Said Ahmad (Hasanxo‘jaev Saidahmad) 1920 yil 10 iyunda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1980). O‘zbekiston Qahramoni (1999). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1968). Toshkent rassomchilik bilim yurtida, Toshkent pedagogika institutida o‘qigan (1940—43). Birinchi hikoyalar to‘plami — «Tortiq» (1940). Ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat. «Er yurak» (1942), «Farg‘ona hikoyalari» (1948), «Cho‘l burguti» (1960), «Cho‘l oqshomlari», «Odam va bo‘ron, «Yo‘qotganlarim va topganlarim» (1998), «Qorako‘z majnun» (2001), «Kiprikda qolgan tong» (2003) kabi asarlar muallifi. «Ufq» trilogiyasi (1964—74), «Jimjitlik» romani (1988), «Xandon pista» (1994), «Bir o‘pichning bahosi» (1995) hajviy to‘plamlari, 3 jildli «Tanlangan asarlar»i (2000) nashr etilgan. Uning yumoristik mahorati «Kelinlar qo‘zg‘oloni» (1976), «Kuyov» (1986) komediyalarida yorqin namoyon bo‘lgan. Feleton janrida ham samarali ijod kilgan. 1947 yil «xalq dushmani» sifatida hibsga olingan. Stalin vafotidan so‘ng oqlangan. «Kelinlar ko‘zg‘oloni» dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sahnalashtirilgan.
2007 yil 5 dekabrda Toshkent shahrida vafot etgan.
«Do‘stlik» (1996), «Buyuk xizmatlari uchun» (1997) ordenlari bilan mukofotlangan.