Shodmon Otabek 1946 yili Andijon viloyatining Shirmonbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan.
Hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy Universitetni 1969 yili bitirgan. Respublika radiosida, O‘zbekiston Milliy kinokompaniyasida, Toshkent Davlat madaniyat institutida, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida xizmat qilgan. 1992 yildan 2003 yilgacha «Xabar» gazetasida bosh muharrir bo‘lgan.
Turli yillarda yozuvchining «Mirzakalon Ismoiliy» (1978), «Yaproqdagi nur» (1979), «Odamiylik sinovlari» (1986), «Eng baxtli kun», «Qorbo‘ron», (1988, 2009), «Shaxmat abadiydir» (1990), «Shirmonbuloq oqshomlari» (1995) kabi kitoblari, shuningdek, «Yaxshi kunlarda ko‘rishaylik», «Birkam dunyo» qissalari chop etilgan. Adib atoqli yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy haqidagi ilmiy izlanishlarini davom ettirib, 2010 yili «Mirzakalon Ismoiliy saboqlari» degan kitobini nashr ettirdi.
Shodmon Otabekning shoir va yozuvchilar hayotidan olib yozilgan, ustozlar – Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov so‘zboshi yozgan, to‘rt marta nashr qilingan «Do‘rmon hangomalari» kitobi mashhurdir. Bu kitob adabiy muhitning hazil-mutoyibalarga y?g‘rilgan bir tarixi sifatida ham qimmatlidir.
Shodmon Otabek badiiy tarjima bilan ham jiddiy shug‘ullanadi. U L.Tolstoy, M.Zoshchenko, V.Shukshin, B.Sarnov, Ye.Gik, A.Nesin asarlarini mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan. L.Tolstoyning bolalarga atab yozgan hikoyalari va Aziz Nesinning hajviy hikoyalarini alohida kitob holida nashr ettirgan.
Shodmon Otabekning asarlari rus, ukrain, qozoq, turk tillariga tarjima qilingan.
«Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.