XX asr jahon hikoyachiligining betakror namoyandalaridan biri italyan adibi Dino Butssatidir. U 1906 yilda Italiyaning Belluno viloyatida tug‘ilib, 1972 yilda Milanda vafot etgan.
Ko‘p yillar Milandagi “Korrera della Sera” gazetasida ishlagan. Yozuvchining “Tog‘li Barnabbo” (1933), “Eski o‘rmon siri” (1935), “Tatar cho‘li” (1940), “Muhabbat” (1963) romanlari, “Yiriklashtirilgan qiyofa” (1960), “Ayiqlarning Sitsiliyaga g‘aroyib bosqini” (1945) va boshqa qissalari, ko‘pgina hikoya va dramalari mashhur. Chunonchi, “Tatar cho‘li” romani bilan “Qiziq voqea” dramasini frantsuz tiliga Alber Kamyu tarjima qilgan.
“Tatar cho‘li” romani Borxesning shaxsiy kutubxonasidagi eng ardoqli asarlardan biri hisoblangan. Yozuvchining 1958 yilda chop etilgan “Oltmish hikoya” to‘plami Italiyaning eng obro‘li “Strega” adabiy mukofoti bilan taqdirlangan.“La Skala”dagi shov-shuv” hikoyasini esa, Andre Morua ikkinchi jahon urushidan keyingi butun Yevropa adabiyotida dunyoga kelgan eng haqqoniy asar sifatida baholagan.
Jahon adabiyotini puxta biladigan yozuvchilarimizdan biri, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bir hikoyasini Dino Butstsatining “Yetti qavat” hikoyasiga tatabbu tarzida yozgani adabiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum...
Dino Butstsatining sevimli yozuvchilaridan biri Edgar Po bo‘lgani, albatta, bejiz emasdir. Yozuvchi Mopassan, Tagor, Chexov, O. Genri, Stefan Sveyg, Edgar Po, Sabohiddin Ali, Aziz Nesin, Muhammad Ali Jamolzoda kabi jahonning mashhur hikoyanavislari qatorida haqli ravishda tura oladi.
Adib qalamiga mansub jami ikki yuzga yaqin hikoyaning aksariyati ko‘pgina tillarga tarjima qilingan. Bu hikoyalarning eng muhim fazilatlari yorqin chizib ko‘rsatilgan lavha – mumtoz tasviriy aniqligi, qisqaligi, sharqona mubolag‘a, majoz va asotirlarga boyligida deyish mumkin.