Erkin Vohidov 1936 yil 28 dekabrda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1987), O’zbekiston Qahramoni (1999). ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1960). Ilk she’riy to‘plami — «Tong nafasi» (1961). «Qo‘shiqlarim sizga» (1962), «Yurak va aql» (1963), «Mening yulduzim» (1964), «Muhabbat» (1976), «Tirik sayyoralar» (1978), «Ruhlar isyoni» (1979), «Sharqiy qirg‘oq» (1982), «Kelajakka maktub» (1983), «Bedorlik» (1985), 2 jildli saylanma («Muhabbatnoma» va «Sadoqatnoma», 1986), «Kuy avjida uzilmasin tor» (1991), «Yaxshidir achchiq haqiqat» (1992) kabi asarlar muallifi. «Yoshlik devoni» (1968)da mumtoz o‘zbek adabiyotining eng yaxshi an’analarini davom ettirgan. Dramalari ham bor («Oltin devor», 1969; «Istanbul fojiasi», 1985). I. Gyotening «Faust» asarini, S. Yesenin («Zamin darg‘asi») va boshqa shoirlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni soxibi (1997). Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1983). 2016 yil 30 may kuni vafot etgan.
Garchi shuncha mag`rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?
Kamtarin bo`l, hatto bir qadam
O`tma g`urur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun
O`par doim peshonasidan.
1956
Qaro qoshing, qalam qoshing,
Qiyiq qayrilma qoshing, qiz.
Qilur qatlima qasd qayrab —
Qilich qotil qaroshing, qiz.
Qafasda qalb qushin qiynab,
Qanot qoqmoqqa qo`ymaysan.
Qarab qo`ygil qiyo,
Qalbimni qizdirsin quyoshing, qiz.
1957
TONG LAVHASI
Ufqlarga qo‘yib guldasta,
Tog‘ ortidan ko‘tardi-da bosh,
Pastga bokdi cho‘qqidan asta
Oltin qalam tutgan bir naqqosh.
Har nuqtaga sayqal berib u,
Vodiy uzra chizdi zar lavha.
So‘ng Quyosh deb imzo chekdi-yu,
Tongotar deb qo‘ydi sarlavha.
SADOQAT
Keksa qarag‘ayning
Ildizin ochib,
Tortdilar qo‘sh arqon solib belidan.
Lekin u tuproqqa panjasin sanchib,
Sira qo‘zg‘almasdi
Ungan yeridan...
Nihoyat, gurs etib yerga quladi,
Butab, so‘ng ko‘tarib ketdilar,
biroq -U o‘z panjasida olib jo‘nadi
Yashagan yeridan Bir siqim tuproq.
O`n sakkizga kirmagan kim bor,
Bo`g`imgdan gul termagan kim bor.
Sen haqingda yozib to`rt satr,
Sirdoshiga asta ko`rsatib,
Qo`shni qizga bermagan kim bor.
Dastlab har kim qalam olgan on
Yonib seni kuylar begumon.
Maskan qurib har bir ko`ngildan,
Oshiqlarni qoldirib tildan,
Shoirlarni qilursan biyron.
Tushdim chog`i men ham domingga,
Ezgu hislar baxsh etding menga,
Hayotimga zar lavha bo`lding,
Ilk she'rimga sarlavha bo`lding,
Xayollarim ulfatdir senga.
Yuragimda his etdim qanot,
Tilsim kabi ochilur hayot,
Visoldagi damlarim shirin,
Hijrondagi g`amlarim shirin,
Kulib boqar menga koinot...
O`n sakkizga kirmagan kim bor,
Bog`ingdan gul termagan kim bor...
1959
Tilak qadrin bilar odamlar,
Yaxshi niyat qilar odamlar.
Do`stga tungi orom oldidan
Xayrli kech tilar odamlar.
Xayrli kech — hikmatli istak,
Bu istakni buyurmish yurak.
Xayrli kech — farahli tuning
Osoyishta, tinch bo`lsin, demak.
Yer yuzida yashagan inson
Mayliga, u qayerlik bo`lsin,
Tinch mehnatda kunlari shodon,
Kechalari xayrli bo`lsin.
1959
To tirikdirki tabiat,
To quyosh sochgayki nur,
Uch egiz bordir tushuncha,
Uch bu so`z yondosh bo`lur:
Mohiru mehru mahorat,
Olimu ilmu amal,
Oshiqu ishqu mashaqqat,
Shoiru she'ru shuur.
1961
Sen yiroqda,
Yoring yiroqda,
O`rtanadi joning firoqda,
Tugab borar bardosh — saboting,
Uchay desang, yo`qdir qanoting.
Sevar yoring vasliga mushtoq
Kechalaring o`tadi uyg`oq...
Ammo g`amdan boshingni bukma,
Shahlo ko`zdan yoshingni to`kma.
Dilbar, buni firoq dema hech,
Yorim mendan yiroq dema hech.
Chunki oro kirib joningga,
Bag`ring bir kun kelar yoningga.
Seni nohaq
Ranjitdi yoring,
Yo o`zgadan rashk etdi yoring.
Nolishingga quloq solmadi,
Izhoringdan ko`ngli qonmadi.
Ketdi boqmay hatto qayrilib...
Sen buni ham dema ayriliq.
Dil o`rtama, yig`lama aslo.
Sen bu hijron zulmati aro
Pok sevgingni aylagin chiroq, —
Visol bilan almashur firoq.
Sen sevasan,
Sevmaydi yoring,
Yor ko`ngliga yetmaydi zoring.
Sevganingni yoki bilmaydi,
Yo bilsa ham ko`zga ilmaydi.
Ayriliqda yonasan biroq —
Sen buni ham atama firoq.
Chunki sevging bo`lsa agar chin
Hijronlarni qilar chilparchin.
Ishon faqat, hech tolmay ishon,
Ishon bo`lsa chekinar hijron...
Yoring bo`lsa
Yoningda doim,
Yoring bo`lsa — ko`rkam, muloyim,
Har oningni kechirsang birga,
Birga bo`lsang butun umrga,
Hayot qurib ulab jonga jon,
Yashasang-u yillar yonma-yon —
Ammo bo`lsa ko`ngillar yiroq,
Dunyoda yo`q bundan zo`r firoq.
Bu firoqqa sira yo`q davo,
Bu firoqqa yo`liqma aslo!
1961
Dunyo ekan...
Ishq degan savdo
Bormi faqat mening boshimda?!
Kimni etmas bu ko`ngil shaydo,
Kim she'r yozmas mening yoshimda?!
Sevgi ilk bor tushdi-yu qalbga
Hayotimning bo`ldi mazmuni.
U qo`limga tutqazib qalam,
Ko`zlarimdan oldi uyquni.
Oldi butun fikru xayolim,
Ketdi dildan orom, halovat.
Sevgi butun borimni olib,
She'r zavqini qoldirdi faqat.
Borliq olam ko`zimga ming-ming
Go`zallikka to`lib ko`rindi.
Gullar menga oshiq bulbulning
She'r daftari bo`lib ko`rindi...
Ayb etmangiz,
Do`stlar, bu savdo
Bormi faqat mening boshimda?
Kimni etmas bu ko`ngil shaydo,
Kim she'r yozmas mening yoshimda?!
1961
Barcha shodlik senga bo`lsin,
Bor sitam zorlik, menga.
Barcha dildorlik senga-yu,
Barcha xushtorlik menga.
Sen mening jonimni olgin,
Men sening darding olay,
Barcha sog`lik senga bo`lsin,
Barcha bemorlik menga.
Senga bo`lsin barcha husnu
Menga bo`lsin barcha ishq,
Kori xunxorlik senga-yu,
Mehru poydorlik menga.
Bu jahonning rohatin ol,
Bor azobin menga ber,
Senga bo`lsin barcha orom,
Barcha bemorlik menga.
Ol o`zing koshonlarni,
Menga qo`y mayxonani,
Barcha xushyorlik senga-yu,
Barcha hummorlik menga.
Senga bo`lsin nurli kunduz,
Menga qolsin qora tun,
Barcha gulshan senga bo`lsin,
Bor tikanzorlik manga.
Sen shahanshohlikni olgin,
Menga qullik bo`lsa bas,
Bor jafokorlik senga-yu,
Bor vafodorlik menga.
Mayli, ostonangda yotsam,
Mayli, quvsang tosh otib,
Bor dilozorlik senga-yu,
Bor dilafgorlik menga.
Senga she'rni bitsin Erkin,
Yirtib otmoq o`z ishing,
Kasbi inkorlik senga-yu,
Aybga iqrorlik menga.
1967
Do`st bilan obod uying,
Gar bo`lsa u vayrona ham,
Do`st qadam qo`ymas esa,
Vayronadir koshona ham.
Intizor har uy dilovar
Dilkusholar bazmiga,
Gar oyoq qo`sa qabohat
Yig`lagay ostona ham.
Yaxshi do`stlar davrasida
Ochilursan har zamon,
Ko`rkni shoda ichra topgay
Marvarid durdona ham.
So`rma mendan, kim diloro,
Do`stmi yo jonona deb,
Do`st mening ko`nglimdadir,
Jonimdadir jonona ham.
Qochma rostgo`y do`stlarning
Koxishu ozoridan,
Qaddi rost shamning tilidan
O`rtanur parvona ham.
Do`st qidir, do`st top jahonda,
Do`st yuz ming bo`lsa oz,
Ko`p erur bisyor dushman
Bo`lsa u bir dona ham.
Kim senga hamroz emasdir,
Beg`araz deb o`ylama,
Gohi dushmanlik qilurlar
Qo`l siqib do`stona ham.
Do`sti sodiq yo`q ekan deb
O`rtanib kuyma va lek,
Mehr uyin keng ochsang, Erkin,
Do`st bo`lur begona ham.
1967
Seni yotlar tugul hatto —
Qilurman rashk o`zimdan ham,
Uzoqroq termulib qolsam
Bo`lurman g`ash ko`zimdan ham.
Ko`zim yongay senga nargis —
Ko`zin tiksa chamanlarda,
Yashirmam, lolaga rashkim
Ayon bo`lgay yuzimdan ham.
Degaylarki, charosu
Ol gilos olmish labingdan rang,
Labing tegsa hasad qilgum
Gilos birlan uzumdan ham.
Seni jonim dedim yolg`iz,
Seni qalbim dedim tanho,
Chimirding qosh, pushaymonman
Qo`pol aytgan so`zimdan ham.
Visol onida ko`z ochsa,
Ne tong, tongdan ko`ngilda ranj,
Judo qilgay meni oy yuz,
Xumor ko`z yulduzimdan ham.
Senga o`n to`rtda bog`landim,
Hanuz erkin bo`lolmas dil,
O`zim dog`man, aql kirmas,
To`zimsiz o`ttizimdan ham.
1967
Sevgi shunday navbahorki,
U tikandin gul qilur.
Toshga jonu til bag`ishlab,
Zog`ni ham bulbul qilur.
Sevgi shunday dard erurki,
Barcha bo`lg`ay mubtalo,
Mubtaloni neki qilsa
Telba bu ko`ngil qilur.
Sevgi shunday tangridirki,
Unga tengdur shoh, gado,
Qulni aylab shohu sulton,
Shohni bo`lsa qul qilur.
Sevgi shunday bir olovki,
Jonga undan yo`q omon,
Gulxanida o`rtab-o`rtab,
Bir kun oxir kul qilur.
Sevginingdir hukmi mutlaq,
Istasa shaydolarin
Chashmi giryonidan ummon,
Ohidan dovul qilur.
Sevgiga she'r bitding, Erkin,
Besabab ermaski, ishq -
Aylagach ko`ngulni ishg`ol,
She'r ila mashg`ul qilur.
1968
Ko`yida men tosh boshimni
Urmagan ostona yo`q,
Elda bor shunday masal:
Jon chekmasang jonona yo`q.
Sevgi vodiysida menga
Teng bo`lolgay qaysi Qays?!
Ko`nglim ochsam, ikki dunyo
Bu kabi afsona yo`q.
Shahr ichida holatimdan
Kulmagan bir oqilu
Xilvat ichra menga ulfat -
Bo`lmagan devona yo`q.
Ne ajabkim, mast bo`libman
Ko`zlaringga termilib,
Yetti iqlimda bu yanglig`
May yo`gu mayxona yo`q.
Ishq g`amin aytsam qalamga
Ich-etin kuydirdi ul,
Sevgidek o`t yo`q jahonda,
Men kabi so`zona yo`q.
Oq qog`ozim, senga Erkin
Ochdi pinhon ishqini,
Sen boru men bor, qalam bor
O`rtada begona yo`q
1968
Qasida
Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon, o‘zbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim.
So‘ylasin Afrosiyobu
So‘ylasin O’rxun xati,
Ko‘hna tarix shodasida
Bitta marjon, o‘zbegim.
Al Beruniy, Al Xorazmiy,
Al Forob avlodidan,
Asli nasli balki O’zluq,
Balki Tarxon, o‘zbegim.
O’tdilar sho‘rlik boshingdan
O’ynatib shamshirlarin
Necha qoon, necha sulton,
Necha ming xon, o‘zbegim.
Tog‘laring tegrangda go‘yo
Bo‘g‘ma ajdar bo‘ldi-yu,
Ikki daryo - ikki chashming,
Chashmi giryon, o‘zbegim.
Qaysari Rum nayzasidan
Bag‘rida dog‘ uzra dog‘,
Chingizu Botu tig‘iga
Ko‘ksi qalqon, o‘zbegim.
Yog‘di to‘rt yondin asrlar
Boshingta tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj,
Yurti vayron, o‘zbegim.
Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,
Sen - Muqanna, sarbador - sen,
Erksevar qon, o‘zbegim.
Sen na zardusht, sen na buddiy,
Senga na otash, sanam,
Odamiylik dini birla
Toza imon, o‘zbegim.
Ma’rifatning shu’lasiga
Talpinib zulmat aro,
Ko‘zlaringda okdi tunlar
Kavkabiston, o‘zbegim.
Tuzdi-yu Mirzo Ulug‘bek
Ko‘ragoniy jadvalin,
Sirli osmon tokiga ilk -
Qo‘ydi narvon, o‘zbegim.
Mir Alisher na’rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo‘ldi
Shohu sulton, o‘zbegim.
Ilmu she’rda shohu sulton,
Lek taqdiriga qul,
O’z elida chekdi g‘urbat,
Zoru nolon, o‘zbegim.
Mirzo Bobur - sen, fig‘oning
Soldi olam uzra o‘t,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug‘yon, o‘zbegim.
She’riyatning gulshanida
So‘ldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi ko‘z yosh,
Ko‘mdi armon, o‘zbegim.
Yig‘ladi furqatda Furqat
Ham muqimliqda Muqiym,
Nolishingdan Hindu Afg‘on
Qildi afg‘on, o‘zbegim.
Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, o‘zbegim.
Ortda qoldi ko‘hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o‘zbegim.
Bo‘ldi osmoning charog‘on
Tole xurshidi bilan,
Bo‘ldi asriy tiyra shoming
Shu’la afshon, o‘zbegim.
Men Vatanni bog‘ deb aytsam,
Sensan unda bitta gul,
Men Vatanni ko‘z deb aytsam,
Bitta mujgon, o‘zbegim.
Faxr etarman, ona xalqim,
Ko‘kragimni tog‘ qilib,
Ko‘kragida tog‘ ko‘targan
Tanti dehqon, o‘zbegim.
O’zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O’zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o‘zbegim.
Men buyuk yurt o‘g‘lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lek avval senga bo‘lsam
Sodiq o‘g‘lon, o‘zbegim.
Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko‘ksi osmon, o‘zbegim.
Qayga bormay boshda do‘ppim,
G’oz yurarman, gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan
O’zbekiston, o‘zbegim.
Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o‘g‘lingman, qabul et,
O’zbegim, jon o‘zbegim.
1968
Xayqiraman,
Tog`lar bag`ridan
Gumburlagan sado keladi,
Ona-Yerning otash qa'ridan
"O`g`lim!" degan nido keladi.
"O`g`lim!"
Vujudimni chulg`at alanga,
Bo`g`zimga tiqilar hayajon.
— Mana, men o`g`lingiz,
Dardli olamga
Sizdan tanho yodgor,
So`ylang otajon!
So`ylang, bir daqiqa quloq solayin,
Ovozingiz tinglab to`yolmaganman.
Bir marta yo`qotib topolmaganman,
Xayolimda tiklab olayin.
Otajon!
Men axir qutlug` bu so`zni
Yigirma yil olmadim tilga,
Yigirma yil saqladim dilda.
Armonli o`g`lingiz tinglaydi sizni,
So`ylang, eshitaman.
Vujudim tilka,
Yuragimni yoqar o`tli iztirob,
Ammo yuragimda bir tomchi yosh yo`q.
Bag`rim o`yib,
Bu kun menga bermoqda azob
Sizning ko`ksingizni teshgan qora o`q.
Silqib oqayotir
Ko`kragimda qon.
Qalbim o`rtamoqda so`ngsiz armonim...
Yurak qonim bilan bitgan dostonim
Sizga bag`ishladim,
Otajon!
***
Xayolning tumanli pardasi aro
Yillar ko`z o`ngimda charx urayotir.
Qishloq ko`chasidan zanjiday qaro
Olov bolaligim yugurayotir.
Dunyo qayg`usiga bo`lmagan oshno,
Qah-qah urayotir,
Barq urayotir.
Bilmas, boshi uzra bulutli samo
Chaqmoq chaqayotir,
Guldurayotir.
Bilmas, yaralangan bu majruh dunyo
Qasos so`rayotir,
Bong urayotir...
Qadamlar,
Qadamlar,
Og`ir qadamlar...
Etiklar zarbidan titraydi tuproq.
Qayerga ketmoqda shuncha odamlar?
Nahotki, yo`llari shunchalar yiroq!
— Ana, ko`ryapsanmi?
Mening dadamlar!
Dada!!!
Ovozim hech chiqmaydi biroq.
Yuguraman — ortga ketar qadamlar,
Yig`layman — ko`zimga kelmaydi namlar,
Murg`ak vujudimda faqat zo`r titroq!
Bo`g`zimda alamlar,
Achchiq alamlar,
Yo`lning o`rtasida turibman.
Shu choq —
Poyezd qichqiradi,
To`xtang, odamlar!
Qayga ketmoqdasiz?
Qani dadamlar?!
Tepamda yonadi zangori chiroq...
Cho`chib uyg`onaman,
Onam qoshimda.
Mehribon qo`llari
Otash boshimda:
— Nega yig`layapsan,
Yolg`izim, qo`zim?
Tun uzoq, uxlay qol,
Ko`zlaringni yum.
Orom ol, men senga
Allalar aytay.
Tongda peshonangdan
O`pib uyg`otay.
Ana, derazangga
Qo`nibdi hilol.
Boshingga egilib
So`rmoqchi savol.
Sening kiprigingga
Sochmoq bo`lib zar,
Hilol tegrasida
O`ynar yulduzlar.
Men sening baxtingman
Deganday go`yo
Imlab chorlamoqda
Yoqut surayyo.
Senikidir bular,
Seniki bari.
Seniki osmonning
Zar qandillari.
Somonchining yo`li —
Sening yo`llaring,
Uzatsang Zuhroga,
Yetar qo`llaring
Ulg`ay bolajonim,
Ulg`aygin tezroq.
Sening yo`llaringga
Yulduzlar mushtoq.
Hozircha orom ol,
Yolg`izim, qo`zim.
Tun uzoq, uxlayqol,
Ko`zlaringni yum.
Olis sohillarda,
Ufqdan nari
Ol`im sochmoqdadir
Yov quzg`unlari.
O`lim sochmoqdadir
Elga beayov.
Shahar, qishloqlarni
Yutmoqda olov.
O`sha olis yurtda
Qon kechib hozir
Otang hayot uchun
Jang qilayotir.
Ellarning erk degan
Sof tilagi deb,
Jahonning nurafshon
Kelajagi deb,
Ofat solmasin deb
Olamga qotil,
Otnag uzoq yurtda
Jang qilayotir.
Sen uchun, men uchun,
O`z uchun emas,
Faqat o`zbek va yo
Rus uchun emas,
Butun Yer — undagi
Bor avlod uchun,
Dunyoda eng qutlug`
E'tiqod uchun
Uzoq o`lkalarda
Qon kechib hozir
Otang hayot uchun
Jang qilayotir.
Sen, uxla, yolg`izim.
Sen uxla, qo`zim,
Bir nafas orom ol,
Ko`zlaringni yum.
Bu kunlar albatta
O`tib ketadi.
Bashar jarohati
Bitib ketadi.
Ona-Yer qaytadan
Yasharar bir kun.
Olam nur qo`ynida
Yashnar lolagun.
Jangu jadallarga
Kelur intiho,
Bizning dunyo bo`lur
Urushsiz dunyo.
Bu kunlardan qolur
Faqat xotira.
Ammo xalq jafoni
Unutmas sira.
Bu kunlar ketar-u,
G`am, dog`i qolur.
Yuraklarga solgan
Firog`i qolur.
Avlod-avlodlarga
Zamon-zamonga
Abadiy, adabiy
Sabog`i qolur.
Sen ham unutmassan,
Yuragim, qo`zim.
Hozircha tinvh uxla,
Ko`zlaringni yum.
Vaqt kelar, ulg`ayib,
Odam bo`larsan.
Ilm olib sohibi
Olam bo`larsan.
Sen bizlar ko`rganni
Ko`rmagaysan hech,
G`urbat yo`llaridan
Yurmagaysan hech.
Olam to`la quyosh,
Qalbing to`la nur,
Oydin bir zamonda
Yashaysan masrur.
Bizlar ham o`tamiz
Vaqt kelib bir kun.
Sizlarga qoladi
Muqaddas zamin.
Siz uni avaylab
Kaftda tutasiz,
Sharaf yo`llaridan
Olib o`tasiz.
Otash alangaga
Tutmaysiz uni,
Dahshat ummoniga
Otmaysiz uni.
Zamin tegrasiga
Oltin kamalak
O`raydi yetti xil
Nurdan chambarak.
Siz uning bag`rini
Pora qilmaysiz,
Otalar hokini
Saqlab muborak.
Sen shunday davronda
Yashaysan qo`zim.
Hozircha orom ol,
Ko`zlaringni yum...
Boshimizda otashin falak,
Poyimizda otashin tuproq,
Qo`limizda yog`och kamalak,
Ostimizda yog`och arg`umoq,
Oppoq changdir egnu boshimiz,
Oppoq changdir ko`zu qoshimiz.
Ko`ru karmiz,
Beshdan oltiga
Endigina o`tgan yoshimiz,
Ko`cha-ko`yda ko`tarib suron
Yuguramiz sahardan to kech,
Olam uzra kezar zo`r bo`ron,
Biz bu haqda o`ylamaymiz hech.
"Urush-urush" o`yin bo`lsa bas,
Titratamiz ko`ku zaminni.
Kim o`ylabdi deysiz u nafas
Bu urushning rostakamini.
Burchaklardan bir-birimizni
Yog`och miltiq bilan otamiz,
Biz bilmaymiz:
Qay birimizning
O`qqa uchdi bu vaqt otamiz.
Ko`ksimizni ushlagancha
Yiqilamiz,
O`lgan bo`lamiz,
Biz dunyoda rostakam o`lim
Borligini qaydan bilamiz?!
Dahshat solib kezarkan u dam
Uzoqlarda jang guldurosi,
Bizning qishloq ko`chasida ham
Yangrar edi
Aksi sadosi.
***
Quyosh botar,
Oqshom cho`kar ko`cha-ko`yga,
Tarqalamiz uy-uygayu tepa to`yga,
Tun boshlanar,
Mengacharchoq bilinmaydi,
Kiprigimga uyqu sira ilinmaydi.
Murg`ak fikrim yetaklaydi xayollarga,
Onam qo`ynin to`ldiraman savollarga.
"Ayting, aya, mening dadam qahramonmi?
Tog`larni ham qulatguvchi pahlavonmi?
To`pponchasi bormi uning cho`ntagida?
Ordenlari juda ko`pmi ko`kragida?
Mening dadam samolyotda uchadimi?
Osmonlardan parashutda tushadimi?
O`tkir po`lat qilichini qo`lga olib,
Dushmanlarning yuragiga qo`rquv solib,
Katta jangga kiradimi yolg`iz o`zi?
Yelkasida yonadimi besh yulduzi?
Ayting, dadam meni yaxshi ko`radimi?
Kelganida toycha olib beradimi?
Ko`chalarda toychog`imni yetaklatib,
Qo`llarimdan ushlab olib yuradimi?
O`sha kunlar tezroqqina bo`la qolsin?
Ayting, dadam hayallamay kela qolsin".
44-yil
Sentyabr tongi otdi.
Meni cheksiz quvonch bilan baxt uyg`otdi.
Ko`k jildimda alifbe va bir burda non,
Birinchi bor qadam qo`ydim maktab tomon.
O`yinlardan anacha erta to`ygan edim,
Kitoblarga barvaqt havas qo`ygan edim.
Yod bilardim alifbening harflarini,
O`qir edim informbyuro xabarini.
Juman “pochta” dadamdan xat keltirgan kun
Katta bayram yuz hijjalab, yuz tutilib.
Takrorlardim yirtilguncha xat titilib.
Yayrar edim ma’nosini uqarkanman,
Dadam xatin o`qib savod chiqarganman.
Bu kun yana xat olganmiz,
Ajoyib xat,
Gospitaldan chiqqan emish sog`-salomat,
Boshidagi jarohati bitgan emish,
Hatto o`rni bilinmasdan ketgan emish.
Berlin tomon tushar endi yo`lim debdi.
Xat so`nggida yaxshi o`qi, o`g`lim, debdi.
Shu kun tunda uch chiziqli daftarimga,
Oro berib katta-katta harflarimga,
Xira chiroq yorug`ida ko`z ishqalab —
Dadamga xat yozmoq uchun surdim qalam:
“Dadajon!”
Men sizni juda sog`indim.
Sog`indim ikkala ko`zim bilan teng.
Kelib qolarmishsiz ertami-indin,
Ayam shunday dedi,
Rostmi shu, ayting?!
Dada,
U kun sizni tushimda ko`rdim.
Oq otda keldingiz,
So`radingiz suv.
Men buni ayamga gapirib berdim.
Dadang keladi, deb aytdi,
Rostmi shu?..
Rustamning akasi urushdan qaytdi,
Qo`ltiqtayog`i bor,
Bir oyog`i yo`q,
Rustam aytib berdi:
Ataka payti
Tizzasidan olib ketgan emish o`q…
Hol aka qaytgandi uyga to`satdan,
O`g`li, dadajon, deb chopib kelibdi.
Ota quchay desa desa qo`li yo`q ekan,
Tik turgan joyida yig`layveribdi.
Darsga kelmay qoldi
Tunov kun Tal’at,
Muallim urishsa turaverdi jim.
Dadasidan kelgan ekan qora xat.
Hammamiz yig`ladik,
Hatto muallim…
Dadajon!
Sizga o`q tegmasin hecham,
Men uchun ham tezroq qayting salomat,
Buvim aytgan,
Agar men tilak qilsam,
Tilagim bo`lardim doim ijobat.
Rost aytaman,
Sizni juda sog`indim,
Sog`indim ikkala ko`zim bilan teng,
Kelib qolasizmi, ertami-indin?
Kutaman,
Dadajon,
albatta keeling”.
Hijron kechalari g`oyatda uzun,
Ayriliq yo`llari oils hihoyat.
Ko`chaga chiqaman yuz bora har kun,
Ko`zlarim nigoron,
Kelarmikan xat?
Tongda turganda ham,
Kun botganda ham,
Hatto kechalari qilolmay toqat,
Eshikka qarayman,
Chekaman alam.
Intizor bo`laman,
Kelarmikan xat?
Men qaydan bilibman,
Yo`l bosar ekan
Mening murg`ak xatim bekatma-bekat.
U yoqdan,
Xuddi u borar manzildan
Yo`lga chiqqan edi mash’um qora xat.
Qosh, ko`zlaring otangga o`xshar.
Deyishadi bilganlar doim.
So`ng xo`rsinib qo`shib qo`yishar:
O`xshamasin umring, iloyim.
Otam tutgan mash’alni ushlab,
O`shay o`ldan boraman men ham.
Mayli edi
Otamdek yashab,
To so`nggi dam
Unga o`xshasam.
Bobolarning hikmati
Hayotga yorug` yo`ldir.
Itang bolasi bo`lma,
Odam bolasi bo`l, der.
Bu so`zni ilk bor menga
O`rgatgan otam edi.
Men otam farzandiman,
U esa odam edi.
Qirq birinchi yillarning
Dahshati ko`z oldimda,
Go`dak edim, otamni
Kuzatgandim yonimda.
U ko`plar baxti uchun
Kirar ekan zo`r jangga
Onam boshimni silab,
O`xsha, degan otangga.
Mening mardlik maktabim
Jonfido otam edi.
Men otam farzandiman,
U esa odam edi.
Men otam bosib o`tgan
Qonli yo`lni o`tmasman.
Ammo shonli hayotni
Bir umr unutmasman.
Ona-Vatan ko`ksiga
Qalqon bo`lgan otamning,
Ko`plar baxti yo`lida
Qurbon bo`lgan otamning —
Aziz nomin qalbimda
Vijdonimdek saqladim.
Uning o`lmas ruhini
Shod etmoqlik maqsadim.
Umrimni fido etay
U jon bergan Vatanga.
El mendan rozi bo`lsin
O`xshabsan, deb otangga.
***
Quzg`unning qanotiday
Qaro edi o`sha tun.
Na milt etgan yulduz bor,
Na yilt etgan bir uchqun.
Kech kuz edi,
Tund kecha,
Yer-ko`k mungli, borliq g`ash,
Qor ezilib yog`ardi
Yomg`ir bilan aralash.
Sukunat.
Jang tin olar,
Faqat gohi gohida
Mushak uchib so`nadi
Dushman qarorgohida.
Yarim tun zulmatida
Tepalikni qoralab
To`rt soya emaklardi
Chakalakzor oralab.
Har zamon to`xta-to`xtab
Hordiq olishar edi,
Jim qolib sukunatga
Quloq solishar edi.
Mana, ular o`rmonning
Chekkasida o`tdilar
Va nihoyat daryoning
Sohiliga yetdilar.
To`xtadilar, bir nafas
Ko`z tikdilar yiroqqa.
Atrof jim,
Faqat daryo
Urilardi qirg`oqqa.
Sirli tun, butun borliq
Sehrlangan singari.
Shunday kecha to`rtovlon
Yo`l olmishlar qay sari?
Qay manzilga shoshishar
Shu sovuqda, shu namda?
Go`yo qor bor,
Yomg`ir bor,
Tun bor faqat olamda…
Avtomatlar bosh uzra
Ko`tarildi tug`simon.
Birin-ketin daryodan
Suzib ketdi to`rtovlon.
Jim, sharpasiz suzishar,
Yaqin qoldi qirg`oqqa,
Yot, notanish tovushlar
Eshitilar quloqqa.
Mana sohil — tik qirg`oq,
Atrof yalang,
Narida
Ikki dushman soqchisi
Ko`rinar tun bag`rida.
Bir-birovga tikildi
Bir so`z demay to`rt juft ko`z.
Shu qarashning o`zida
Aytilgandi barcha so`z.
Tek qotdilar. Komandir
Imo qildi nohoyat,
Tun bag`riga emaklab
Kirib ketdi to`rt soya.
Nogahon o`q otildi,
O`t chaqnadi ketma-ket.
Dushman sezdi,
Razvedka
Jangga kirdi betma-bet.
Granata portladi,
Tilga kirdi avtomat.
Bir yonda butun bir polk,
Bir yonda to`rtta soldat.
Ikki yondan o`q yog`ar,
Olov yog`ar beshafqat,
Bir tomonda tahlika,
Bir tomonda jasorat.
O`rtada tekis kenglik,
O`rtada quyuq zulmat.
Bir tomonda yovuzlik,
Bir tomonda adolat.
Qancha davom etdi jang
Bilar faqat qaro tun,
Bilar faqat tepalik,
Ammo bular lol va gung.
Tongga yaqin qor tindi,
Asta yorishdi osmon.
Tepalikka ilk nurin
Sochdi xurshidi jahon.
Bunda yerni quchgancha
Toshlarga qo`yib boshin,
To`rt o`g`lon tinch uxlardi
Ko`kragida qo`rg`oshin.
Tungi og`ir jangdan so`ng
Go`yo tin olar bari.
Ona bag`rida yotgan
Ma’sum go`dak singari.
Shu tong sabo yig`ladi
Boshin urib qirg`oqqa.
Oq, momiq bulutlarning
Bag`ri chok-chok so`kildi.
Shu tong oftob nurlari
Ko`z yosh bo`lib to`kildi.
O`rmonlar shovillagan
Olis yurtda hali ham
Nomsiz tepalik uzra
Uxlab yotibdi otam.
***
Tengdoshim,
Asrdosh birodar!
Kel, bir on jim o`yga cho`maylik.
Bu yerda
yotibdi
fidolar.
Kel, uni
gullarga
ko`maylik.
Bu yerda
baxt bo`lsin,
nur bo`lsin,
Bo`lmasin
qora tun
zulmati.
Bu yerda
yuraklar
hur bo`lsin.
Qaytmasin,
u kunlar
dahshati.
Tengdoshim,
asrdosh birodar!
Uyg`oq b`ol,
hushyor boq
olamga.
Bu yerni
quchmasin
alanga,
Qabrida
tinch yotsin fidolar.
Eshit,
ingrayapti
Ona-Yer
Qo`ltiqtayoqlaring
zahmidan,
Bu tuproq
yuragi
poradir
Atom zontlarining
vahmidan.
Eshit,
chorlayapti
Ona-Yer,
Ko`ksida
olovli
oh-faryod.
Asrdosh birodar,
qo`lni ber,
Kel, Yerga
qilaylik
qasamyod:
Bo`lurmiz
gal kelsa
har birimizga
Tinchlik janggohining
fidosi.
Bu senga
bu menga,
bu bizga
Yigirmanchi asr nidosi.
Yiroqlarda qoldi
Uqubatli yillar,
Yer ostida yotar topganlar zavol.
Qolganlar umrning
Sarhisobin qilar,
Soch oqiga boqib surarlar xayol.
Yillar o`tdi-ketdi
Dovulini qoqib.
Tuproqqa berildi ne-ne aziz jon.
Bizlar xayollarning
To`lqinida oqib,
U kunlar haqida to`qiymiz doston.
Ammo o`lganlarga
She’r, doston ne naf,
Ne foyda yig`lashdan qalb dardin aytib.
Ming yil shon o`qisak,
Ming yil aytsak sharaf,
Ketganlar dunyoga kelmaydi qaytib.
Nega egilmasin
Odam ketsa odam,
Ustunga zo`r kelar qulasa ustun.
Bu tashvishli dunyo,
Sermashaqqat olam
Bizning yelkamizda qoldi-ku, do`stim!
Uni bo`ronlardan,
Quyoshli yo`llardan
Nurli istiqbolga olib o`tamiz.
Biz uni olganmiz
Tabarruk qo`llardan,
Tabarruk qo`llarga eltib tutamiz.
Avlodlar uchun ham
Qutlug` bo`lar albat
Yer uzra to`kilgan ko`z yosh, qon va ter.Bepoyon kenglikda
Charx uradi abad
Ulkan yurak shaklidagi Yer…
1964
Sokingina yashar edi u,
Na shodligi ayon, na dardi,
Tongda to'gri ishga borar u,
Oqshom to'gri uyga qaytardi.
Ulfati yo'q, ko'cha kezmagan,
Maishat ne bilmagan odam.
Birov sezib, birov sezmagan,
Borligi-yu, yo'qligini ham.
Bir mo'minga doir bir qotil,
Esh bo'lganday yorug' dunyoda,
Manglayiga bitgandi hotin,
Azozildan ming bor ziyoda.
Cho'ntagiga erning to'r halta,
Qulog'iga solib olam gap,
Ro'yhat qog'oz bilan albatta,
Kuzatardi har kun ertalab.
Sodda, noshud, oriq, kichkina;
Har kun uyda o'tirib oqshom,
Gazetdan ko'z olmay tinchgina,
Eshitardi hotindan dashnom.
Tiriklikning tashvishi, g'ami,
Hammani ham qilgandek ado,
Uchdi bir kun umrining shami,
Bu olamdan ketdi benavo.
Hotin ko`zni ochib g'aflatdan.
Bildi: tayanch tog'i yo'qoldi.
Shaddod xotin shunda da'fatan,
Mushtiparga aylandi, qoldi.
Ko'rgilikning bari da'fatan,
Qazo boqmas nola-yu, zorga,
Mana u ham bir kun odatan,
Sham ko'tarib keldi u ayol.
Qudrat tilang uning sabriga,
Uni kutar bunda turfa hol:
Qotib qoldi: eri qabriga
Sham yoqardi o'zga bir ayol.
Qotib qoldi. To'plab nihoyat,
Bor makri-yu irodasini,
Yashiroldi ko'zdagi hayrat,
Va hayojan ifodasini.
Ayol sari yurdi beparvo.
Salom berdi, so'rab kechirim,
Dedi ko'ngil olgandek go'yo:
"Kim bo'ladi bu odam?"- "Erim"
"Erim"- bu so'z hotin qalbiga,
Olovli o'q bo'lib sanchildi,
Endi bildi, er uni nega,
Hush ko'rmasdi, ha endi bildi.
Nahot shunday beozor odam,
Nahot bo'lsa boshqa xotini,
Qani endi shundan keyin ham,
Oqlab ko'ring erkak zotini.
Qani endi go'rni ochsa-yu,
Bevafoni tutsa so'roqqa,
So'ng eriga qo'shib mana bu,
Megajinni ko'msa tuproqqa.
E, voh, ayol g'azabidan ham,
Makridan ham asra xudoyim,
Yondirsa-da ichini alam,
Savol so'rar yana muloyim.
"Bolalarchi?"- "Qolmadi yodgor.
Menga uning yodi kifoya,
G'ayriodat ishq bu betakror,
Eshitsangiz qilay hikoya.
Men u bilan tushlik chog'ida,
Oshhonada dastlab ko'rishdim,
Men stolning narigi yog'ida,
U bu yoqda o'tirgancha jim,
Ovqatlandik ertasiga ham,
Indininiga shu bo'ldi takror,
Yettinchi kun deganda ilk bor,
"Yaxshimisiz"-, dedi bu odam.
Tanishuv kun bo'ldi bu bizga,
Salomlashib yurdik necha kun.
Kechirasiz, ne bo'ldi sizga?
Titrayapsiz, singiljon, nechun?"
"Hechqisi yo'q, sovqotdim bir oz.
Davom eting "- "Xullasi kalom,
Bir-birovga o'rgandik oz-oz,
Bir-birovga bog'landik tamom.
Shunday ekan qismat xohishi,
Men ham edim dunyoda tanho,
U, kamina beozor kishi,
Dardlarimga bo'ldi oshino.
Men-ku yolg'iz edim: na otam,
Na onam bor, na oilam bor.
Yolg'iz ekan dunyoda u ham:
Farzandlar g'o'r, xotin dilozor.
Sodda noshud, ko'rimsiz: ammo,
Qalbi uning bir olam edi,
Teran fikrat, hislar musaffo,
Fidoiylik jamuljam edi,
E, voh, qadrin bilmadi dunyo,
Loyda yotgan dur edi bu zot,
Mening zulmat hayotim aro,
"Yarq" etgan bir nur edi, bu zot.
Dardlashardik bechora bilan,
Ikkimizda nadomat afsus,
G'am-anduhlar izhori bilan,
O'tar edi tushlik tanaffus.
U so'zlardi, men tinglar edim,
Men so'zlardim, kuyardi u ham.
Gohi uzoq o'tirardik jim...
Ko'zimizga cho'kib tubsiz g'am.
Mening ko'zim derdi: "Ey, aziz,
Qayda eding o'ttiz yil avval?"
Uning ko'zi derdi: "Foydasiz.
Bu dunyoda baxt yo'q mukammal"
Mening ko'zim derdi: "Men muhtoj.
Qidirgandim seni bir umr"
Uning ko'zi derdi: "Na iloj.
Kech bo'lsa ham ko'rishdik. Shukr"
So'rsalarki :"Qay vaqt saodat,
Bo'lgan sening umringga oshno?"
Derdim:"Besh yil, har kun bir soat,
Faqat tushlik tanaffus aro".
O'zga makon, o'zga zamonda.
Paydo bo'lgan olis yulduzlar,
El ko'zidan pinhon osmonda.
Ko'rishgandik faqat kunduzlar.
Bu ham turmush... Mana nihoyat,
Judo bo'ldik, bor gap shu singil
Tamom bo'ldi dardli hikoyat..."
Oqshom cho'kar, tushar qorong'u,
Hazonlarni supurar shamol,
Yarimta oy surgancha hayol,
Sokingina taratar yog'du.
Qabristonda qolmagan odam,
Huvillagan sukunat aro,
Bir qabr uzra yonar ikki sham...
Ikki ayol yig'lar besado...
Bir oy bo’ldi,
Takror-takror
Men bir xil tush ko’raman,
Tushlarimda mudrab yurgan
El ichida yuraman.
Ular bilan
Men ham mudrab,
Asta qadam sudrayman.
«Bu – tush», - deyman,
«Uyg’on!», - deyman,
Uyg'onolmay mudrayman.
Har tun shu hol,
Falak bergan
Bu ne balo, qiynoqdir?!
Ey, Xudoyim,
Ey, Xudoyim,
Kecha buncha uzoqdir!
Qalb shunday ummonki, uning bag'rida,
Dahshatli dolg'alar silsilasi bor.
Qalb shunday zaminki, otash qa'rida,
Vulqonlar otguvchi zilzilasi bor.
U bir sayyoradir. yerdek shafaqgun,
U bir olamdirki, bilmas nihoya.
Uni mehvaridan chiqarmoq uchun,
Atom jangi emas, bir so'z kifoya.
Alqissa juda qadim,
Jaholatli zamonda,
Bir donishmand, ulug' hakim,
O'tgan ekan jahonda.
U kun bo'yi giyoh terib,
Kezib bog'u biyobon,
Odamlarga shifo berib,
Yashar ekan shodumon.
Unga ming bir mushkul dardning,
Ayon bo'lib shifosi,
Odamlarning bora-bora
Ortaverdi ixlosi.
Tabobatga qalban, ruhan,
Fido qilib o'zini,
Oxir bir kun nashtar bilan
Ochdi ko'rning ko'zini.
Rivoj topmish sohib xislat,
Donishmandga madadkor,
Lekin qayda bo'lsa shuhrat,
Yonboshida hasad bor.
Davoxonlar, parixonlar,
O'quvchilar chilyosin,
Xullas yurtda bor nodonlar,
Boshladilar ig'vosin.
"Bandasiga bermoq doru,
Yaratganga isyondir
Demak tabib ishi makr-u,
O'zi esa shaytondir".
Bu so'zlarni chin deb bildi
Nodon, johil olomon,
Donishmandni sazo qildi,
Kaltakladi beomon.
Cho'g‘ temirda ko'ksin dog'lab,
Dorga osmoq bo'ldilar,
So'ng bo'yniga xarsang bog'lab,
Suvga bosmoq bo'ldilar.
So'ng suvni ham, xarsangni ham
Xayf bilib "shayton" ga,
"Yoqing" - dedi eng bosh hakam,
-"Olib chiqib maydonga"
Keng maydonga ustun ko'mib,
Bog'ladilar hakimni.
So'ng temirni o'tga qo'yib,
Dog'ladilar hakimni.
Buyurdilar: "Yoqing shitob,
Azroilning oshnasin"
Dedi : "kimga kerak savob,
Cho'p keltirib tashlasin"
"Savob" uchun kimdir o'tin,
Kimdir tashlar dona xas.
Hakim boshin mag'rur tutib,
Johil elga qaramas.
Shu payt tabib sari bir chol,
Asta kela boshladi,
Quchog'ida bir bog' poxol,
G'aram uzra tashladi.
Dedi: "Asl tug'ilganda,
Basir edim men o'zi,
Sen duoning kuchi birla
Ochib qo'yding ko'r ko'zim.
Tangri bilib yaratgan ko'r,
Davo qilding ne uchun?
So'roqda men manglayi sho'r,
Nima deyman Mahshar kun.
Haq yo'lidan ozgan odam,
Davo qilib ne berding,
Meni bir yo'la u dunyo ham,
Bu dunyomdan ayirding.
Ko'rligimda bu dunyoni
Tasavvurda ko'rardim.
Dunyodagi bor odamni
Mushfiq bilib yurardim.
Shafqat ila kim nonu, kim
Chaqa tashlab ketardi,
Men ham shunga to'ygan edim,
Shu ham menga yetardi.
Qornim to'ysa saodatim,
Yo'q tuman xil tilaklar,
Ham ulfatim, hamsuhbatim,
Jajji shirin go'daklar.
O'ylar edim dunyoda bor
Musaffolik, soddalik,
Ko'zim ochib ilk bor ko'rdim,
Berahmlik, soxtalik.
O'g'irligu, fahshni ko`rib,
Jim yurarkan odamlar.
O'z do'stiga kulib turib,
Tig' urarkan odamlar.
Bir yonga boq: Ayshu-ishrat.
Bir yonga boq: Ohu-voh,
Bu kun mening ko'nglimda g'ash,
Imonimda ishtiboh.
Derdim, yurtni bir bor ko'rsam,
Ko'rdim: ko'nglim to'q endi,
Yo'lda yotgan ko'rchalik ham,
E'tiborim yo'q endi.
Ado bo'ldim, to'yib ketdim,
Ado bo'lsam mayliga,
Yo qaytadan o`sha g'arib,
Gado bo'lsam mayliga.
Ko'r bo'lsam ham mayliga...
Bu so'zlarni eshitdi-yu,
Faryod urdi donishmand,
"Yoqing"- deya so'radi u,
"Olov bo'lsin sarbaland.
To'yib ketdim bu dunyodan,
Hech toqatim qolmadi,
Mendan shifo oldi olam,
Odam shifo olmadi.
Jaholatning zahri tekkan
Nodon, johil, gumrohlar,
Davosiga ojiz ekan,
Men kashf etgan giyohlar.
Ko'r ko'zlarga nur bahsh etdi,
Men kashf etgan giyohlar,
Qalb ko`zini ochmoqqa lek
Kamlik qildi hunarim.
Odamlarga men yaxshilik,
Qilmoq bo'ldim, netayin?
Manglayda shu ekan bitik,
Yoqing kuyib ketayin."
O't yoqdilar yondi gulxan,
Qaro bo'ldi samovot,
Jaholatning hukmi bilan
Ado bo'ldi buyuk zot.
Gulhan yondi ko'kka o'ralib,
Cho'gi har yon sochildi,
Shu olovdan elning, ajab,
Aql ko'zi ochildi.
Yigladilar aza tutib,
O'kindilar, kuydilar,
Yillar o'tib donishmandga
Oltin haykal qo'ydilar.
E, voh, hakim ko'zi bilan
Ko'rsaydi bu hurmatni,
Lekin olim o'zi bilan
Olib ketdi hikmatni...
Qo'y, ey, ko'nglim, sen bu qadar
Dahshatni kam o'ylagin,
Senga nasib bo'lgan davron,
Sozin chalib kuylagin.
Shukronalik, mayni ichib,
Yayrab qolgin har nafas,
Bu dunyodan bir kun kechib,
Ketguvchi bir biz emas.
Qo'y, ey, ko'nglim, Haq muhabbat,
She'r zavqiga qo'naylik.
O'tda yonish bo'lsa mayli,
She'r o'tida yonaylik.
Faqat bizga g'am u qadar,
Qayg'u hasrat yot bo'lsin,
To biz uchun jon berganlar,
Ruhi doim shod bo'lsin!
Kimda iqtidor yo‘qdir...
Kimda iqtidor yo‘qdir,
Ilm ila hunar zoe,
Iqtidor berurman deb,
Chekma ranj, ketar zoe.
Kimda asli tole yo‘q,
Naqdi ham ketar qo‘ldan,
Berganing bilan bo‘lmas
Oltinu guhar, zoe.
Kimki behamiyatdir,
Chetdadir nazardan ham,
Chunki behamiyatga
Solganing nazar zoe.
Kimki muz yurak bo‘lsa
O‘ylama eritmakni,
Ming quyosh yoqib qo‘ysang
Qilmagay, asar zoe.
Gar quyon yurakli er
Jazm etar bahodirlik,
Unga arg‘umoq esiz,
Tilla naqsh kamar zoe.
Bu «nasihat»ni Erkin
Yozdi bir sabab bilan,
Ko‘nglida sezar ammo,
She’ri besamar, zoe.