, M.Voqif asarlarini, shuningdek, yapon va vyetnam, ozarbayjon shoirlarining she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2003).