Asad Asil 1941 yilning 14 iyulida Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi Xondayliq qishlog‘ida tavallud topgan. 1966 yil Toshkent Davlat pedagogika institutining pedagogika fakultetini, 1972 yil Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.
Bo‘stonliq, Qibray tumani gazetalari tahririyatlarida, keyinchalik “Sharq yulduzi” va “Guliston” jurnallari tahririyatlarida faoliyat olib borgan. O‘zbekiston yozuvchilari va jurnalistlari uyushmalari a’zosi.
“Lochin” (1982), “Mehr” (1984), “Quvonch” (1987) hikoyalar to‘plamlari, “Tog‘liklar” qissa va hikoyalar to‘plami (1992), “Chirog‘im, men – Sidqiyman, Xandaqliqiyman!..” tarixiy, badiiy, publitsistik romani (2008), “Alqor, nega ko‘zing to‘la yosh” voqeiy hikoyalar, esse va publitsistikalar (2011) to‘plamlari muallifi.
Yozuvchi o‘z ijodining o‘ttiz yildan ziyod vaqtini tarixda o‘chmas iz qoldirgan fidoyi ma’rifatparvar adib bo‘lmish Sidqiy Xandaqliqiyning hayoti va ijodini o‘rganishga bag‘ishlagan. Sidqiy Xandaqliqiyning tanlangan asarlari to‘plovchilaridan biri.