Ozod Mo‘min Xo‘ja (Mo‘minov Ozod Po‘latovich) 1952 yil 12 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent Davlat Universiteti Fizika fakultetini tamomlagan.
1975 yili VNIIPromgazning O‘rta Osiyo filialida injenerlik faoliyatini boshlagan. 1980 yildan to 1990 yilgacha O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-Texnika ilmiy-tekshirish institutiga o‘tib, ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan. Tadqiqotlari asosida fizika-matematika fanlari nomzodi dissertatsiyasini yoqlagan. Katta iqtisodiy foyda keltiruvchi ixtirolari uchun “Sovet Ittifoqi ixtirochisi” medaliga sazovor bo‘lgan.
Shu yillar davomida adabiyotga qiziqib fantastik hikoyalar bita boshlagan. 1987 yilda “Xiyobondagi uch uchrashuv” fantastik hikoyalar to‘plami, 1989 yilda “Men – robot” kitobi, 1990 yilda “Eng dono ot” kitobi (tarjima asar) bosmadan chiqqan. Shu yillarda uning ayrim asarlari Rossiya va Ukraina matbuotida tarjima qilinib nashr etilgan.
1992 yilda “Buyuk Amir Temurning yoquti” tarixiy asari “Sharq yulduzi” jurnalida va 1993 yili alohida to‘plamda chop etilgan.
“Bir yigit va uch qiz hangomasi” hajviy hikoyalari to‘plami (1997), “Sardor “Beshagachskiy” – toza o‘g‘ri” kriminal qissasi (2004), “Vahdat ul-haqoyiq” falsafiy traktati (2006), “Oyjamol” choyxonasi” kriminal trilleri (2007) chop etilgan.
2006 yildan O‘zbekiston tarixidagi noyob xislatli insonlar hayotiga qiziqib, ularni o‘rgana boshlagan va 2008 yilda buyuk Bahouddin Naqshbandning ustozi haqida “Hazrat Sayid Amir Kulol” nomli tarixiy voqeanomalar asarini yozib tugatgan. 2010 yilda boshqa bir buxorolik noyob inson haqida “Xo‘ja Muhammad Parron” deb nomlangan tarixiy voqeanomalar asarini bitgan. Bu asarlar ko‘p chig‘iriqlardan o‘tgach, 2012 yil oxirlarida chop etilgan.
Ozod Mo‘min Xo‘ja 1991 yilda O‘zbekiston Yozuvchilari Uyushmasiga qabul etilgan.