Shukur Xolmirzaev 1940 yil 24 martda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1991). Toshkent universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1963). Dastlabki hikoya va ocherklari 1958 yildan nashr etila boshlagan. «Oq otli» (1962), «To‘lqinlar» (1963), «O‘n sakkizga kirmagan kim bor?» (1965) qissalari, shuningdek, yozuvchining shu davrda yozgan hikoyalari «Olis yulduzlar ostida» (1971), «Hayot abadiy» (1974), «Og‘ir tosh ko‘chsa...» (1980), «Yo‘llar, yo‘ldoshlar» (1984), «Bodom qishda gulladi» (1986), «Tog‘larga qor tushdi» (1987) singari to‘plamlaridan o‘rin olgan. «So‘nggi bekat» (1976), «Qil ko‘prik» (1984), «Yo‘lovchi» (1987), «Olabo‘ji» (1992), «Dinozavr» (1-kitob, 1996) kabi romanlar muallifi. «Qora kamar» (1987), «Ziyofat» (1990 yili sahnalashtirilgan) dramalari ham bor.
Yozuvchi 2005 yil 29 sentyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.
Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti (1989) hamda «Mehnat shuhrati» (1999) ordeni bilan taqdirlangan.